Fan-texnika | 01:01 / 11.12.2018
9302
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda iPhone’ning bir qator modellarini sotish taqiqlandi

Foto: www.apple.com

Xitoyning Fuchjou shahri sudi AQShning Apple Inc. kompaniyasini Qualcomm Inc. kompaniyasining ikkita patentini buzgan deb topib, Xitoyda iPhone’ning bir qator modellarini sotishni taqiqladi. 

Sud hukmiga ko‘ra, Apple kompaniyasi Qualcomm’ning ikkita – suratlarni tahrirlash va sensor ekran yordamida dasturlarni boshqarishga taalluqli patentlarini buzgan. 

Sud Xitoyda iPhone 6S, 6S Plus, 7, 7 Plus, 8, 8 Plus va iPhone X modellarini sotishni taqiqlagan. Sud qarori yaqinda chiqqan XS, XS Max va XR modellariga taalluqli bo‘lmaydi, chunki Qualcomm da'vo arizasini berganda hali ular chiqarilmagan bo‘lgan.

The Wall Street Journal nashrining ta'kidlashicha, Apple Xitoyda 6s, 6S Plus va X modellarini rasman sotmaydi. Ammo iPhone 7, 7 Plus, 8 va 8 Plus smartfonlari Apple’ning Xitoydagi rasmiy internet-do‘konida sotilmoqda. 

Xitoy dunyodagi eng yirik smartfon bozori va Apple uchun muhim bozor hisoblanadi. Bundan tashqari, Xitoyda iPhone smartfonlarini yig‘uvchi ko‘plab kompaniyalar joylashgan, bunday qurilmalar ulushiga Apple tushumining 75 foizi to‘g‘ri keladi.

Apple bunga javoban Qualcomm’ning harakatlarini noqonuniy deb aytgan va iPhone’ning barcha modellari Xitoyda sotuvda qolishiga va'da bergan. Kompaniyaning ta'kidlashicha, yuqorida sotilishi taqiqlangan barcha modellar ko‘rilayotgan patentlar ostiga tushmaydigan iOS 12 operatsion tizimida ishlaydi. Shu sababli AQSh kompaniyasi sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.

Xitoyda ayfonlar savdosi taqiqlanishi haqidagi xabardan keyin Apple’ning aksiyalari 2 foizga arzonlashgan, Qualcomm’niki esa, aksincha, 2,9 foizga qimmatlashgan.

Mavzuga oid