O‘zbekiston | 14:28 / 23.11.2018
53790
2 daqiqa o‘qiladi

IIV Andijonda militsioner urib o‘ldirilishi hodisasi yuzasidan axborot berdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ham Andijon viloyatida militsioner urib o‘ldirilishi hodisasi yuzasidan rasmiy axborot berdi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, hodisa 22 noyabr kuni soat 02:00 atrofida yuz bergan.

Dastlabki xabarlarda Andijon viloyati IIB ma'lumotiga ko‘ra, voqea 21 noyabr kuni soat 21:00 atrofida yuz bergani aytilgandi. Bosh prokuratura esa voqea 22 noyabr kuni soat 1:30 atrofida yuz berganini ma'lum qilgan.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, Izboskan tumani IIBning ikki nafar tezkor vakili tumandagi «Yuqori Chuvama» mahalla fuqarolari yig‘ini hududida xizmat olib borayotgan vaqtida shaxsini aniqlash maqsadida bir guruh fuqarolarni to‘xtatgan, lekin bu fuqarolar xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan.

Fuqarolardan biri A.J. telefon orqali ukasi S.J. va jiyani Z.Q.ni voqea joyiga chaqirib, uch kishi birgalikda tuman IIB tezkor vakillari S.Ya. va Ilhom Haydarovni urgan.

Andijon viloyati IIBdagi manbaga asoslanib berilgan dastlabki xabarlarda leytenant bir zarbadan so‘ng jon bergani, Bosh prokuratura axborotida esa xuddi IIVdagi kabi guruh bo‘lib do‘pposlangani aytilgandi. 

«S.Ya. va leytenant Ilhom Haydarov olgan tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ilhom Haydarov ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, kasalxonada vafot etgan. A.J., S.J. va Z.Q.lar ushlangan», — deyiladi IIV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, gumonlanuvchilarga nisbatan ularga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «g», «l», «p» bandlari («o‘z xizmat burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar tomonidan o‘ldirilishi») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid