Jamiyat | 01:01 / 22.05.2018
164489
4 daqiqa o‘qiladi

Islomning besh ustuni haqida nimalar bilamiz?

KUN.UZ tomonidan loyihalashtirilgan “Bir hadis sharhi” deb nomlangan dasturning bugungi sonida Islom dinining besh ustuni haqida so‘z boradi. Bu haqda poytaxtning “Islomobod” jome masjidi imom xatibi Abdulhamid Jumanov so‘zlab berdi.

YouTube'da tomosha qilish

Tas-IX'da tomosha qilish

- Payg‘ambarimiz (s.a.v) marhamat qilib aytdilarki: “Islom beshta ustun ustiga qurildi. Birinchisi “La ilaha ilalloh, Muhammadun rasulalloh”, deb shahodat berishlik. Ikkinchisi namoz o‘qish. Undan keyingisi zakot berishlik va undan keyingisi haj qilishlik va oxirgisi ro‘za tutishlikdir”. 

Besh ustundan biri shahodat. Bilamizki, Islom dini oldingi dinlarni to‘ldiruvchisi, ularning davomchisidir. Payg‘ambarimizga yangi din yuborilgani yo‘q. U Zot o‘zlaridan oldin kelgan payg‘ambarlarning dinini davom ettirdilar. Hamma payg‘ambarlarning so‘zi bitta edi – Allohdan boshqa iloh yo‘q. Insonni musulmon qiladigan, uni boshqa din vakillaridan ajratadigan, iymonining belgisi shahodatdir. Musulmon kishining asosiy belgisi bu – Allohga iymon keltirish va Allohni bizga tanitgan zot Muhammad (s.a.v)ni payg‘ambar, rasul ekanliklarini e'tirof etish.

Ikkinchi ustun – namoz. Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytadilarki: “G‘ayridin va musulmonning o‘rtasidagi farq namozdir”. Namoz shunday bir ibodat-ki, uni tark etishga biron-bir insonga yo‘l yo‘q. Ba'zi bir insonlar o‘z holatlaridan norozi bo‘lishar, lekin ayni haqiqat shu-ki, musulmonman deb da'vo qilib turib, masjidning eshigini topolmaydigan, umrida biror marta peshonasi sajda ko‘rmagan, namoz o‘qishlikni bilmaydigan inson, Alloh saqlasin, nasroniylarning fe'lini qilib turgan odamga o‘xshaydi. Chunki nasroniylar biz nasroniymiz deydi, lekin ibodatlarini qilishmaydi.

“Islomobod” jome masjidi imom xatibi Abdulhamid Jumanov

Navbatdagi uchinchi ustun – zakot berish. Zakot moliyaviy ibodat bo‘lib, ya'ni insonning moli ma'lum bir darajaga yetganidan so‘ng o‘shandan ma'lum bir qismini ehson qiladi. Ammo bu hammaga ham emas. Bu imkoniyati bor, moli o‘sha darajaga yetgan mo‘min-musulmonlar uchun. Masalan, qo‘yi 40taga yetgan inson, ulardan birini zakot qiladi. Shu hisobga yetmaguncha zakot bermaydi. 

Undan keyingi farz – haj qilishlikdir. Bu farz ham moddiyatga taalluqli bo‘lgan ibodatdir. Moddiy tomondan hajga borib kelishga qurbi yetadigan, salomatligi ko‘taradigan kishiga umrida bir marta haj qilishlik farz hisoblanadi.

So‘nggi beshinchi farz – Ramazon oyida ro‘za tutmoqlikdir. Bu ibodatni namoz ibodati bilan solishtiradigan bo‘lsak, ro‘zaning farqi badaniy, jismiy ibodat hisoblanadi. Shuning uchun bunda sog‘lik shart. Agar bir insonda ro‘zadan to‘sadigan kasallik bo‘ladigan bo‘lsa, undan to tuzalgunga qadar ro‘za tutish soqit bo‘ladi. Agar surunkali bo‘lsa, u inson ro‘zasining evaziga fidyasini beradi, dedi A.Jumanov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid