Jamiyat | 17:10 / 11.10.2018
74115
8 daqiqa o‘qiladi

«Chuv tushgan dehqon endi qalampir chaynaydimi?» Andijonlik fermerlarda ham achchiq qalampir muammosi

Vodiy tomon kishilari sarlavhadagi iborani rosa kerak paytda ishlatishadi. «Puli kuygan qalampir chaynabdi». Bu gapning kelib chiqishi bir qiziqarli hikoya bilan bog‘liq.

«Aytishlaricha, tog‘lik cho‘ponlardan biri Andijon bozoriga tushib, mayda-chuyda xarid qilgach, qulupnay ham sotib oladi. Qarangki, uning tog‘dagi qishlog‘ida hech kim qulupnayni ko‘rmagan ekan. Shirin mevani yeb ko‘rgan cho‘ponning xotini undan qo‘shnisiga ham olib chiqadi. Qo‘shnining xotini esa eriga «Ozgina ekan, yeb to‘ymadik, siz ham olib keling» deya zorlanadi. Sodda va do‘lvor hamsoya cho‘pon tog‘dan shaharga tushganida, «qulupnay» nomini eslay olmay, savdogarlardan «mayda-mayda, shirin qizil meva berish»ni so‘raydi.

Qulupnay mavsumi tugagani uchun bozorchilar u meva yo‘qligini aytsalar ham qaysar cho‘pon meni aldashyapti deya o‘ylab, qalampirni ko‘rsatadi va «mana turibdi, sodda emasman!» deb juda katta pulga qalampir oladi. Uyga kelganida esa bu boshqa narsa ekani ma'lum bo‘ladi. Qaysar kishi puli kuyganiga achinib, achchig‘idan qalampir chaynagan ekan».

Hozirda bu iborani o‘zi naf bermaydigan narsani qaysarlik bilan ishlatgan va o‘z qilmishiga achingan kishiga nisbatan tagdor qilib aytadilar.

Afsuski, bugungi maqolada biz mazkur iborani to‘g‘ri ma'noda ishlatamiz.

Dehqonlar fe'li sodda keladi. Shuning uchun ular qalampir ekib, yetishtirish va uning orqasidan yaxshi daromad topish mumkinligi haqidagi loyihaga ishonishdi.

Andijon viloyatidagi dehqonlar ham yil boshida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi 62-sonli qarori ijrosini ta'minlash yo‘lida 1000 gektar yerga qalampir ko‘chatlari ekishgandi.

Shundan 500 gektar yerga Toshkent shahridagi «General Machinery Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan achchiq qalampir ko‘chat yetkazib berish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzilgandi.

Mahsulotni xarid qilib, xorijga eksport qilishi belgilangan «Chiliuz» shartnomasiga ishonib, «Agrobank»dan kredit olgan dehqonlarga ko‘chatlar yetib keladi va fermer xo‘jaliklarida mo‘l hosil olish uchun harakat boshlanadi. Ko‘chati 100 so‘mdan olingan xorijiy nav hamda bir tupining narxi 60 so‘m bo‘lgan mahalliy nav Andijon yerlarida mashaqqatli mehnat evaziga zo‘r hosil beradi. Kuz kelgach, va'da qilgan xaridor mahsulotni olmasligini bilishganida, dehqonlar hayron qolishgandi.

Asaka tumanida ham 122 gektar yerga qalampir ekildi. Shundan 37 gektar yerda dehqonchilik qilgan fermerlar «Chiliuz» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma qilishgan. Tuman fermerlari qalampir yetishtirish uchun «Agrobank»dan jami 746 million so‘m kredit olishadi. Shundan 400 million so‘m ko‘chat uchun to‘langan bo‘lsa, 346 million so‘m agrotexnik tadbirlar uchun sarflanadi.

Biz tumandagi Ibrohimjon Ahmedov boshchiligidagi «Kujgon oltin dalasi» fermer xo‘jaligiga bordik. Achchiq qalampir ekilgan maydonda ishchilar hosilni yig‘ishtirayotgan edi.

