Jamiyat | 15:21 / 27.01.2019
37620
9 daqiqa o‘qiladi

«Menga barcha sharoiti bor uy kerak». Mirzacho‘llik oilaning uy-joy uchun «kurashi»

«Menga uy kerak. Mirzacho‘l tumani hokimi menga uy bermayapti. Iltimos, ehtiyojmand oilalar uchun qurilayotgan uydan olishimizda yordam bersangiz. Ikkinchi guruh nogironman, farzandim ham nogiron, ikkimiz ijarada yashaymiz. Juda qiynalib ketdik. Farzandim uchun doriga pul topaymi yoki ijaraga pul to‘laymi? Ahvolimiz nihoyatda achinarli...»

Siz Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumani «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi S.N tomonidan tahririyatga yo‘llangan murojaatning qisqacha mazmuni bilan tanishdingiz.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Mirzacho‘l tumaniga yo‘l oldik. Tuman markazidamiz. Ko‘cha boshida bizni kutib olgan ayol yo‘l-yo‘lakay o‘z dardini ko‘zda yosh bilan ayta ketdi:

— Juda qiynalib ketdik. Uyimizda sharoit yo‘q. Ijarada yashaymiz. Ishlay desak — ish yo‘q. Ayol boshim bilan ro‘zg‘orni o‘zim ta'minlayman. Nogiron farzandimga qarayman. Turmush o‘rtog‘im ham vaqtincha ishsiz. Juda ko‘p joyga murojaat qildim. Xalq qabulxonasi, tuman, viloyat hatto Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, xullas, bormagan joyim qolmadi. Hamma joyda bir xil javob: «Sizga tuman hokimligi uy berishi kerak». Lekin uydan darak yo‘q. Mening murojaatlarimga Mirzacho‘l tuman hokimligi panja ortidan qarab kelmoqda. Tuman hokimi va adliya boshqarmasi rahbari bir bo‘lib meni qo‘rqitib, tushuntirish xati yozdirib oldi. Menga «yozuvchi» deb laqab ham qo‘yishgan. Alam qilgani shuki, Mirzacho‘l tumani hokimi Komil Xolmurodov «Yana bir marta yuqori tashkilotlarga murojaat qilsang seni ma'muriy javobgarlikka tortaman», deb qo‘rqitdi. Menga yordam bering.

Mirzacho‘l tumani hokimligidamiz. Keltirilgan e'tirozlarga tuman hokimi Komil Xolmurodov shunday javob qildi:

— Murojaatchi S.N.ni juda yaxshi taniyman. Qabulimda bo‘lgan. U 2018 yil kuzida bizga uy olishi masalasida murojaat qilgan edi. Arizachini 2019 yilda uy oluvchilar ro‘yxatga kiritib qo‘yganmiz, ammo S.N.ga biz tavsiya qilayotgan uylar yoqmayapti. Bittasining yonida katta ko‘cha o‘tgan bo‘lsa, yana birining yonida ariq o‘tgan, deydi. S.N.ga uning talablari darjasida uy qurib berish va topish uchun menda vakolatning o‘zi yo‘q. Biz murojaatchining va farzandining nogironligini hisobga olib, ro‘yxatga kiritganmiz. Lekin shuni unutmaslik kerakki, tumanda S.N.dan boshqa ham sharoiti og‘ir, uyga muhtojlar bor. Menga nisbatan keltirilgan ayblovlar bo‘yicha shuni aytishim lozimki, men S.N.ni qo‘rqitib yoki tayziq o‘tkazib tushuntirish xati yozdirib olganim yo‘q, rosti, bu ayblovga ajablanmayman, chunki murojaatchi bu yerda ishlayotgan barcha xodimlarni turli ayblovlar bilan ayblab kerakli joylarga xat bilan murojaat qilgan. Keyingisi siz bo‘lishingizga ham shubha qilmayman. Uni ogohlantirganimni tan olaman, chunki tuhmat uchun javobgarlik borligini eslatib qo‘yishni burchim, deb bilaman.

Buning ustiga, komissiya tomonidan uning ahvoli o‘rganilganda nomida uyi borligi aniqlangan. Ayni kunlarda surishtiruvlar boshlanishi bilan murojaatchi o‘z nomidagi uyni qaynog‘asining nomiga hadya tarzda notarius orqali rasmiylashtirib bergan. Davlat tomonidan ajratilayotgan uy-joylar esa qarorga asosan uy joyi yo‘q muhtojlarga berilishi kerak emasmi? Men qonun doirasida ish qilyapman. Shunday bo‘lishiga qaramay, biz murojaatchiga uy berilmaydi, demadik. Ro‘yxatga kiritdik.

Tuman hokimligi taqdim etgan ma'lumotlarda keltirilishicha, haqiqatdan ham ayni paytda murojaatchi istiqomat qilib kelayotgan xonadon avval S.N.ning nomida bo‘lgan va yaqindagina hadya sifatida turmush o‘rtog‘ining akasini nomiga o‘tkazib berilgan.

