O‘zbekiston | 20:09 / 16.02.2019
51787
27 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning mudramayotgan sudyalari «insofli xaridor»ni qanday sargardon qilishayotgani haqida hikoya

Sohib aka Rahimovni juda sarson qilishyapti. U kishining «aybi» — Bosh prokuratura huzuridagi MIBning «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK orqali savdoga qo‘yilgan ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirani xarid qilib, g‘oliblik dalolatnomasini qo‘lga kiritib, uyni o‘z nomiga qonuniy rasmiylashtirib olgani bo‘ldi.

Oldinga o‘tib aytamizki, Sohib aka Samarqanddagi sudlardan najot topa olmayapti. To‘qqiz puldek tushunarli narsani Samarqanddagi sudlar, sudyalar yoki tushunmayapti, yoki qonunchilikdagi kamchiliklardan foydalanib, ataylab uyushtirishayapti. Sohib aka esa juda sarson bo‘layapti… va bor umidi Oliy suddan.

O‘zi nima voqea ro‘y bergan? Keling, bir boshidan hikoya qilib beraylik.

2015 yil 25 dekabr kuni Payariq tumanida istiqomat qilib kelgan fuqaro Elmurod Toshtemirov AT «Xalq banki»ning Temiryo‘l filiali bilan uy-joy sotib olishga ipoteka krediti ajratish to‘g‘risida shartnoma imzolaydi va unga 10 yil muddatga 18 foiz stavkasida ikkilamchi bozordan — Samarqand shahri Abu Bakr Roziy ko‘chasi 17-uyning 40-xonadonini sotib olish uchun 120 million so‘m kredit ajratiladi.

E.Toshtemirovga qo‘shilib, shartnomada uning uch tanishi kafillik bildirib «qo‘shimcha qarzdor» sifatida rasmiylashtiriladi. Endi Elmurod Toshtemirovning zimmasiga har oy kredit qarzini so‘ndirib borishdek majburiyat yuklanadi. Uy esa bank tomonidan garovga olinadi.

Lekin E.Toshtemirov kredit shartnomasi shartlarida o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni buza boshlaydi. Ya'ni, kreditning asosiy qismi va foizlarini to‘lashni kechiktiradi. Bank bir necha marta E.Toshtemirovning o‘zini, shuningdek shartnomaga imzo chekkan qo‘shimcha qarzdorlarni yozma va og‘zaki ogohlantirganiga qaramasdan to‘lovlar amalga oshirilmaydi.

Savdo sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi AT «Xalq banki» Temiryo‘l filiali manfaatini ko‘zlab, fuqaro E.Toshtemirov bilan tuzilgan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, 120 million so‘m asosiy qarz va 4 mln 760 ming so‘m foiz to‘lovi, 170 ming so‘m penya — jami 124 million 930 ming so‘m qarzni tomonlar 150 mln so‘mga baholagan va garovda turgan Samarqand shahri, Abu Bakr Roziy ko‘chasi 17-uyning 40-xonadoniga qaratish haqida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da'vo arizasi kiritadi.

Sudya N.Baratov (eslab qoling!) raisligida o‘tgan FIB Samarqand shahar sudi majlisining 2016 yil 1 avgustdagi hal qiluv qarori bilan da'vo qanoatlantiriladi: ipoteka krediti shartnomasi muddatidan avval bekor qilinadi (1), undiruv garovga qo‘yilgan kvartiraga qaratiladi (2).

Bu yerda bitta jihat borki, qarzdor E.Toshtemirov sud majlislariga umuman kelmaydi (buni u keyingi sudlarda «chaqiruv qog‘ozi kelmagan, bexabar qolganman», deb asoslagan). Ya'ni, sudning hal qiluv qarori sirtdan chiqariladi.

