Jahon | 11:51 / 01.02.2019
9739
2 daqiqa o‘qiladi

Chikagoda anomal sovuqlar sababli temir yo‘l relslari olov bilan qizdirilmoqda (video)

Foto: AFP

AQShga kelgan anomal sovuq harorat oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi. AQSh ob-havo mutaxassislarining ta'kidlashicha, mamlakatning yirik shaharlaridan biri – Chikagoda harorat rekord darajada sovib ketib, -28 darajani tashkil qilgan.

Shu sababli Chikago temir yo‘l xizmati ishchilari poyezdlarning to‘xtashsiz harakatlanishi uchun relslarni olov yordamida qizdirishlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Metra kompaniyasi vakili Maykl Gillisning ma'lum qilishicha, relslarning o‘zi yonmayapti. Aslida olov relslar bo‘ylab joylashtirilgan gaz isitgichlaridan chiqmoqda.

“Harorat 0 darajadan tushib ketganda shu tizimdan foydalanamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Gillis.

Uning ta'kidlashicha, Shimoliy Amerikadagi boshqa temir yo‘l kompaniyalari ham shunday tizimlardan foydalanadi.

Ta'kidlanishicha, sovuq sababli metall qisqaradi, shu sababli relslar ulangan joylarida bir-biridan ajraladi. Olov esa ularni yana birikadigan holatgacha qizdiradi. 

Bundan tashqari, sovuq sababli temir yo‘l izlaridagi strelkalarga muz va qor tushishi mumkin. Ularni tozalash uchun ham isitish tizimidan foydalaniladi. Ma'lum qilinishicha, ba'zida ishchilar isitgichlarni o‘zlari yoqib, gaz kelishini va mos ravishda olovni nazorat qilishlari mumkin. Bunda ba'zida shpallarga zarar yetishi mumkin, biroq bu usul yuqoridagi usuldan xavfsizroq hisoblanadi.  

Kompaniyada ta'kidlanishicha, poyezdlar olov orqali xavfsiz o‘ta oladi, chunki ulardagi dizel yonilg‘isi ochiq alangadan emas, balki bosim va issiqdan yonadi.

 

Mavzuga oid