O‘zbekiston | 21:20 / 24.08.2018
83581
3 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘qituvchilaridan qanday ma'lumotlarni talab qilish qat'iyan taqiqlandi?

Foto: Fotolia

Maktab o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma'lumotlarni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi. 20 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan imzolangan "Umumiy o‘rta ta'lim pedagogik mutaxassisliklari bo‘yicha namunaviy yillik ish rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarorda shu haqida ma'lum qilindi.

Hujjatga ko‘ra, pedagog xodimlar uchun dars soatlarining tarifikatsiyasi umumiy yillik ish yuklamasida belgilangan 1548 soat (yillik 43 hafta, haftalik 36 soat, kunlik 6 soat) hisobidan amalga oshiriladi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasasining pedagog xodimlari uchun bir stavka miqdoridagi ish yuklamasi quyidagicha belgilanadi:

  • 1-4-sinflarda haftasiga 18 soat;
  • 5-11-sinflarda haftasiga 20 soat.

Ish reja ikki yo‘nalishdagi tadbirlar majmuasidan iborat tarzda shakllantiriladi:

  • o‘quv-tarbiya jarayoniga oid;
  • o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta'minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid.

O‘quv-tarbiya jarayoniga oid yillik ish reja umumiy o‘rta ta'lim muassasasi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan dars jadvaliga ko‘ra pedagogik xodimlarga tarifikatsiya bo‘yicha ajratilgan dars soatlari asosida shakllantiriladi.

Yillik ish reja asosida pedagogik xodim tomonidan o‘quv yili oldidan taqvim-mavzuiy reja tuziladi. Dars mashg‘ulotlari mazkur rejaga asosan olib boriladi.

O‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta'minoti va tashkiliy-pedagogik jarayonga oid yillik ish rejada belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi yuzasidan pedagog xodimlardan hisobot talab qilinmaydi hamda tadbirlarni amalga oshirishning vaqt bo‘yicha hisobi yuritilmaydi.

Maktab o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma'lumotlarni talab qilish qat'iyan taqiqlanadi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari pedagog xodimlari tomonidan quyidagi hujjatlar yuritiladi:

  • sinf jurnali;
  • yillik taqvim-mavzuiy reja;
  • kundalik dars ishlanmalari daftari.

Hujjatga ko‘ra, yillik taqvim-mavzuiy reja hamda kundalik dars ishlanmalarini elektron shaklda yuritilishiga ham yo‘l qo‘yiladi.

O‘rindoshlik va soatbay asosida dars berayotgan, ishda vaqtincha bo‘lmagan xodimning mehnat vazifalarini o‘zining asosiy ishi bilan birgalikda qo‘shimcha ravishda bajarayotgan pedagog xodimlarga o‘quv-tarbiya jarayonining metodik ta'minoti va tashkiliy-pedagogik jarayon uchun ajratilgan soatlarga ham haq to‘lanadi.

Mazkur yo‘riqnoma talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Qaror rasmiy e'lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Mavzuga oid