Jamiyat | 09:00 / 29.10.2018
22352
17 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Po‘latov: Bugun quruq gaplarni bir chetga surib, amaliy ishlarga qat'iy e'tibor qaratilmoqda

Foto: Xalq so‘zi

“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan mazkur ezgu g‘oya mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tashkil etadi. Ayni shu jihatdan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasi asosida aholi turmush farovonligini oshirish, ularning bugun baxtli yashashini ta'minlash, ertangi kunini yanada yorug‘ qilish maqsadida davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch hamda imkoniyatlari safarbar etilmoqda. E'tiborlisi, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning dastlabki natijalari yurtdoshlarimiz hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda.

Yurtboshimiz ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida viloyatlarda bo‘lganlarida oddiy odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘zlaridan eshitib, hal etmoqda. Bu esa barcha rahbarlar uchun ibrat sifatida xizmat qilayotir. Chunki avvallari mutasaddilar kabinetda o‘tirib ishlagani uchun hududidagi ahvoldan, mavjud vaziyatdan deyarli bexabar edi. Turli hisobotlar, qog‘ozda aks etgan ko‘rsatkichlarga ishonilib, shundan xulosa chiqarilardi. Vaholanki, haqiqiy holat butunlay boshqacha bo‘lgan. Fuqarolar muammolariga yechim topa olmay qiynalgan. Bugun esa rahbarlar kabinetdan tashqariga chiqib, joylarda aholini bezovta qilayotgan dolzarb masalalar, haqiqatan ham  ko‘pligiga amin bo‘lyapti, ularning amaliy yechimi bilan shug‘ullanmoqda. Natijada odamlarning kayfiyati o‘zgarib, ertangi kunga ishonchi ortyapti.

Lekin hali bajariladigan vazifalar juda ko‘p. Qabul qilingan qonunlar, Prezident Farmon va qarorlari, hukumat qarorlarida qator chora-tadbirlar belgilab berilgan. Ularning ijrosi katta mas'uliyat talab qiladi. Xo‘sh, bugungi kunda Surxondaryo viloyatida bu boradagi ishlarning ahvoli qanday? Qurilish va obodonlashtirish jarayonlari, tadbirkorlik, turizmni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, aholi bandligini ta'minlash, umuman, ustuvor sohalar bo‘yicha nimalar qilinmoqda? Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Bahodir PO‘LATOV bilan suhbatimiz shu xususida bo‘ldi.

— Bugun barchamiz katta o‘zgarishlar davrida yashayapmiz, — deya so‘z boshladi Bahodir Baxtiyarovich. — Davlatimiz rahbarining ezgu g‘oyalari, tashabbuslari asosida jonajon Vatanimiz rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Ana shu jarayonlar butun mamlakatimiz bo‘ylab, eng olis hududlarni ham qamrab olgani bilan diqqatga sazovordir. Bundan tashqari, yuritilayotgan pragmatik tashqi siyosat tufayli uzoq va yaqin davlatlar bilan do‘stona aloqalar mustahkamlanib, hamkorlikda qator loyihalar ro‘yobga chiqarilayotir. Shunga mos ravishda viloyatimizda ham dasturiy vazifalar ijrosi natijasida hudud tobora ravnaq topib bormoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10-11 fevral, joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryoga tashrifi chog‘ida bergan yo‘l-yo‘riq va maslahatlari, topshiriqlari, tavsiyalari viloyat ahlini yanada ruhlantirib, shijoat bilan ishlashga undadi.

Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish dasturiga binoan ishlab chiqarish tarmoqlarini yaratish, xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, tabiiy boyliklarni o‘zlashtirishga doir umumiy qiymati 3 trillion 915 milliard so‘mlik 2585 ta loyihani ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilgan. Bugun ular ijrosiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Qolaversa, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnik hamda texnologik yangilash sa'y-harakatlari olib borilyapti.

— Agrar soha mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Bugun mazkur tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha ham talab mutlaqo boshqacha. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Sababi, bu moddiy jihatdan ham, aholi bandligini ta'minlash nuqtai nazaridan ham ayni muddaodir. Shunday ekan, viloyatda ushbu yo‘nalishda qanday amaliy ishlar qilinmoqda? Aniq misollar bilan gapirib bersangiz.

— Surxon zaminida yil davomida ochiq usulda uch martagacha hosil olish mumkin. Tabiatning bunday saxovatidan omilkorlik bilan foydalanish evaziga viloyatda har yili ikki million tonnadan ortiq meva, poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtiriladi. Afsuski, bu mahsulotlarning, bor-yo‘g‘i, 11 foizigina o‘zimizda qayta ishlanadi. Endilikda mahsulotni yetishtirishdan tortib, uni iste'molchiga yetkazib berish, eksport qilishda ham zamonaviy yondashuvlarga e'tibor berilmoqda. Yirik loyihalar hayotga tatbiq etilyapti. Masalan, “Gold Agro Fresh” agrofirmasida tashkil qilingan 100 gektar maydondagi issiqxonada pomidor, gulkaram, brokkoli, rukkola va yalpizning xaridorgir navlari parvarishlanib, yiliga 30 million AQSh dollarilik mahsulot tashqi bozorga chiqarilayotir. Shuningdek, “ASG Group” korxonalar uyushmasi tarkibidagi 6 ta korxona viloyatimizda tashkil etilgan. Joriy yilda mazkur korxonalar tomonidan 150 million dollarlik mahsulotni eksport qilish mo‘ljallangan.

Hozirgi kunda yana bir istiqbolli loyiha, ya'ni “Jarqo‘rg‘on meva-sabzavot eksport” mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kartoshkani Fransiya texnologiyasi asosida yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda. U to‘la amalga oshgach, 1500 ta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari ko‘rsatmalariga binoan, viloyatda to‘qimachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha ham sa'y-harakatlar olib borilyapti. Xususan, 2017 — 2019 yillarda Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 365 million dollarga teng 15 ta zamonaviy to‘qimachilik va yengil sanoat korxonasini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali 4 mingta qo‘shimcha mehnat joyi ochiladi.

— Surxon zaminida Mendeleyev jadvalidagi deyarli barcha element uchraydi. Bundan tashqari, toshko‘mir, gaz, neft, marmar, osh tuzi, kaliy tuzi, ohak, granit tosh... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ana shu tabiiy boyliklardan unumli foydalanish, sanoatni rivojlantirish bo‘yicha nimalar qilinyapti?

— Darhaqiqat, bunday tabiiy zaxiralarning mavjudligi katta imkoniyatdir. Ulardan mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida foydalanish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Misol sifatida aytib o‘tsam, Rossiya Federatsiyasi ishbilarmonlari hamkorligida Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida loyiha qiymati 5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan, yiliga 4 milliard kub metr gazni qayta ishlash, 289 ming tonna polipropilen, 211 ming tonna polietilen va 293 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasini qurish ishlari boshlab yuborildi. Sariosiyo tumanidagi “Sharg‘un ko‘mir” konini modernizatsiya qilish evaziga yiliga 900 ming tonna, Boysundagi “To‘da” ko‘mir konida esa 450 ming tonna ko‘mir ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Istiqlolimizning 27 yilligi arafasida Sherobod tumanida loyiha qiymati 212,8 million dollarga teng sement zavodi foydalanishga topshirildi. Yiliga 1,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur korxonada mingdan ortiq kishilarning bandligi ta'minlandi. Shuningdek, Termiz shahrida yiliga 7 ming tonna kalava ip tayyorlanadigan “Amudar Teks” O‘zbekiston — Angliya qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.Ko‘zda tutilgan loyihalar ko‘p. Ularni hayotga to‘laqonli tatbiq etish harakatidamiz.

