Jamiyat | 19:07 / 25.01.2019
5881
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligida 4 nafar mahkuma qamoqdan ozod qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan ijtimoiy sheriklik asosida imzolagan memorandumga muvofiq Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudi tomonidan 42-son manzilli koloniyasi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida o‘z xatosini to‘liq anglab, jamiyat ravnaqi, oilasi farovonligi va farzandlari tarbiyasiga astoydil ahd qilgan 4 nafar mahkuma ayol Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligida muddatidan ilgari ozod etildi. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati shu haqida xabar berdi. 

Bu ayollar uchun belgilangan jazo muddatlari qisqartirilib, o‘talmay qolgan muddat axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Ozod etilgan ayollar oilasi bag‘riga qaytgach, jamiyat uchun foyda keltiradigan ishlar bilan shug‘ullanishga, farzandlari kamoli uchun jon kuydirishga so‘z berishdi. Bu borada ularga Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘limlari va mahalla mutaxassislari birgalikda ko‘mak beradi. 

Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan jinoyat sodir etganligi uchun jazoni o‘tash muassasalaridan ozod etilgan ayollarni qayta o‘qitish va ishga joylashishi uchun maxsus kurslar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid