Jamiyat | 14:37 / 31.12.2018
29823
7 daqiqa o‘qiladi

Zomin tumanida shifokor ta'mirdan chiqqan QVPni qabul qilishdan nega bosh tortyapti?

Kun.uz tahririyatiga Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi «Obihayot» QFYdagi E.Xolmatov qishloq vrachlik punktidagi holat yuzasidan murojaat kelib tushdi. Murojaatda QVP yangi ta'mirdan chiqqanligi, foydalanishga topshirilgani, bino va xonalar zamonaviy ko‘rinish kasb etgani bilan ayni paytda muassasa aholiga to‘liq va  sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yuz foiz tayyor emasligi, shu bois davolash maskani bosh shifokori binoni qabul qila olmasligi  bildirilgan.

Biz murojaatda keltirilgan kamchiliklarni o‘rganish, vaziyatni tahlil qilish maqsadida Zomin tuman «Obihayot» qishloq fuqarolar yig‘iniga yo‘l oldik.

— E.Xolmatov nomidagi QVP 6 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Shu maskanga bosh shifokor bo‘lib kelganimdan so‘ng eng katta korrupsiya qurilishda bo‘lishiga yuz foiz ishondim. Hayron bo‘lmang, men asossiz gapirmayman. Bu yerdagi «o‘yin»larni bilsangiz, siz ham fikringizni o‘zgartirasiz. Men ishlayotgan QVP aslida joriy yilning 20 avgustida to‘liq ta'mirdan chiqarilib topshirilishi shart edi. Ta'mir uchun davlat tomonidan 621 mln 624 ming so‘m mablag‘ ajratilgan. Ko‘rsatilgan muddatdan roppa-rosa uch oy o‘tib ketdi, ammo bu shifo maskanida ishlar hamon chala. Ta'mirlash jarayonida smetada ko‘rsatilgan ishlar to‘liq bajarilmagan. Qisqasi, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgan. Polga yotqizilgan kafel tagiga avval qora saqich qog‘oz tashlanib, «styajka» qilinmasdan kafel yopishtirib ketilgan. Har bir eshikka qo‘yilishi kerak bo‘lgan «anker» boltlari yo‘q. Suv tarmoqlari uchun mo‘ljallangan 1 metr diametrlik quduq qilinmagan. Xullas, aytaman desam gap ko‘p. Shifokor bo‘lsam ham, qurilishdagi bunday o‘yinlarni ko‘rib salkam quruvchi bo‘lib ketdim. Men bu binoni qabul qila olmayman! Mana, o‘zingiz qarang, hali qabul qilinmasdan nuray boshlayotgan bino qishloq ahliga qancha xizmat qilishi mumkin?! — deydi QVP bosh shifokori Odil Abdurazzoqov.

Binoning tashqi va ichki tomonlarini ko‘zdan kechirib sezdikki, bosh shifokorning so‘zlarida jon bor. Xonalar va tashqi fasaddagi kamchiliklardan qurilish ishlari shoshilinch ravishda qilinganini bilish mumkin.

— Ayni paytda muassasa aholiga to‘liq va va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yuz foiz tayyor, deb bo‘lmaydi. Asli quruvchiman. Agar hisoblashni boshlasak, bu yerga sarflanishi kerak bo‘lgan pulning teng yarmi ketgan, xolos. Jumladan, hovliga qilinishi kerak bo‘lgan 0,5 sm qalinlikdagi 43 smli shag‘al tashlanmagan, bordyurlar qilinmagan. QVPni atrofni o‘rash uchun smetada ko‘rsatilgan 2,520 tonna armaturadan atigi 900 kilodan ortiqrog‘i ishlatilgan. Darvoza o‘rniga eskisi qo‘yib ketilgan. QVPning old tomoni to‘siqlar bilan o‘ralgan, ammo yon va orqa tomon ochiqligicha qolib ketgan. Nima emish, «bu smetada ko‘rsatilmagan» emish. Nogironlar chiqishi uchun mo‘ljallangan 3,6 metrli pandus yo‘lakcha 1,5 metr qilib yasab ketilgan. Kirish zinalari yoniga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan suyanchiq, tayanch tutqichlar o‘rnatilmagan. Devorlar yorilyapti,ba'zi joylarda o‘pirilib ham tushdi. Hojatxona, qo‘yilishi kerak bo‘lgan ventilyatsiyalar haqida gapirmasam ham bo‘ladi», — deydi ismi ochiqlanishini istamagan suhbatdoshimiz.