S.N. bunga javoban shunday deydi:

— Ha, rost, uy mening nomimda edi. Uni turmush o‘rtog‘im bilan akasi sherikchilik asosida ish boshlash jarayonida olishgandi, keyinchalik turmush o‘rtog‘im bilan aka-ukalar o‘rtasida sherikchilik ishi foyda keltirmadi. Biz qarz bo‘lib qoldik, mana endi turar joyimni ularning o‘ziga qaytarib beryapman. Ijarada yashamadim, rost, lekin ular bizga ko‘p yordam qilishgan, shu bois uyni shunday berib yubordim. Tuman hokimligiga ayting, surishtiruv ishlarini bas qilishsin, qarindoshlarim va uning oilasini so‘roqqa tutmasin. Agar ularni bezovta qilaverishsa, men turmush o‘rtog‘im bilan ajrashib ketaman. Toshkentda ajrim institutlari bor, ularga murojaat qilaman menga uy bersin. Men Toshkentga, barcha kerakli vazirliklarga boraman. Avval nogironman, deb borgan bo‘lsam, endi boquvchisi yo‘q deb boraman. Ularga shu kerakmi?».

Labi labiga tegmay gapirayotgan murojaatchining bu javobini eshitib, rosti hayratimiz oshdi. «Sizga qanday uy kerak o‘zi, ro‘yxatga kiritishgan-ku?», degan savolimizga esa murojaatchi shunday javob berdi: «Menga Gagarin shahrida namunali loyihalar asosida qurilgan imtiyozli uy-joylardan navbatsiz tekin uy kerak. Hamma sharoitlari bo‘lsin. Hovlisi bo‘lsin, bolam o‘ynashi uchun kerak. Farzandim II guruh nogironi, kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatida turamiz. Moddiy tomondan qiynalyapmiz».

— S.N. har safar murojaat bilan kelganida unga tushuntirishga harakat qilamiz. Ammo u tushunishni istamaydi. Hatto eshitmaydi ham. Tuman hokimi Komil Xolmurodov shu qurilayotgan ko‘p qavatli arzon uy-joylarning bosh to‘lovini to‘lab berishga homiy ham topib beraman, deb va'da berdi. Lekin bu ham uni qanoatlantirmagan ko‘rinadi. Balki sizga kulgili tuyular, ammo S.N. ariza qabul qiluvchi oddiy kotiba qizga nisbatan ham turli ayblovlar bilan tuman adliya bo‘limiga shikoyat qilgan ekan. S.N.ning turmush o‘rtog‘i ishlamaydi. «Nega turmush o‘rtog‘ingiz ishlamaydi?», desak, «kasal» deydi. Murojaatchining o‘zi bugun Toshkentda bo‘lsa, ertaga Jizzaxda, indin Mirzacho‘lda, u shahardan bu shaharga borib kelish uchun pul topishni bilgan, farzandiga doriga pul topolmasligi ajablanarli. Eng qizig‘i, uning ijarada yashamasligi ham ma'lum bo‘ldi, — deydi Mirzacho‘l tuman hokimligi bosh mutaxassisi Iroda Pashshayeva.

«Men aynan shu muammo bo‘yicha S.N.ning qayinog‘asi O.B. xonadoniga borib, u bilan uchrashdim. Uning aytishicha, xonadon ukasi undan qarzdorligi sabab uyni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan», deydi tuman hokimi muovini Xolmo‘min O‘roqboyev.

S.N.ga imtiyozli shartlarda arzon-uy joylardan birini olish uchun shakllantirilgan ro‘yxatga kiritilgani haqida xabar berganimizda, uning xursand bo‘lishini kutgandik. Ammo bundan qoniqmaganini, unga shu tobda to‘rt sotixli hovli va barcha sharoitlari muhayyo (mebel va barcha kerakli jihozlari bilan) uy olib bera olmaganimiz uchun ustimizdan yuqori organlarga arz qilishini bildirdi.

Na chora, bir insonning dardu-tashvishini deb, yelib-yugursang-u, u odam sizga «ustingdan arz qilaman», desa g‘alati bo‘larkan. Nima ham derdik...

Murojaat yuzasidan o‘rganishlarni yakunlab, ortga qaytar ekanmiz, ko‘nglimizdan bir fikr o‘tdi: balki hikoyamiz qahramoni yuqori tashkilotlardan yordam ham so‘rab, hadeb arz qilavergach, qaysidir amaldor bezor bo‘lganidan u xohlagan uyni ham olib berar... Lekin bu davlat rahbari tomonidan fuqarolarga berilayotgan imkoniyatlarni suiiste'mol qilish emasmi?

Xulosa o‘zingizdan.

Gulchehra Sharipova,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid