O‘zbekiston | 11:47 / 14.11.2018
37374
2 daqiqa o‘qiladi

San'at Umarov ustidan sud jarayoni davom etmoqda

Bugun, 14 noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning sobiq xodimi San'at Umarov ustidan sud jarayoni davom ettirildi. Bu haqda «Kun.uz»ga  O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

«Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash), 2-qismi «a» va «z» bandlarida hamda 241-1 moddasida (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan San'at Umarovga nisbatan sud jarayoni bo‘lib o‘tmoqda», deyiladi xabarda.

Sud majlisi 19 oktabr kuni boshlangandi. O‘tgan vaqt davomida ayblov xulosasi o‘qib eshittirildi, sudlanuvchi S. Umarov va jabrlanuvchi N. Toshmatovaning ko‘rsatmalari tinglandi. Sud tergovi o‘tkazilib, unda guvohlar so‘roq qilindi.

Sud jarayoni davom etmoqda.

1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, Kattaqo‘rg‘on shahri IIB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan.

U va IIBning boshqa xodimlari shu yilning 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida ayol kishini o‘g‘irlik qilganlikda ayblab haqorat qilgani va yechinishga majburlagani shov-shuv bo‘lgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq San'at Umarov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Mavzuga oid