«Men shu binoni indamay qabul qilishim ham mumkin edi. Afsuski, bunday qila olmayman. Bu yerga davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar o‘z o‘rniga qaytarilishi shart. Uni-buni qo‘ying, bu quruvchi shovvozlarimiz texnik anjomlar uchun smetada ajratilgan 2 millionlik uskunalar o‘rniga arzon va sifatsiz 200 ming so‘mlik uskunalarni almashtirib ketishgan. Ko‘rib turganingizdek, binoda jihozlar yetarli emas. Xonalar deyarli bo‘m-bo‘sh, bemorlarni o‘tqizish uchun kursilarimiz ham yo‘q...»

Qishloq vrachlik punktiga borib vaziyatni o‘rgangandan so‘ng Zomin tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Tursunqul Usmonqulov bilan murojaatda ko‘rsatilgan kamchiliklar yuzasidan suhbatlashdik.

Hokim o‘rinbosari shu yil rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan, bino va xonalar zamonaviy ko‘rinish kasb etgani bilan bir qatorda muassasa aholiga to‘liq va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yuz foiz tayyor ekanligini, qurilishga tegishli tashkilotlar baho berayotgan oddiy shifokor  qurilishda hech nimani tushunmasligini alohida ta'kidlab o‘tdi.

«Siz aytayotgan kamchiliklar bo‘yicha tegishli tashkilotlar o‘z xulosalarini beradi. Biz bir shifokorning gapi bilan QVPda qurilish ta'mirlash ishlari bajarilmagan, deb ayta olmaymiz, xullas siz bilan tegishli tashkilotlarining xulosalari olingandan so‘ng gaplashamiz», —deya suhbatga yakun yasadi hokim o‘rinbosari.

Odatda, biror murojaatni o‘rganar ekanmiz, maqsadimiz faqatgina tanqid qilish emas, balki muammoga ijobiy yechim izlashdir. Aslida tuman hokimligiga ham shu niyatda borgan edik. Tanqid qilish qochmaydi. Tuman hokimi o‘rinbosari Tursunqul Usmonqulov esa viloyat DAQN inspeksiyasi xulosalari olinganidan so‘ng barcha savollarimizga javob berishini aytdi.

«Ishonasizmi, aynan shu binoning qurilishi, uning sifati to‘g‘risida bir necha mas'ul idoralarga yozma murojaat qildim. Afsuski, birorta shikoyatim o‘z yechimini topmadi. Qilgan murojaatlarim izsiz, ijrosiz yo‘q bo‘lib ketmoqda. Muammoga yechim topish o‘rniga, eshitganim «Nega yozasan?», «Nega qo‘l qo‘ymaysan?», «Yozuvchimisan?», degan ta'na-yu dashnom. Menga alam qilgani — kamchiliklardan tumandagi deyarli barcha tegishli idora vakillari xabardor, lekin ijobiy natija yo‘q», — deydi kuyinib shifokor Odil Abdurazzoqov.

Xullas, ahvol shunday. Bundan yomoni ham bo‘lishi mumkin. Kun.uz tahririyati ushbu masalaga tegishli tashkilotlar e'tibor qaratib, muammoga ijobiy yechim topilishiga umid bog‘laydi.

Gulchehra Sharipova.

Mavzuga oid