— Prezidentimiz yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish va kuchli ijtimoiy himoyani ta'minlashda investitsiyalarning muhimligini qayta-qayta ta'kidlab kelmoqda. Bir necha bor o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida bu borada hududlardagi ahvol, xorijiy investitsiyalarni jalb etishdagi sustkashliklar qattiq tanqid qilindi. Surxondaryoda bundan tegishli xulosa chiqarildimi?

— Chindan ham, investitsiya bo‘lmasa, rivojlanish ham bo‘lmaydi. Yurtboshimiz bu masala xususida qayta va qayta to‘xtalishlari bejiz emas. Biz shundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, astoydil harakat qilishimiz, xorijlik biznes vakillari, ishbilarmonlarni O‘zbekiston bozoriga qiziqtirishimiz lozim. Chunki ular uchun hamma imtiyozlar joriy qilingan, erkin ishlashga imkoniyatlar yetarli. Buni tushuntira bilishimiz zarur.

Shu yilning 31 iyul — 3 avgust kunlari viloyatimiz delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasining Sichuan provinsiyasida bo‘ldi. Yirik kompaniya vakillari va sarmoyadorlar bilan amaliy muloqot qildik. Tashrifimiz chog‘ida ta'lim, san'at va madaniyat, qishloq xo‘jaligi, qurilish hamda oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdik. Tashrifimiz yakunlari bo‘yicha 257 million AQSh dollari qiymatidagi 6 ta memorandum imzolandi. Xitoyning Shimoli-Sharqiy universiteti Ipak yo‘li arxeologiya markazi bilan Boysun tumanida arxeologiya muzeyi qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Nafaqat Xitoy Xalq Respublikasi, balki Yevropaning bir qator rivojlangan davlatlari hamda Rossiya, Turkiya sarmoyadorlari bilan hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilyapti. Binobarin, Prezidentimizning joriy yil 19 iyuldagi qaroriga ko‘ra, viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish dasturi ishlab chiqildi. Uning asosida, 2018 — 2020 yillar davomida Surxondaryoda umumiy qiymati 869 million dollarga teng jami 33 ta hududiy loyiha ro‘yobga chiqariladi. Hozirgi kungacha ayni maqsadda 20 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

2019-2020 yillarda Turkiyaning “Etka Co Enerji A.S” kompaniyasining 500 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasini jalb etish orqali Boysun tumanida shamol elektr stansiyasini barpo etish hamda Buyuk Britaniyaning “Shefra Energy Limited” kompaniyasi tomonidan 220 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirilishi evaziga Sherobod tumanida fotoelektr quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalari bajariladi.

Janubiy Koreyaning “Naturayn Ko LTD” kompaniyasi tomonidan Angor tumanida umumiy loyiha qiymati 18 million dollarga teng bo‘lgan bioorganik mineral o‘g‘it ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinadi. Tojikistonning “Yevro invest Soxtmon” kompaniyasi tomonidan Sherobod tumanida umumiy loyiha hajmi 175 million dollarga teng sement zavodi barpo etiladi.

Shuni ham aytish kerakki, viloyatning shahar va tumanlarida sektor rahbarlari tashabbuslari bilan hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida xorijiy investorlar bilan olib borayotgan o‘zaro kelishuvlar asosida umumiy qiymati 450,7 million dollarga teng 53 ta istiqbolli loyiha yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.

— Bugun Termizda juda katta qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ko‘plab uy-joylar barpo etildi. Bu jarayonlar odamlar kayfiyatiga qanday ta'sir qilyapti?

— Albatta, har kim yaxshi sharoitda, barcha imkoniyat mavjud bo‘lgan muhitda baxtli-saodatli yashashni istaydi. Bunday ezgu orzu-istakni ro‘yobga chiqarish uchun Yurtboshimiz barcha sa'y-harakatni yo‘naltirmoqda. Tashabbuslarning joylardagi ijrosini to‘laqonli ta'minlash esa oldimizda turgan eng ulkan vazifadir.