2016 yil 1 avgustda hal qiluv qarori chiqqan bo‘lsa, oradan 1,5 oy o‘tib, 14 sentyabrda mazkur qaror Sud ijrochilari Samarqand shahar bo‘limiga ijro uchun o‘tadi va ijro ishini yuritishni qo‘zg‘atish haqida qaror qabul qilinadi. Sud ijro departamenti qanaqa «lallaygan» tashkilot ekanligi hammamizga ma'lum edi, oradan bir yil o‘tib MIB tashkil etilgach, ular ishga kirishadi va mazkur qarorning ostiga 2017 yil 25 sentabr kuni E.Toshtemirov «tanishdim» deb imzo chekadi.

Oradan vaqt o‘tib bormoqda. Endi shu vaqt oralig‘ida ham E.Toshtemirovda bank oldidagi qarzni yopish, kvartirani garovdan chiqarib qolish uchun imkoniyat bor edi. Lekin u bunday qilmagan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limining 2017 yil 16 dekabrdagi qarori bilan Elmurod Toshtemirovga tegishli o‘sha kvartira onlayn auksionga sotish uchun chiqariladi.

Onlayn auksionda dastlabki kelishilgan narx — 150 million so‘mga xaridor chiqmaydi. Muddat o‘tgach, pasaytirish bo‘yicha uy yana auksionga chiqariladi.

2018 yilning 26 yanvar kuni maqolamiz qahramoni Sohib Rahimov onlayn auksionda 120 million so‘mga xarid qiladi. Unga «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUKning №OA 0701-000015 sonli bayonnomasi beriladi. (Lot №0003642)

Fevral oyida E.Toshtemirov uyni yangi egasiga bo‘shatib beradi. S.Rahimov mart oyida uyga ko‘chib kiradi. Uyni ta'mirlash uchun S.Rahimov 10 million so‘mga yaqin xarajat qilgan, maza qilib yashamoqda. Soliq, elektr energiyasi, suv, tabiiy gaz hamda shirkatga kommunal to‘lovlarni to‘lab kelmoqda. Bu yoqda qiziq ishlar boshlanib ketganidan esa bexabar…

Tayyor uy qo‘ldan chiqarilganini anglagan E.Toshtemirov advokatlar bilan qurollanib, FIB Samarqand shahar sudiga 2018 yil 23 mart kuni da'vo arizasi kiritadi va 2016 yil 1 avgustda hal qiluv qarori chiqqan suddan chaqiruv qog‘ozi olmagani uchun bexabar qolganini ro‘kach qiladi. Arizasiga shuningdek, Savdo-sanoat palatasi AT «Xalq banki» Temiryo‘l filiali nomidan sudda qatnashishga haqqi yo‘qligini, sudda u bankka kiritgan 40 mln so‘m dastlabki badal puli taqdiri oydinlashtirilmaganini ham qistirib o‘tadi.

2016 yil hal qiluv qarorini chiqargan sudya N.Baratovning o‘zi da'vogar E.Toshtemiroving sud majlisiga kela olmaganini uzrli, deb topadi va 2016 yil 1 avgustda (20 oy avval!!!) o‘zi chiqargan hal qiluv qarorini 2018 yil 2 aprel kuni bekor qilish haqida ajrim chiqaradi. Garchi o‘sha hal qiluv qarorida uning ustidan shikoyat qilish muddati 20 oy emas, 20 kun deb belgilangan bo‘lsa-da.

Amaldagi FPKning 99-moddasini ochamiz: «99-modda. Ekspertizaning ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi». Ekspertiza bir xil (komissiyaviy ekspertiza) yoki turli xil (kompleks ekspertiza) sud-ekspert ixtisosligidagi bir necha ekspert tomonidan o‘tkazilishi mumkin...

Buning ko‘rilayotgan ishga nima daxli bor?

A-ha, bu — 2018 yil 1 apreldan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksidan-ku?! Sudyaning bundan xabari bo‘lmagan shekilli, 2 aprel kuni eski FPKning 99-moddasinini qo‘llab, ajrim chiqaradi.

