O‘zbekiston | 20:24 / 31.05.2018
46281
4 daqiqa o‘qiladi

"Islom dini san'atkor targ‘ibotiga muhtoj emas" - O‘zbekkonsert

Bugun, 31 may kuni Toshkent shahrida "Milliy estrada san'atining yoshlar ma'naviy, axloqiy tarbiyasidagi o‘rni va san'atkor odobi" mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda "O‘zbekkonsert" ma'muriyati va o‘zbek san'atining ko‘zga ko‘ringan xonandalari qatnashishdi.

KUN.UZ muxbirining ma'lum qilishicha, "O‘zbekkonsert" rahbari Odiljon Abduqahhorov muqaddas Ramazon oyida san'atkorlar orasida "urf" bo‘layotgan soqol qo‘yish, ijtimoiy tarmoqlarga masjidlardagi suratlarini joylash, ayol-xonandalarning kiyinishi kabi masalalarga e'tibor qaratdi.

"Darhaqiqat, islom dinida soqol sunnat qilingan. Biroq hozir ayrim san'atkorlar soqoldan o‘ziga imidj yaratish yo‘lida foydalanishmoqda. Xalq haqiqiy san'atga baho beradi. Islom dini san'atkor targ‘ibotiga muhtoj emas", - dedi "O‘zbekkonsert" rahbari.

Shu o‘rinda taroveh namozlariga borgani aks etgan suratlarini o‘z sahifalariga joylayotgan hamda masjidlarda imomlar bilan tushgan suratlari tarqalayotganlar, saharlik va iftorlik taomlari suratlari bilan bo‘lishayotganlar tanqid qilindi.

"Ha, san'atkorlarga ko‘plab imkoniyatlar yaratilmoqda. Biroq bu imkoniyatlarni suiiste'mol qilmaslik kerak", - dedi Odiljon Abduqahhorov.

Bundan tashqari, ayol-xonandalarning kiyinish madaniyati tanqid qilindi. "San'atingizni ko‘rsating, nima qilasiz e'tiborni boshqa narsalarga tortib?!", - dedi Abduqahhorov.

Tadbirda shuningdek ustoz san'atkor Azim Mullaxonov ham so‘zga chiqib, san'atkorlarning yomonotliq bo‘lishi sabablari, qo‘shiqlarda o‘zbekcha ohangni saqlab qolish kerakligi va ustoz-shogird an'analariga diqqatni qaratdi.

"Mendan ko‘pincha nima uchun san'atkorlarni hamma yomon ko‘radi?" deb so‘rashadi, chunki ular so‘nggi vaqtlarda "yulg‘ich" degan nom olishmoqda, 500 dollar bermasa, mashinadan tushmaydiganlari ham bor. 2-3 san'atkorni deb hammaga "yulg‘ich" degan yorliq yopishadi. Insof sari baraka...", - dedi u. 

Xonanda va sozanda Farhod Saidov ham so‘zga chiqib, bugun qo‘lida muqaddas kitobni ushlab boshida ro‘mol bilan suratga tushib, ertaga sahnaga chiqib o‘zini nojoiz tutayotgan xonandalarning qilayotgan ishlari nomuvofiq ekanini ta'kidladi va shu o‘rinda Jaloliddin Rumiyning "Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l" hikmatli so‘zlarini yodga soldi.

Tadbir davomida san'atkorlardan sharqona g‘urur, hurmat-ehtirom, madaniyat chegarasidan chiqmaslik, kuylayotgan qo‘shiqlari mazmuniga e'tiborli bo‘lish, ularni oldindan kengashga ko‘rsatish so‘raldi va ularning yoshlarga o‘rnak bo‘layotgani eslatildi.

Yig‘ilish so‘ngida "O‘zbekkonsert" rahbari Odiljon Abduqahhorov taklif qilingan 85 xonandadan  4 nafari kelmagani bois ularning litsenziyasi to‘xtatilishi haqida e'lon qildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon, san'atkorlar Feruza Jumaniyozova, Asilbek Negmatov va Tohir Usmonovlarning tadbirga kelmagani tashkilot ma'muriyati tomonidan hurmatsizlik deya baholandi.

Mavzuga oid