Bugun quruq gaplarni bir chetga surib, amaliy ishlarga qat'iy e'tibor qaratilayotgani odamlarda davlatga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda. Misol uchun, qanchadan-qancha oilalar o‘z uy-joyiga ega bo‘lyapti. Ularning chehrasidagi mamnunlikka qarab, ko‘p narsani anglash mumkin. “Bo‘lar ekan-ku”, “Baraka topinglar”, degan samimiy gaplar odamga kuch bag‘ishlaydi.

Fikrimizga asos sifatida aniq raqamlarni keltirsak. O‘tgan yili 42 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Buning uchun 326 milliard so‘m sarflandi. Joriy yilda esa viloyatimiz markazida jami 91 ko‘p qavatli turarjoy bunyod etilmoqda. Jumladan, ularning 62 tasi tijorat banki kreditlari hisobidan, 10 tasi arzonlashtirilgan 7 qavatli 420 xonadonli uy-joy, 19 tasi esa “Qishloq qurilish invest” IK MChJ mablag‘lari hisobidan qurilayotgan 3 qavatli 342 xonadonli ko‘p qavatli uydir.

Termiz shahar bosh rejasiga binoan, hududda 30 ta yetti qavatli uy barpo etilishi belgilangan edi. Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida bunga qo‘shimcha yana 32 ta yetti qavatli uy qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Bunday ulkan g‘amxo‘rlikdan, albatta, aholi juda quvondi.

Viloyat markazining o‘zi haqida to‘xtalsak, bugun Termiz deyarli qaytadan qurilmoqda. Yaqinda 700 o‘rinli san'at saroyi, 3000 tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatrning foydalanishga topshirilishi Surxon eliga katta tuhfa bo‘ldi.

— Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo — bosh ustuvor yo‘nalish” tamoyili mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratib, asrlar davomida qon-qardosh bo‘lib yashab kelgan, qadriyatlari o‘xshash xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratmoqda. Bunday ijobiy tendensiyalar allaqachon chegara hududlarida yashovchi odamlar hayotida ko‘zga yaqqol tashlanayotir. Shunday emasmi?

— Buni Afg‘oniston misolida aytadigan bo‘lsak, ikki davlat xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, do‘st va birodar bo‘lib hayot kechirgan. Bugun O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda tinchlik va osoyishtalik ta'minlanishi tarafdoridir. Buning uchun amaliy qadamlar tashlayapti. Xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani, Toshkent va Kobul o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, shuningdek, Termiz tumanida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi tashkil etilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Joriy yil mart oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatish, barqaror rivojlanishni yangi bosqichga ko‘tarish istiqbollarini belgilab berdi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 18 sentabrdagi Farmoniga muvofiq, chegaradosh mamlakatlar, xususan, Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy va transport-logistika aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.

Bugun nafaqat Afg‘oniston Islom Respublikasi, balki Tojikiston, Turkmaniston respublikalari bilan ham hamkorligimiz kuchayib boryapti.

— Yana aholi bilan muloqot mavzusiga qaytsak. Odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganish, ularga yechim topish borasida qilinayotgan ishlar haqida ham to‘xtalsangiz.

— Davlatimiz rahbarining 2017 yil 8 avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida sektorlar ishini faollashtirmoqdamiz. Har bir hududda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” shakllantirilib, uning ijrosi bosqichma-bosqich ta'minlanmoqda. 5 ta jamoatchilik nazorati guruhi tashkil etilgan bo‘lib, ular shahar va tumanlar kesimidagi mahalla va qishloqlar, aholi xonadonlarida bo‘lib, sektorlar faoliyati ustidan muntazam jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, keng aholi qatlamining talab va istaklarini o‘rganish, murojaatlarini qayd etib borish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan ham unumli foydalanyapmiz. Aholi turmush farovonligi yo‘lidagi bunday sa'y-harakatlar izchil davom ettiriladi.

“Xalq so‘zi” muxbiri Ilhom RAHMATOV suhbatlashdi

Mavzuga oid