Jamiyat | 12:26 / 12.06.2018
21494
3 daqiqa o‘qiladi

Qarindoshchilik rishtasini uzgan kishining boshqa amallarini Alloh qabul qilmas ekan...

“Bir hadis sharhi” dasturining bugungi sonida “Qarindoshchilik aloqalarini mustahkamlash” mavzusida so‘z boradi. Bu mavzu haqida kelgan hadisni “Kamoliddin Orif – al Buxoriy” jome masjidi diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li batafsil sharhlab berdi.

- Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi Abu Hurayra (r.a) keldilar. Shunda jamoatga qarab aytdilarki: “Ey birodarlar, sizlarga bir narsadan xabar beraymi? Mana shu jamoat orasida bir otadan, bir onadan tug‘ilib, jigarchilikni uzgan kishi bo‘lsa, silai rahmni to‘xtatgan odam bo‘lsa, bugun bu majlisdan tursin, men bilan o‘tirishga noloyiq”, dedilar. Buni ikkinchi marotaba ham takror aytdilar. 

Uchinchi marta aytganlarida bir yigit o‘rinlaridan turib, majlisdan uzoq vaqtga uzoqlashdilar. Keyin u kishi haqda bilsalar, yigit ammasi bilan ixtilofda yurgan ekan. Yigit ammasining huzuriga borganida, qarindoshi unga qarab: “Ha, akamning o‘g‘li. Seni nima boshlab keldi? Ey jiyan, shuncha paytdan buyon meni unutgan eding. Bugun qadamingni bosib kelishingga, bu xonadonga kirib kelishingga nima sabab bo‘ldi?”, deb so‘rabdi. Yigit javob berdi: “Abu Hurayraning so‘zlari sabab bo‘ldi. Qarindosh-urug‘chilikni uzganlarning holi nima bo‘lishini aytaymi, deganlarini eshitib, huzuringizga keldim”. Yigit ammasi bilan yarashib, o‘rtadagi xusumatni yo‘qotdi.

“Kamoliddin Orif – al Buxoriy” jome masjidi
diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li

Shunda yigitning ammasi aytdi: “Sen Abu Hurayradan so‘ragin. Nega endi payshanbadan jumaga o‘tar kechasi bu gapni ta'kid qildi?”. Yigit borib so‘raganida Abu Hurayra (r.a) marhamat qilib, shunday javob qaytargan ekanlar: “Men Nabiy (s.a.v)dan shunday gap eshitganman: “Har hafta, payshanbadan jumaga o‘tar kechasi bandaning bir haftalik qilgan amallari Yaratgan dargohiga ko‘tariladi”. Agar qarindosh-urug‘chilik rishtalarini uzgan bo‘lsak, qolgan amallarimiz ham Alloh tomonidan qabul qilinmas ekan”.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid