Jahon | 12:10 / 22.04.2018
20646
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar Shahzoda Harrining to‘yiga qancha mablag‘ sarflanishini hisoblab chiqdilar

Foto: GLOBAL LOOK PRESS

Britaniya shahzodasi Harri va amerikalik aktrisa Megan Marklning nikoh to‘yiga sanoqli kunlar qolmoqda. Butun dunyoda kutilayotgan to‘y 19 mayga belgilangan. 

To‘yga bir oydan kamroq vaqt qolmoqda. Bungacha hamma narsa tayyor bo‘lishi kerak. To‘y bilan bog‘liq barcha ma'lumot qattiq sir tutilmoqda. Biroq Britaniya nashrlari to‘yga ketadigan taxminiy xarajatlarni baholash uchun mutaxassislarni taklif qilishdi. 

Mutaxassislarning taxminicha, to‘yga umumiy miqdorda 45 mln dollar sarflanadi. Undan 42 mln dollari mehmonlarni qo‘riqlash uchun ketadi. Bu maqsadda snayperlar va maxfiy agentlar yollangan. To‘y o‘tadigan joy – avliyo Georgiy ibodatxonasini to‘yga tayyorlashga yarim million dollar, taomlar va ichimliklarga 650 ming dollar ketadi. Mutaxassislarning fikricha, kuyovning kostyumi 12 ming dollar, kelinning ko‘ylagi esa ancha qimmatroq – yarim million dollarga tushadi. 

Megan va Harri bezaklarga kattagina pul sarflashlari aytilmoqda. 

“Fikrimcha, hammasi “hech kimnikiga o‘xshamas” tamoyili bo‘yicha bo‘ladi. Charlz va Diananing to‘yida ko‘p miqdorda oq atirgullar bo‘lgan. Keyt vaUilyamning to‘yini bezashda turli daraxtlar qo‘llangan. Bu to‘yda esa aralash, biroq klassik ko‘rinishdagi kompozitsiyalar bo‘ladi”, deb aytmoqda mutaxassislardan biri.

Harri o‘z qaylig‘i uchun taxtdan voz kechishga ham tayyor bo‘lgan. Chunki Megan undan yoshi kattaroq, avvalgi turmushidan ajrashgan, yarmiga afroamerikalik – bularning barchasi ingliz an'analariga zid. Megan va shahzodani xayriya ishlari birlashtiradi. To‘yga taklif qilinganlar orasida birorta siyosatchi yo‘q. Biroq Manchesterdagi terakt vaqtida jabrlangan 12 yoshli Ameliya bor.

Butun dunyo ushbu to‘yni intiqlik bilan kutmoqda – u shahzoda Uilyam va Keytning to‘yidan ham yorqinroq bo‘la oladimi? Chunki dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra ham Harri va Meganning to‘yi ularnikidan 20 mln dollar qimmatroqqa tushadi. Uilyam va Keytning to‘yini 2,5 mlrd odam kuzatgan bo‘lsa, bo‘lajak to‘yni undan ham ko‘proq odam kuzatishi taxmin qilinmoqda.

Bularning barchasini esa 19 may kuni bilib olasiz.

 

Mavzuga oid