Sport | 20:52 / 02.08.2024
10385
2 daqiqa o‘qiladi

Alisher Yusupov – bronza medali sohibi

Parij olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 3-medal ham dzyudochilar jamoasi tomonidan olib kelindi.

Foto: olympic.uz

O‘zbekiston dzyudo jamoasining +100 kg vazn toifasidagi vakili Alisher Yusupov Parij olimpiadasida bronza medal uchun tatamiga chiqdi.

U ushbu vazn toifasi favoritlaridan bo‘lgan yaponiyalik Tatsuru Saitoni ippon bahosi bilan mag‘lub etib, bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Yusupov turnirdagi ishtirokini nimchorakfinalda slovakiyalik Marius Fizel ustidan g‘alaba qozonish bilan boshlagandi. Ammo chorakfinalda tojikistonlik Timur Rahimov bilan bellashuvda ortiqcha shido tufayli mag‘lub bo‘ldi hamda bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashadigan bo‘ldi.

O‘z navbatida, bu bosqichda unga raqiblik qilishi kerak bo‘lgan gurjistonlik Guram Tushishvili diskvalifikatsiyaga uchragani tufayli, Yusupov avtomatik ravishda bronza uchun bahsga o‘tgandi.

Uning medali O‘zbekiston dzyudochilari jamoasining Parijdagi turnirda qo‘lga kirigan uchinchi medali bo‘ldi. Bungacha Diyora Keldiyorova o‘z vazn toifasida chempion bo‘lgan, Muzaffarbek To‘raboyev esa bronzaga ega chiqqandi. E’tiborli jihati, dzyudochilar shu vaqtgacha olimpiadalarda biror marta uchta medal olishmagandi.

Ma’lumot uchun, 25 yoshli dzyudochi so‘nggi ikki jahon chempionatida 3-o‘rnini egallagandi.

Mavzuga oid