Ikki gektar yerdagi qalampir hosilini ko‘rib hayron qolasiz. Asakaning bo‘liq yeri «ajnabiy» qalampirni rosa suyibdi. Bir tupda 1,5-2 kg ho‘l qalampir bor.

«Erta bahordan qilingan mehnatimiz natijasi bu. Bu xorijiy nav yerga juda mos tushdi. Achchiqlik darajasini ham laboratoriyada o‘lchatib keldik. 600 darajada ekan. Zo‘r natija. Faqat, «Endi shuncha hosilni nima qilamiz?» degan savol qiynamoqda. Mehnat, mineral o‘g‘itlarga ketgan sarf-xarajatlar bor. Mana hozir qalampirni daladan ko‘chati bilan yig‘ishtirib olish jarayoni ketyapti. Ishchilarga kuniga ish haqi yoziladi. Bankdan olingan 40 million so‘m miqdoridagi kreditni qoplashimiz kerak. Shuncha ko‘rgan zararimizni to‘lash o‘zimizga tushyapti. Hozir bahorgi shartnoma bo‘yicha ho‘l qalampirimizning kilosini 3 ming so‘mdan qabul qilishganda, 70 million so‘m daromad ko‘rgan bo‘lar edik», deydi Ibrohimjon aka.

Asaka tumanida «Chiliuz»ga ishonib 5 gektarga achchiq qalampir ekkan «Shukurlik tong sabosi», 4 gektar yerda dehqonchilik qilgan «Mironshoh» va yana 22 nafar fermerning «dod»i bir xil.

Asakadagi boshqa qalampir yetishtirgan fermer xo‘jaliklari tumanda faoliyat yuritayotgan meva-sabzavotlarni quritib, qadoqlab eksport qiluvchi «Obod turmush» korxonasi bilan shartnoma tuzgan ekan. Mazkur korxona o‘z shartnomalari shartlarini bajarib, hosilni qabul qilmoqda.

Oltinko‘l tumanidagi «Qosimjon obod yerlari» fermer xo‘jaligida ham shu ahvolga duch keldik. Fermer dala shiyponining omborida quruq qalampir yoyilib turibdi.

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Ko‘chatni 6 million 500 ming so‘mga kredit hisobidan olgandik. Yoz bo‘yi qilgan mehnatlarimiz, ikki marta chopiq, yetishtirish uchun mahalliy va mineral o‘g‘itlarga ketgan mablag‘ga javob beradigan tashkilot bormi?», deydi fermer.

Biz «Chiliuz»ning viloyatdagi vakili Dilshodbek Hakimov bilan bog‘landik. Vakil savollarimizga yuzaki javoblar berish bilan cheklandi.

«Umid eng oxirida so‘nadi» deganlaridek andijonlik dehqonlar hali ham peshona teri evaziga yetishtirgan hosilining «ega»sini kutmoqda. Axir ular ishonishgan edi. Eng qiyin kasb egasi bo‘lgan mirishkorlarning yangiliklarga ishonchi qolmasligi juda yomon. Asakalik fermer ketayotganimizda, «Nima qilishni bilmay, nonushtaga ham tushlikka ham qalampir yeyapmiz...», deya achchiq hazillashdi.

Albatta, puliga, mehnatiga kuyib «chuv» tushgan dehqonning «qalampir chaynashi» yuqoridagi matalning falsafasiga to‘g‘ri kelmaydi.

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri

 

Shu yilning 14 sentabr kuni «Kun.uz» saytida «Achchiq qalampir ekkanlarni piyoz ekkanlar qismati kutmoqdami?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Maqola so‘ngida achchiq qalampir yetishtirish kampaniyasi natijasiga umid qilib, qalampir yetishtirgan fermerlar qanday muammolarga duch kelayotgani xususida navbatdagi lavhalarda ma'lum qilinishi aytilgandi.

Keyinroq tahririyatning Samarqand viloyatidagi muxbiri mazkur masalada olib borgan o‘rganishlari natijalarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Bulung‘ur, Jomboy va Toyloq tumanlaridagi dehqonlar «General Machinery Group» MChJ va «Chiliuz» MChJ bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha yuzlab gektar maydonlarda qalampir yetishtirishgani, ammo hosilni sota olishmayotgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid