Jamiyat | 18:31 / 28.08.2018
68612
4 daqiqa o‘qiladi

Diplomatiya universiteti talabalari yangi kontrakt narxlaridan norozi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari to‘lov-shartnoma asosida tahsil olishning yangi o‘quv yili uchun joriy qilingan qimmatlashgan badal miqdorini salbiy munosabatda qarshi olishdi. Ular ijtimoiy tarmoqlarda #dipkontraktdown heshtegi orqali va “Biz kontrakt oshishiga qarshimiz” shiori ostida o‘z noroziliklarini ifodalamoqdalar.

Avvalroq JIDUda to‘lov-shartnoma narxlari 100% ga ko‘tarilgani haqida ma'lumot bergan edik. Unga ko‘ra, talabalar stipendiya olmagan taqdirda 18 mln, odatiy holda esa 22 mln to‘lashlari talab etiladi.

Universitet rahbariyatining tushuntirish berishicha, prezidentning 2018-yil 21-iyundagi 3795-sonli qaroriga binoan, universitetga kontrakt narxlarini 3 barobargacha oshirish huquqi berilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad oliygohdagi professor-o‘qituvchilarning oylik maoshlarini tizimli ko‘tarish va chet eldan tajribali, o‘z sohasining yetuk o‘qituvchilarini jalb etish bo‘lgan. Misol uchun, universitetda fan doktori darajasiga ega professorlarning maoshini bir yil ichida 6 million so‘mga qadar ko‘tarish rejalashtirilgan.

Yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolganida e'lon qilingan bu yangilik talabalarning ommaviy noroziligini keltirib chiqardi. Telegram guruhida yarim kun ichida 800 nafardan ziyodroq talaba mazkur masalani muhokama qilish uchun yig‘ilgan. Facebook va Instagram kabi ijtimoiy tarmoqlarda JIDU talabalari tomonidan #dipkontraktdown heshtegi ostida qo‘yilgan postlarda qarshilikning asosiy sabablarini ko‘rish mumkin:

“Men JIDU talabasiman va bundan so‘zsiz faxrlanaman. Ammo bir vaziyat meni qayg‘uga solmoqda: 2018-2019 o‘quv yiliga belgilangan kontrakt narxi – 22 116 000 so‘m – juda katta qiymat. Oilada men va mening egizagim kontrakt asosida o‘qiymiz. Kelajakda davlatimizga kerakli kadr bo‘lishimiz uchun, ota-onamiz bizga nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishimizga imkon berishgan bo‘lsa-da, ular hozir katta moliyaviy muammoga duch kelishdi. Biz bu qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘raymiz!”

“Qadrli do‘stlar, 22 million - bu endi chegaradan o‘tish. Avvaliga 9 million so‘m ham qiyin edi, keyin 11 million bo‘ldi. Endi esa 22 000 000. Ular yangiliklarni xohlayotganini tushunaman, lekin bu qadar emas! Men o‘zim o‘qishdan so‘ng kechqurungacha ishlayman va topgan pulim kontraktning chorak qismini to‘lashga bazo‘r yetardi. Agar kontrakt to‘lash uchun ishlayotgan bo‘lsangiz, o‘qishga qanday vaqt ajratish mumkin? Xorijga shu sabab chiqib ketishyapti aslida…”

“Umuman olganda oylikni oshirishni nima keragi bor, agar baribir kontrakt ham oshib, bor puli kontraktga to‘lanadigan bo‘lsa? Nominal oylik oshmoqda, lekin real oylik aksincha tobora pasayib bormoqda. Kontrakt oshganligi haqidagi xabar “fake” bo‘lib chiqishiga juda ishongim kelyapti.”

Kontrakt narxi ikki barobar oshgan bo‘lsa-da, stipendiya miqdorining bor-yo‘g‘i 7% ga ko‘tarilgani ham talabalarning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. O‘qituvchilarning oyligi ko‘tarilgani quvonarli albatta, lekin buni to‘liq talabalarning hisobidan amalga oshirish qanchalik to‘g‘ri?

Ayni paytda bu norozilik heshteglari boshqa oliygohlar talabalari orasida ham tarqalmoqda. 

 

Mavzuga oid