O‘zbekiston | 16:00 / 30.11.2018
56775
8 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: O‘zbekistonda AES qurish jiddiy va siyosiy masala 

Foto: Rosatom

2017-2018 yillarda «O‘zbekistonning muqobil energiya manbalarining istiqbollari» loyihasi rahbari, Germaniyaning «Quyosh energiyasi assotsiatsiyasi» a'zosi va «Aleksander Gumboldt» jamg‘armasi vakili, Karlsrue Texnologiya institutida «ThinkTank» loyihasi rahbari, «Buyuk kelajak» ekspert kengashi a'zosi Ravshan Xo‘janov AES mavzusini Germaniya misolida tahlil qildi.

Barchamizga ma'lumki, hukumatimiz Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi bilan mamlakat hududida 2ta blokdan tashkil topgan AES qurish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bizga hali bu kelishuvning shartlari aniq emas. Shuning uchun, salbiy yoki ijobiy baho berishga erta.

Lekin aytish kerakki, O‘zbekistonda AES qurish jiddiy va siyosiy masala. Uni atroflicha o‘rganish va tahlil qilish kerak. Mutaxassis sifatidagi vazifamiz, vatanimizda joriy etilayotgan har qanday loyihaga xolis baho berish va o‘z hissamizni qo‘shishdir.

Keling, barcha energiya manbalarini qisqacha faktlar asosida tahlil qilsak. Dalillar va qarama-qarshiliklarni ko‘rib chiqamiz va oxirida tanlovni har kim o‘zi uchun berishiga imkon yaratamiz.

Juda ko‘p uchraydigan dalillar...

AES foydasiga – bu eng arzon elektr energiya manbai;

AESga qarshi – qimmat va xavfsiz emas, katta xavf-xatar ehtimollik darajasi mavjud;

Muqobil energiya foydasiga – bu nisbatan eng arzon va ekologik toza elektr energiya manbai;

Muqobil energiyaga qarshi –  sanoat korxonalarini yetarli hajmda elektr energiya bilan ta'minlay olmaydigan qimmat energiya manbai.

Biznes, energetika va sanoat strategiyasi boshqarmasi energiya va iqlim o‘zgarish boshqarmasi hisob-kitoblariga muvofiq, turli elektr energiya manbalarining xarajatlarini muntazam baholab boradi. 2015 yilda boshlangan yangi avlod loyihalari uchun yuqori darajadagi bashoratlar quyidagi jadvalda keltirilgan.

Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, Germaniya hukumati atom energetikasi ulushini kamaytirish va noan'anaviy elektr energiya darajasini oshirish uchun juda katta kuch tashlagan. O‘tgan asrning 90-yillarda Germaniya Yevropa davlatlari ichida eng qimmat elektr energiyaga ega edi. Ammo keyingi yillarda narx 30-35 foizgacha tushdi. Elektr energiya narxi juda yuqori bo‘lishiga sabab - ko‘plab maxsus soliqlarning natijasidir, masalan, mahalliy ko‘mir sanoatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan strategiyalardan biri edi.

Shu bilan birga, GFRning yoqilg‘i-energetika majmuasi an'anaviy resurslarga bog‘liqligiga qaramasdan, ko‘pchilik germaniyaliklar qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Germaniyaliklar tinch atomni rivojlantirish bo‘yicha mavjud dasturlardan voz kechishga tayyor. Boz ustiga, Germaniya aholisining 33 foizigina atom energetikasini yoqlab chiqmoqda. Germaniya fuqarolik jamiyatining bunday faolligining sababi, mamlakat uchun AESdan foydalanish foydadan ko‘ra ko‘proq katta xavf-xatar va yomon oqibatlarga olib keladi degan yakdil fikrga ega ekanligidadir.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, 1986 yildagi Chernobil AESidagi halokat germaniyaliklar o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishi va yadroviy texnologiyalarni qo‘llashda tanqidiy nuqtai nazar shakllanishiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatdi.

Atom energiyasining rivojlanishiga qarshilar quyidagi sabablarni ro‘kach qiladilar: butun dunyoda yuqori darajadagi radioaktiv chiqindilarni ishonchli saqlash va yo‘qotishning hal qilinmagani; yadroviy chiqindilarni utilizatsiya qilish, AESlarni yopish va uni ekspluatatsiya darajasida ushlab turishning iqtisodiy besamarligi; uran zaxiralari cheklangani va yadro yoqilg‘isi narxlari oshayotgani; qimmat AESlarni uzoq muddatli ekspluatatsiya qilinish ehtiyoji elektr energiyani ishlab chiqarish tizimini uzoq muddat saqlab qolishga olib keladi.

Shunday qilib, bugungi kunda Germaniyada qayta tiklanuvchan energiya manbalari an'anaviy energiyaga, shu jumladan, tinch atomlardan foydalanishga muqobil tarzda xizmat qiladi, bu maqsad Yevropa ittifoqi strategiyasida ham, Germaniya energetika konsepsiyasida ham belgilab qo‘yilgan.

Biroq, dalillar shuni ko‘rsatib turibdiki, qisqa vaqt ichida, hatto Germaniyada ham atom obektlarini quyidagi obektiv vaziyatlarda almashtirish imkonsizdir: hozirgi kunda energiya manbalaridan olingan energiyaning hozirgi asosiy qiymati an'anaviy manbalar tomonidan ishlab chiqarilgan energiya narxlaridan sezilarli darajada oshadi; muqobil energiya manbalar orqali ishlab chiqarish barqaror emas, ya'ni qayta tiklanuvchan energiya manbalari ob-havo o‘zgarishlariga, shamol, quyosh va suvning mavjudligiga bog‘liq; AES va QTEMlarning ekvivalent (teng) bo‘lmagan energiya ishlab chiqarishi. Misol uchun, shamol tegirmonlarining quvvatini ishlatish soatlari yadro yoqilg‘isini ishlatish soatlaridan ancha past.

Shu bilan birga, AESlar Germaniyaning muqobil energiya manbalariga o‘tishida «ko‘prik» sifatida xizmat qilishi uchun zarur vosita va kelajakda Yevropa mamlakatlari AESlardan foydalanishdan voz kechadi. Bizga AESni taklif qilayotgan Rossiya uchun ham Yevropa ittifoqida yetakchi mamlakat bo‘lgan Germaniya tajribasini o‘rganish judayam foydali bo‘ladi.

O‘zbekistonda atom elektr stansiyalarni qurish uchun yechilishi kerak bo‘lgan ba'zi masalalar bor. Masalan, AESni ishga tushirish 10 yildan keyinga rejalashtirilgan, ammo bu pulga muqobil taklif qilish va quyosh panellari yoki shamol tegirmonlarini qurish mumkin. Yuqorida aytib o‘tganimdek, Chernobil va Fukusima halokatlarini unutmaslik kerak. Shuni hisobga olish kerakki, manaman degan Yaponiya davlati ham bu muammoni mustaqil bartaraf eta olmadi. Atom energetikasi sohasida malakali mutaxassislarimiz yo‘qligini unutmaslik kerak, bori ham kam sonli nazariyotchilar va 10 MVtgacha bo‘lgan AES mutaxassislaridir.

AESdan foydalanishda misol tariqasida Yevropani keltirishadi, ya'ni Fransiya elektr energiyasining 75 foizini AESdan oladi. Ammo ularda AES bo‘yicha 30-50 yillik tajriba va malaka bor, hozirgi holatimizni ularniki bilan solishtirish unchalik ham to‘g‘ri emas.

Shuningdek, ularni qurish juda qimmat va yadro chiqindilarini olib chiqib ketish tekinga emasligini ham unutmasligimiz kerak. Bularning barchasi xalq zimmasiga tushadi.

Bundan tashqari, 2035 yilda atom elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiya ulushi 50 foizni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Mamlakatimiz miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, bu ko‘p emas. Hozirda Yevropaning barcha davlatlari AESdan bosqichma-bosqich voz kechishmoqda, AES ular uchun 20-50 yil muqaddam dolzarb edi.

O‘n yil ichida malakali kadrlarni amaliy tajribasiz yetishtirish amrimahol. Buning uchun atom energetikasi bo‘yicha mutaxassislarni O‘zbekistondan AESlarni ekspluatatsiya qilish borasida katta tajribaga ega bo‘lgan mamlakatlarga shartnoma asosida ishga jo‘natish kerak, chunonchi, Germaniya, Fransiya va Chexiya shular jumlasidandir. Yoki ularni MAGATE yo‘nalishida o‘qitish kerak. Ammo 10 yil ichida hamma narsa o‘zgarishi mumkin. Masalan, Samarqand quyosh stansiyasi qurilishi ham to‘xtatildi...

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Mavzuga oid