Britaniya hukumatidagi qarama-qarshilik ikki vazir iste'fosiga sabab bo‘ldi
Bugun Buyuk Britaniya hukumatida ikki amaldor – Brexit jarayoni bo‘yicha vazir Devid Devis hamda Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson o‘z lavozimidan iste'foga chiqdi.
Yevroittifoqdan chiqish masalalari bo‘yicha vazirlik rahbari Devid Devis bosh vazir Tereza Mey bilan siyosiy masalalarda hamfikr emasligi sabab ishdan bo‘shagan. O‘z navbatida, bosh vazirning o‘zi uning iste'fosidan afsusda ekanini bildirgan.
Tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonning iste'fosi hali rasman tasdiqlanganicha yo‘q. Bu haqda Reuters agentligi vazirlikdagi o‘z manbasiga asoslanib xabar tarqatgan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida hukumat a'zolari Brexit jarayoni yakunlangach, Britaniya va YeI o‘rtasida sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun cheklovlarsiz erkin savdo hududi yaratish taklifi bilan chiqishi masalasida yakuniy qarorga kelgani ma'lum qilingandi. Ushbu qaror yagona Yevropa bozoridan chiqish shartlariga yana ham qat'iyroq yondashish tarafdorlari, xususan Boris Jonsonni qoniqtirmagan. Qarshi tomonning fikricha, erkin savdo hududining yaratilishi Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga iqtisodiy qaramligini saqlab qoladi va global korporatsiyalarga mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish uchun imtiyozlar yaratadi.
Tereza Mey o‘sha majlisda mamlakat tashqi ishlar vaziri Boris Jonson va boshqa vazirlar Yevroittifoqdan chiqish rejasidan bosh tortgan taqdirda ularni iste'foga chiqarishga va'da bergandi.
Londonning Bryussel bilan muzokaralardagi pozitsiyasi aks etgan rasmiy hujjat kelasi hafta e'lon qilinishi kerak. Buyuk Britaniya kelasi yil mart oyida Yevropa Ittifoqi a'zoligidan chiqishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
18:56 / 22.12.2024
Britaniyalik harbiylar ommaviy ravishda armiyadan ketishni boshladi
21:42 / 19.12.2024
Britaniya Ukraina askarlarini tayyorlash uchun Ukrainaga o‘z instruktorlarini yuboradi
21:56 / 11.12.2024
Britaniya birinchi marta dronni lazer yordamida urib tushirdi
11:56 / 05.12.2024