Jamiyat | 19:10 / 08.07.2018
64985
4 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘onlik tahqirlangan ayolning oilasiga barcha yordam bermoqda

Shu yilning 3 iyun kuni Samarqand viloyat Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida jinoyat-qidiruv bo‘limi tergovchisi San'at Umarov tomonidan tahqirlangan N.T. Kattaqo‘rg‘on tumanidagi qishloqlardan birida voyaga yetmagan ikki farzandi bilan istiqomat qilmoqda.

Voqea ijtimoiy tarmoqda qizg‘in munozaralar va munosabatlarni keltirib chiqargach, «Feysbuk»ning o‘zbek segmenti foydalanuvchilari oilaga pul yig‘ib berishdi. Ularning puli hisobiga uyga yangi darvoza o‘rnatilgan. Ortgan pullarga oilaning farzandlariga kiyim-kechak va o‘quv qurollari xarid qilinadi.

Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari kattaqo‘rg‘onlik ayolning oilaviy sharoiti bilan yana bir bor tanishib chiqdi. Uning ruhiy holati o‘rganildi va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyasiga ko‘ra unga lozim paytda ko‘mak berish uchun psixolog Shahnoza Mamayusupova biriktirildi.

Mazkur oilada mehmon bo‘lgan Bosh vazir o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva N.T.ga shunday dedi: «Singlim N.T. Siz bir vaqtlar adashib jinoyatga qo‘l urganingiz bir umr jinoyatchi bo‘lib qoldingiz degani emas. Bundan aslo o‘ksinmasligingiz kerak. Mahalla, xotin qizlar qo‘mitasi sizga hayotingizni izga tushirib olishingizda albatta yordam qo‘lini cho‘zadi. Buning uchun barchamiz mas'ulmiz».

Ayni paytda Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasining taklifini inobatga olib, ayolga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida «Har bir oila – tadbirkor» dasturi asosida maktab o‘quv qurollari va kantselyariya mahsulotlari bilan savdo qilish uchun kichik savdo do‘koni tashkil qilib beradigan bo‘ldi.

Mazkur voqea ko‘rsatdiki, inson hayoti davomida o‘zi istagan va istamagan holatlarda huquqiy himoyaga muhtoj bo‘ladi. Advokat Azamat Ashurboyev N.T.ga lozim paytda maslahat berishga mas'ul etib biriktirildi va u tergov-surishtiruv jarayonida huquqiy yordam beradi. 

Patronaj hamshira Nilufar Hayitova, Olmazor mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis Inobat Ergasheva uning holidan muntazam ravishda murabbiy sifatida xabar olib turadi.

N.T.ning farzandlari hududda faoliyat ko‘rsatayotgan sportning karate to‘garagiga jalb etildi.

Tuman hokimligi, hududdagi tadbirkorlar va mahalla faollarining tashabbusi bilan ayolning uy-joyi ta'mirlanmoqda. Marhum oila boshlig‘i tomonidan tomorqani o‘rash uchun devorning poydevori quyilgan. Lekin devor ko‘tarishga ulgurmagan. Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Norbo‘ta Sanaqulov devor ko‘tarishda hokimlik albatta yordam berishini ta'kidladi.

Sh.Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid