Yangiariqdagi 16-maktab obod qilinmoqda – Kun.uz tanqididan so‘ng vaziyat o‘nglandi
Xorazm viloyati Yangiariq tumani, Gulobod qishlog‘ining Soburzon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar 16-son umumta'lim o‘rta maktabida farzandlarining ta'lim olishi uchun sharoitlar og‘ir ekani haqida Kun.uz tahririyatiga shikoyat qilishgan edi.
Biz o‘quv dargohidagi vaziyatni o‘rganib, surishtiruv o‘tkazib, bu haqda Yangiariq tumanidagi 16-son maktab «Obod qishloq» dasturi asosida «obod qilindi» nomli tanqidiy maqolani chop etgan edik.
Shundan so‘ng, vaziyatga Xorazm viloyati IIB va viloyat prokuraturasi aralashdi. Maqoladagi faktlar tekshirilib, pudratchi korxonaning ishi tahlil qilindi. Bajarilgan ishlar hajmi o‘lchanib, sarflangan byudjyet mablag‘lari taftish qilindi. Maktabning ta'mirlanishida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bartaraf qilindi.
Xususan, maktab tomining chakka o‘tgan joylari qayta ta'mirlanib, yaroqli holatga keltirildi.
Sportzal ta'mirlanib, pol bo‘yaldi, isitish moslamalari yopildi. Endi oynalarga temir to‘r o‘rnatilsa kifoya.
Sport mashg‘ulotlaridan keyingi kiyinish va yuvinish xonalariga santexnika uskunalari o‘rnatildi, kanalizatsiyaga ulandi.
Fizika va kimyo fani kabineti ta'mirlanib, tayyor holatga keltirildi. Endi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktabga maxsus jihozlar, laboratoriya uskunalari yetkazib berilsa, kabinetda to‘laqonli dars o‘tish imkoniyati ham paydo bo‘ladi.
Maktab o‘quvchilari qo‘lini yuvishi uchun rakovinalar va isituvchi moslama ham o‘rnatildi.
Sifatsiz o‘rnatilgan oyna va eshiklar tuzatildi. Ularning barchasi ochilib-yopiladigan holatga keldi.
Pudratchi korxona tomonidan o‘rnatib berilgan va chiqish joylarini ko‘rsatib turuvchi belgilardagi imlo xatolari tuzatildi.
Qozonxonadan maktabga ulangan issiqlik tarmog‘i trubalari izolyatsiya qilindi, o‘raldi va ko‘mildi. Natijada, sovuq ob-havo sharoitida issiqlik energiyasining behuda yo‘qotilishiga barham berildi. Maktab dahlizi va o‘quv xonalaridagi harorat me'yorga mos holatga keltirildi.
Maktab binosining derazasiz qolgan joylariga derazalar o‘rnatildi. Ularga oyna qo‘yildi.
Maktab atrofi ham obod qilinmoqda, bolalar uchun xavfsiz hududga aylantirilmoqda.
Maktab qozonxonasiga elektr generatori olish uchun pul o‘tkazib berildi. Agar elektr energiyasida uzilish yuz bersa, kotyollar generator orqali ishlaydi. Natijada, maktabning isitish tizimi sovuqda muzlab, yorilib ketishining oldi olinadi.
Xorazm viloyati IIB va viloyat prokuraturasi tomonidan tanqidiy maqolaga e'tibor qaratilib, kamchiliklarning bartaraf qilinishi, aholining og‘iri yengil qilinishi quvonarli hol. Umid qilamizki, «Obod qishloq» dasturi asosida juda katta miqdordagi byudjyet mablag‘lariga qurilayotgan, ta'mirlanayotgan boshqa hududlardagi obektlar ham mutasaddi tashkilotlar e'tibori, nazoratidan chetda qolmaydi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
07:49 / 30.08.2023