Sport | 15:45 / 29.08.2018
14735
2 daqiqa o‘qiladi

«Oltin medalsiz ketmayman, degandim». Diyorbek O‘rozboyev chempionlik taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi

Bugun, 29 avgust kuni Osiyo o‘yinlarida ishtirok etayotgan O‘zbekiston dzyudo jamoasi dastlabki oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Foto: Anvar Ilyosov

Turnirga -60 kg vazn toifasida tashrif buyurgan Diyorbek O‘rozboyev finalda yaponiyalik Toru Shishimega qarshi tatamiga chiqib, oltin ochko evaziga g‘alaba qozondi. Chempion «KUN.UZ» muxbiriga o‘z taassurotlari haqida so‘zlab berdi.

«Mashg‘ulotlarda murabbiylarimiz bilan qattiq ishladik. Indoneziyaga «oltin medalsiz ketmayman», degan maqsadda kelgandim. Ko‘rib turganingizdek, orzuim ushaldi. Bu – xalqimizning medali. Mustaqillik bayrami uchun sovg‘a bo‘ldi. Shu o‘rinda ota-onamga ham rahmat deb qolaman.

Foto: Anvar Ilyosov

Final bahsida g‘alaba qozonish oson bo‘lmadi. Chunki dzyudo vatani Yaponiya hisoblanadi. Yaponiyalik sportchilar dzyudo bo‘yicha ancha kuchli bo‘lib kelishgan shu paytgacha. Shu sabab men xato qilmaslikka urindim, chunki xato qildingmi, ular bundan unumli foydalanishadi. Shu paytgacha Osiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik dzyudochilardan faqat Rishod Sobirov oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Ikkinchi bo‘lib bu mukofotga ega chiqish menga nasib etdi. Ikki yildan keyin mana shu natijamni Olimpiadada ham ko‘rsataman. 

Foto: Anvar Ilyosov

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimni kirib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Ota-onamning oldiga yuzim yorug‘ bo‘lib borayotganidan juda ham xursandman», deydi O‘rozboyev.

Foto: Anvar Ilyosov

 

Mavzuga oid