Light | 21:50 / 20.05.2018
22132
3 daqiqa o‘qiladi

Yurak salomatligini mustahkamlash uchun baliq iste'moli tavsiya qilindi

Foto: liveinternet.ru

Haftasiga hech bo‘lmaganda ikki porsiya baliq iste'mol qilish yurak xuruji hamda boshqa yurak-qon tomir kasalliklari natijasidagi erta o‘lim xavfini sezilarli darajada pasaytirar ekan. "Ortodoks" tibbiy portali shu haqida ma'lum qildi.

"Yaxshi bilamizki, baliqdagi omega-3 yog‘ kislotalari yurak salomatligi uchun muhim. O‘tkazilgan yangi tadqiqotlar buni tasdiqlamoqda va zararli taomlar, jumladan tarkibida yog‘ ko‘p bo‘lgan mahsulotlar baliqqa almashtirilgan taqdirda uning ijobiy ta'siri yanada oshishini ko‘rsatmoqda", - deydi Harvard universiteti olimi Erik Rimm.

Bugun aksariyat olimlar parhez va muayyan oziq-ovqat mahsulotlari nafaqat inson vazniga, balki uning miyasi, qon tomirlari, yuragi va boshqa asosiy organlari faoliyatiga ham katta ta'sir ko‘rsatadi, deb hisoblashmoqda. Masalan, olimlar yaqinda zaytun moyi va O‘rta yer dengizi mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarni katta miqdorda iste'mol qilish yurak xuruji va insult natijasidagi o‘lim holatlari ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada pasaytirishini aniqlashdi.

Dengiz mahsulotlari, baliq moyi hamda undagi yog‘ kislotalari yurak va qon tomirlari salomatligi uchun juda foydali hisoblanadi, ular qon bosimini pasaytiradi, xolesterin miqdorini kamaytiradi va qon tomirlari devorlarini yumshatadi. Boshqa tomondan, dengiz faunasi vakillarining go‘shtida katta miqdordagi simob va boshqa zararli moddalar bo‘lishi mumkin, ular esa inson sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. 

Rimm va uning hamkasblari dengiz mahsulotlari iste'moli bilan bog‘liq barcha ijobiy va salbiy jihatlarni tahlil qilishdi hamda so‘nggi yigirma yilda odamlar  va jonivorlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida ilmiy guruhlar tomonidan to‘plangan ma'lumotlarni o‘rganishdi. 

Ma'lum bo‘lishicha, haftasiga atigi ikki porsiya baliq iste'mol qilish yurak xuruji, insult va qon tomirlari bilan bog‘liq boshqa kasalliklarning rivojlanish xavfini 40-50 foizga pasaytirish uchun yetarli ekan. Toza baliq yog‘ini iste'mol qilib ham shunga o‘xshash ta'sirga erishish mumkinligi qayd qilindi.

Shu o‘rinda shifokorlar akulalarning yirik turlari, tunets va boshqa katta baliqlar go‘shtini iste'qol qilishdan saqlanishni tavsiya qilishmoqda, bu ularning organizmida simob tez to‘planishi bilan bog‘liq ekani ta'kidlandi.

Mavzuga oid