Jahon | 22:11 / 27.07.2018
29564
2 daqiqa o‘qiladi

Sovuqqonlik biologga uch metrli timsoh og‘zidan qutulishga yordam berdi

Dengiz biologi Melissa Kristina Markes timsoh og‘zidan qanday qutulib chiqqanini aytib berdi. Uning hikoyasi Jezebel nashrida chop etildi.

U timsoh hujumiga Karib dengizidagi Xardines-de-la-Reyna arxipelagida akulalar haqida hujjatli film suratga olayotganida duch kelgan. Uch metrli timsoh u tunda akvalangda suvga sho‘ng‘iganida oyog‘idan tishlab olgan.

«Ularning qanday ov qilishlarini bilaman, shuning uchun har qanday sharoitda ham oyog‘imni qimirlatmaslikka qaror qildim», — deydi u.

Markes bunday vaziyatda vahimaga tushish o‘lim bilan tengligini bilardi. 

Yirtqich uni asta tortib keta boshlagan, u esa ichida shunday o‘ylagan: «Yaxshi, gidrokostyum qonni tashqariga chiqarmaydi va timsoh qonni sezmaydi. U faqat neopren ta'mini his qiladi. Shunda meni qo‘yib yuboradi».

Markes suv tubidagi toshlarga osilib qolishga uringan, ammo uning qo‘li hech narsaga ilinmagan. U suratga olish chog‘ida foydalanadigan mikrofonga «Meni tishlab olishdi va tortib ketishyapti», — degan. Shu lahzada timsoh jag‘larini ochgan. Markes esa darhol suzish kompensatoridagi havoni chiqarib yuborgan va yuqoriga qarab o‘qdek otilgan. 

«U bilan kurashmadim. Menimcha u: "Bu ovqatga o‘xshamayapti. Na ta'mi tanish, na menga qarshilik ko‘rsatdi" deb o‘ylagan bo‘lsa kerak», — deydi u.

Markes suv tubidan chiqqanidan so‘ng unga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Uning oyog‘ida timsohning ikkita tishi chuqur iz qoldirgandi.  

«Xotirjamlikni saqlaganim meni qutqarib qoldi», — deb yozgan Markes Twitter sahifasida ushbu hodisadan bir oz vaqt o‘tib.

Mavzuga oid