O‘zbekiston | 18:50 / 16.07.2018
80649
4 daqiqa o‘qiladi

«Kattaqo‘rg‘on effekti»: Vazir Samarqandda yana ikki tuman IIB boshlig‘ini ishdan oldi

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyati ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rganishda davom etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi​ xabar berishicha, viloyatda yana ikkita tuman IIB boshliqlari iste'foga chiqarilgan.

«Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelgani uchun Bulung‘ur tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Sodiq Abduhakimovich Abduhakimov va Paxtachi tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Xayrullo Ubaydullayevich Abduhamidov egallab turgan lavozimidan ozod etildi», deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Ichki ishlar vazirining qo‘shma farmoyishi asosida Prezident Devoni, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaning mas'ul vakillaridan iborat tarkibda ishchi guruhi tuzilib, ular tomonidan viloyat ichki ishlar organlarining joriy faoliyati mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga qanchalik muvofiq tashkil etilganligiga baho berish maqsadida o‘rganish ishlari boshlagan.​

«Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Razzoqovich Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruhi viloyatning Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi va Ishtixon tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahrida bo‘lib, har bir xodimning sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetganligi va ularni hayotga tatbiq etishda munosib hissa qo‘shayotganligi, fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lishi, shuningdek, xizmat faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlar va yo‘l qo‘yilayotgan nuqson va kamchiliklarning tub sabablarini atroflicha o‘rganmoqda.​

Ma'lum qilinishicha, Samarqand tumanida oila-turmush doirasidagi kelishmovchiliklar to‘liq hal etilmaganligi sababli og‘ir tan jarohati yetkazish, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrida fuqarolarning mol-mulkini ishonchli himoya qilish ishlariga alohida e'tibor qaratilmaganligi oqibatida ushbu hududlarda firibgarlik, talonchilik kabi jinoyatlar oshib ketgan.​

Shuningdek, viloyatning mutasaddi davlat idoralari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar, «Mahalla», «Nuroniy» va boshqa jamoatchilik institutlari bilan uzviy hamkorlikni o‘rnatishga lozim darajada e'tibor qaratilmaganligi sababli jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar Jomboy va Samarqand tumanlarida, ayollar jinoyatchiligi Kattaqo‘rg‘on, Urgut va Tayloq tumanlarida, ilgari sudlanganlar jinoyati Bulung‘ur tumanida oshib ketgan», deyilgan IIV xabarida.​​

Bundan avvalroq vazir tashrifi davomida Kattaqo‘rg‘ondagi holat yuzasidan 7 nafar xodim, jumladan shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov va uning birinchi o‘rinbosari Izzatillo Xo‘jamqulov ichki ishlar organlari xizmatidan bo‘shatilgani ma'lum bo‘lgandi.

Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi shu bo‘lim tezkor vakili — San'at Umarov bir ayolni tahqirlab, uni qip-yalang‘och qilib yechintirayotgani aks etgan video tarqalib ketgach, yomon tomondan tanilgan edi. Iyun oyi boshida yuz bergan voqea oradan bir oy o‘tgach, videorolik internetda tarqaldi.

Voqea jamoatchilikning keskin munosabatini keltirib chiqargandi. San'at Umarovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, uning o‘zi qamoqqa olingan, shahar IIB rahbariyatiga nisbatan esa xizmat tekshiruvi boshlangan edi.

Mavzuga oid