Shunda ham, eski FPKning 99-moddasida (ariza topshirilgan 23 mart kuni amalda bo‘lgan kodeks matnida) quyidagicha qoida belgilangan edi:

99-modda. Arizani ko‘rmasdan qoldirishning oqibatlari

...Agar taraflar sud majlisiga uzrli sabablarga ko‘ra kela olmaganliklarini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etsalar, da'vogar yoki javobgarning iltimosnomasiga binoan sud ushbu Kodeks 97-moddasining 4 va 5-bandlariga asosan arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida chiqargan o‘z ajrimini bekor qiladi.

Bu yerda gap arizani ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risidagi ajrim haqida ketmoqda. Ya'ni, taraflardan birortasi kelmaganligi sababli sud arizani ko‘rmasdan qoldirgan bo‘lsa va keyinchalik taraf paydo bo‘lsa, sud ishni qayta ko‘rishni boshlaydi. Lekin hurmatli sudya N.Baratov 2016 yilning 1 avgustida arizani ko‘rib chiqqan va sirtdan hal qiluv qarori chiqargan edi. Bunday vaziyatda sudya o‘zining hal qiluv qarorini FPK 99-moddasi bilan bekor qilishi qay darajada qonuniy? Bu savolga Oliy sud va malakali huquqshunoslar javob bergani ma'qul.

Qayd etib o‘tish lozim, E.Toshtemirovning sud majlisiga kela olmaganini uzrli, deb topishda u va unga sherik qarzdorlar bir necha marta bank tomonidan ogohlantirilgani hisobga olinmagan. Xatlar E.Toshtemirovga yetkazilgani to‘g‘risida pochta reyestrida qaydlar ham bor.

Qolaversa, uyning yangi egasi S.Rahimov o‘ziga xos tajriba o‘tkazib, bankdan o‘z manziliga xat jo‘natib, xat yetib kelgach uni ataylab olmasdan, ortga qaytarib yuborgan va pochta orqali forma-20 bilan qayd etilib, xat jo‘natuvchi manzili — bankka qaytib borgan. Modomiki, suddan jo‘natilgan chaqiruv qog‘ozi E.Toshtemirovga yetib bormagan, u olmagan ekan, xatlar sudga qaytib kelgan bo‘lishi shart edi. Nega sudya N.Baratov ularni ishga tikib qo‘ymagan?

«O‘rnimdan turolmaydigan kasal bo‘lib qoldim», «Rossiyaga ishlashga ketgan edim» kabi uzrli bahonalar emas, E.Toshtemirov sudga chaqiruv qog‘ozini olmagani uchun kelolmaganini bayon etayapti, sud esa buni uzrli, deb topmoqda! Shunchaki, qoyil!

Shunisi e'tiborga sazovorki, S.Rahimov sud mashmashalariga aralashib qolgach, sud tomonidan uning yangi uy manziliga ham, propiska qilingan manziliga ham jo‘natilayotgan har bir xat o‘z vaqtida yetib bormoqda. Demak, pochtada ayb yo‘q.

Endi Samarqanddagi sudlar tomonidan «tuynuk» qanday ochilishi va u chapdastlik bilan qanday «kengaytirilishi» haqida hikoya qilamiz. Bu boshqalar uchun o‘ziga xos master-klass!

Sudya 2018 yil 2 apreldagi ajrim bilan 2016 yilgi hal qiluv qarori bekor qilinishi tufayli ishni qayta ko‘rish uchun 2018 yil 10 aprelga sud majlisi chaqiriladi. 2018 yil 24 aprel kuni FIB Samarqand shahar sudyasi N.Baratovning yangi hal qiluv qarori chiqariladi.

