Fan-texnika | 23:52 / 26.09.2018
4836
1 daqiqa o‘qiladi

Daimler konserni rahbari o‘z lavozimidan ketmoqda

Daimler konserni boshqaruv raisi va Mercedes-Benz Cars bo‘linmasi rahbari Diter Tsetshe konserning kuzatuv kengashiga rahbarlik qilish uchun o‘z lavozimlaridan ketadi. Uning vazifalarini yangi ishlanmalar bo‘limi rahbari 49 yoshli Ula Kellenius vaqtinchalik bajarib turadi.

Kontsernda ushbu o‘zgarishlar 2019 yilda, aksiyadorlarning an'anaviy yig‘ilishidan keyinoq amalga oshishi ma'lum qilingan. Kelleniusning nomzodi ma'qullansa, u konsernga keyingi 5 yil rahbarlik qiladi.

Tsetshe esa 2021 yildagina kuzatuv kengashi rahbariga aylanadi. 2 yillik tanaffus mehnat qonunchiligini buzmaslik uchun zarurdir. U bu lavozimda 76 yoshli Manfred Bishoff o‘rnini egallaydi.

Tsetshe 1998 yildan beri boshqaruv kengashi a'zosi hisoblanadi. 2006 yil yanvardan sobiq DaimlerChrysler AG boshqaruv raisi lavozimiga tayinlangan. Bundan tashqari, u 2005 yildan Mercedes-Benz Cars bo‘linmasi rahbari hisoblanadi. 

Tsetshe kompaniyadagi faoliyatini 1976 yilda tadqiqotlar bo‘limi xodimi sifatida boshlagan.

Mavzuga oid