O‘zbekiston | 13:31 / 29.05.2018
17243
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahridagi qaysi chorrahalarga videokuzatuv kameralari o‘rnatildi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmatidan xabar berishlaricha, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish, harakat ishtirokchilarining harakatlanish madaniyatini oshirish maqsadida, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tizimida bir qator ishlar amalga oshirilib, yangiliklar joriy etilmoqda. 

Jumladan, Andijon viloyatining transport vositalari serqatnov bo‘lgan chorrahalariga 94ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi hamda ular shu yilning 1 iyun kunidan boshlab qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etishni boshlaydi. Ushbu kameralar svetoforning taqiqlovchi chirog‘ida harakatlangan, uzluksiz chiziqni bosgan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan hamda to‘xtab turish ta'qiqlanadi yo‘l belgisi talablariga bo‘ysunmagan haydovchilar boshqaruvidagi avtomototransport vositalarini qayd etib borishi rejalashtirilgan.

Videokuzatuv kameralari Andijon shahri hududidagi 7 ta ya'ni, A.Temur-A.Navoiy, A.Temur-Z.M.Bobur, Mashrab-Lermontov, O‘zbekiston-Furqat, O‘zbekiston-Z.M.Bobur, Cho‘lpon shoh-Mustaqillik va Z.M.Bobur-Yu.Otabekov ko‘chalari kesishgan chorrahalariga o‘rnatildi. 1 iyun kunigacha kameralar sinov tarzida ishlatilmoqda. 

Eslatib o‘tish joizki, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnik vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlik kiritilgan. 

Mavzuga oid