E'tibor bering: bu muddat ichida o‘sha 2016 yilgi qaror asosida 2018 yil yanvarda uy auksion orqali sotuvga chiqarilgan. 120 million so‘mga uyni S.Rahimov sotib olgan. U to‘lagan pulning (bizdagi MIB Samarqand shahar bo‘limi xulosasiga ko‘ra) 92 million 827 ming 879 so‘mi E.Toshtemirovning kredit asosiy qarzi qarzdorligini yopish uchun «Xalq banki»ga kelib tushgan. Bundan 937.555 so‘m ijro yig‘imi undirilgan. Bundan tashqari qarzdor E.Toshtemirov mulki sotilgan puldan davlat foydasiga 24 million 786 ming so‘m davlat boji va 247 ming 866 so‘m ijro yig‘imi undirilgan. «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» DUK 1 foizlik badal haqi — 1 million 200 ming so‘m ushlab qolgan. Jami — 120 million so‘m!

E.Toshtemirovning garovga tikilgan uyi sotilib, yangi egasini topib ketgan bo‘lsa-da, hali bank oldidagi asosiy qarzdan va foizlardan qarzlari 2018 yil aprel oyi holatiga 50 million 580 ming 462 so‘mni tashkil etib turgan edi.

Tabiiyki, bank ushbu holatda undiruvni garovga qarata olmaydi. Chunki ular juda yaxshi bilishadiki, uy auksionda sotilib ketgan — endi garov yo‘q. Lekin hamon bank oldida qarz bor. O‘z-o‘zidan, bank ham sud oldiga qolgan 50 milliondan ziyod pulni E.Toshtemirov va uning sherik qarzdorlaridan undirish talabini qo‘yadi.

Sudya N.Baratovning yangi hal qiluv qarorida biror joyda undiruv garovdagi mulkka qaratilishi lozimligi qayd etilmagan. Chunki sudya ham juda yaxshi bilib turibdi, garovdagi mulk auksionda sotib yuborilgan. Sotib undirsa bo‘ladigan narsaning o‘zi allaqachon yo‘q! U — birovning mulki! Bank ham u talabni qo‘ymayapti. O‘sha «birov» to‘lagan pul E.Toshtemirovning kreditini so‘ndirishga sarflangan va uning bank oldidagi qarzi hamon 50 milliondan ziyodroqni tashkil etmoqda.

Endi qaytadan ko‘rilgan ishning qaror qismiga e'tibor bering:

«Bankning Javobgar Toshtemirov Elmurod va boshqalar (qo‘shimcha qarzdorlar — Sh.Sh.) ga nisbatan kredit shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish va kredit qarzdorligini undirish haqidagi da'vosi qisman qanoatlantirilsin.

Javobgar Toshtemirov Elmuroddan AT «Xalq banki» Temiryo‘l filiali foydasiga jami 50.582.462 so‘m miqdorida kredit qarzdorligi undirilsin.

Javobgar Toshtemirov Elmuroddan davlat foydasiga 1.011.609 so‘m davlat boji undirilsin».

Bo‘ldi! Sotilgan kvartira haqida gap-so‘z yo‘q. Kredit qarzdorligining katta qismi S.Rahimov to‘lagan mablag‘ hisobidan yopilgani haqidagi ma'lumot ham.

Boz ustiga, kvartiraning yangi egasi S.Rahimovning manfaatlariga daxl qiladigan vaziyat vujudga kelayotgan bo‘lsa-da, bu bo‘layotgan ishlardan u mutlaqo xabardor qilinmagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi kassatsiya instansiyasining sudya B.Norov raisligida o‘tgan sud majlisi 2018 yilning 4 oktabr kuni ajrim chiqaradi.

«Birinchi instansiya sudi qayd etilgan qonun talablari va ish holatlaridan kelib chiqib, qarzdor tomonidan kredit shartnomasi shartlari bajarilmasdan kredit qarzdorligi o‘z vaqtida to‘lanmaganligi hamda sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan kredit qarzdorligi qisman undirilganligini inobatga olib, so‘ndirilmasdan qolgan qolgan kredit qarzdorligini undirish haqida asosli xulosaga kelgan bo‘lsa-da, biroq taraflar o‘rtasidagi kredit shartnomasi bekor qilmasdan qoldirilgan.

