O‘zbekiston | 13:01 / 18.09.2018
88807
3 daqiqa o‘qiladi

Buxorodagi fojia. IIB yangi ma'lumot berdi

Foto: Bukhara info

2018 yilning o‘tgan davrida “ZELICH OIL GAZ” metan gaz quyish shoxobchasida avtotransport vositalariga gaz quyilganidan so‘ng sodir etilgan shu kabi baxtsiz hodisalar soni 2tani tashkil qilib, bugungi holat uchinchisi hisoblanadi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB Kun.uz’ga xabar berdi.

Jumladan, (birinchi holat) 2018 yil 2 fevral kuni soat 22:50 da, Kogon tumani, Yangi hayot MFY, Amirobod massivida joylashgan ushbu gaz quyish shoxobchasi chiqish joyida, Kogon shahar, S.Ayniy ko‘chasida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, «Chorbog‘ Omega Plyus» MChJ haydovchisi Bekzod Arabov boshqaruvidagi ushbu MChJga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinasida o‘rnatilgan metan gaz balloni portlab ketgan. 

Buning oqibatida avtomashina salonida bo‘lgan haydovchi B.Arabov va shu manzilda yashovchi uning turmush o‘rtog‘i, 1992 y.t., vaqtinchalik ishsiz Yulduz Xudoykulova og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etishgan.  

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. 

Shuningdek, (ikkinchi holat) 2018 yil 26 avgust kuni soat 09:05da, Kogon shahar, Madaniyat ko‘chasida yashovchi, 1963 y.t. yakka tartibda ishlovchi Rustam Karimov 2005 yilda ishlab chiqarilgan “Neksiya” rusumli avtomashinasiga o‘rnatilgan 100 litr hajmdagi metan gaz balloniga 190 atmosfera bosimi bilan suyultirilgan gaz quyib, o‘ttiz kilometrcha masofada yo‘l bosib, avtomashinani o‘zi yashaydigan uy oldiga keltirib qo‘yganidan so‘ng (“Shuhrat Sherbek Zamon Servis” korxonasi tomonidan 14.11.2016 yilda o‘rnatilgan SNG-1 modeli, G‘Ye 053184 raqamli, 2019 yilning noyabr oyiga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan metan gaz balloni) avtomashina gaz balloni portlab ketgan.

Ushbu jarayonda biror kishi jarohat olmagan. Hozirgi kunda tergovoldi surishtiruv ishlari davom etmoqda. Dastlabki surishtiruv ishlari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma'lumot berib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 18 sentabr kuni soat 08:30 atrofida Kogon tumani hududidan o‘tuvchi Buxoro-Qorovulbozor magistral yo‘lida yo‘lovchi avtobusi yo‘l transport hodisasiga uchragani xabar berilgandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, avtobusdagi gaz balloni portlashi natijasida 4 yo‘lovchi voqea joyida, 1 kishi esa shifoxonada vafot etgan. Avtobusda jami 26 kishi bo‘lgan.

Avtohalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgan.

Mavzuga oid