Kassatsiya instansiyasi sudi yuqoridagilardan kelib chiqib, hal qiluv qarorini to‘ldirish yo‘li bilan o‘zgarishsiz qoldirishni lozim, deb topdi», — deyiladi kassatsiya sudi xulosasida.

Ajrimda esa FIB Samarqand shahar sudining 2018 yil 24 apreldagi hal qiluv qarorining xulosa qismi quyidagi jumla bilan to‘ldirish orqali o‘zgarishsiz qoldirilsin:

«AT «Xalq banki» Temiryo‘l filiali va qarzdor E.Toshtemirov, qo‘shimcha qarzdorlar — M.Sanayeva, O.Hasanov, A.Toshtemirov o‘rtasida tuzilgan 2015 yil 24 dekabrdagi №66-son kredit shartnomasi bekor qilinsin».

E'tibor bering, kassatsiya instansiyasi ajrimida «sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan kredit qarzdorligi qisman undirilganligini inobatga olib... asosli xulosaga kelgan», deyilmoqda ya'ni, aslida, sud E.Toshtemirovga tegishli mulkni auksion orqali S.Rahimov xarid qilgani va u to‘lagan pul evaziga kredit qarzdorligi qisman undirilganligini inkor etmayapti. Hali hech kim E.Toshtemirovga «uy endi yana seniki, bo‘ldi, qaytarib olaver», degan emas. Ya'ni, bank talabining birinchi qismi bajarib bo‘lingan — undiruv garovdagi mulkka qaratilib, pul undirib bo‘lingan.

Lekin bu qarorni E.Toshtemirov «g‘alaba» o‘laroq qabul qilib, ochib berilgan «tuynuk»ni kengaytirishga kirishadi. Ya'ni, qarorda garovda turgan uyning taqdiriga oydinlik kiritilmaganini ro‘kach qilib, birov pul to‘lab sotib olgan uyni birato‘la bank garovidan ham «qutqarib», teppa-tekinga o‘ziga qaytarib olmoqchi!

Endi E.Toshtemirov avgust oyida Samarqand shahar ma'muriy sudiga murojaat qilib, MIB Samarqand shahar bo‘limining mol-mulkni elektron auksionda sotish uchun chiqarish haqidagi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida ariza beradi.

Alohida diqqat qilishingizni so‘rar edikki, Sohib Rahimov faqat shu vaqtga kelibgina, bo‘layotgan ishlardan xabar topadi. Shunda ham hali u sudya N.Baratovning 2 aprel kungi «mash'um» ajrimi hammasiga sababchi bo‘layotganidan bexabar!

Samarqand shahar ma'muriy sudining 2018 yil noyabr oyida sudya J.Karimov raisligida chiqarilgan hal qiluv qarorida arizachining shikoyati qanoatlantiriladi va MIB Samarqand shahar bo‘limining 2017 yil 16 dekabrdagi E.Toshtemirovning «Xalq banki» oldidagi jami 134 million 933 ming so‘m kredit qarzdorligini undirishni unga tegishli uch xonali kvartiraga qaratish va uni elektron onlayn-auksion orqali savdoga chiqarish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas, deb topilmoqda.

Iye, nega haqiqiy emas? Nima, Bosh prokuraturaga bo‘ysunadigan onlayn auksionning qarorini S.Rahimov yoki birov soxtalashtirganmidi?

MIB kvartirani auksionga chiqargan vaqtda buning uchun qonuniy asosi — sudning hal qiluv qarori bor edi-ku? U kuchida edi-ku?!

Qolaversa, sudya B.Norov raisligida o‘tgan kassatsiya sudi ajrimida «sirtdan chiqarilgan hal qiluv qaroriga asosan kredit qarzdorligi qisman undirilganligini inobatga olib... asosli xulosaga kelgan», deyilmoqda. Demak, o‘sha paytdagi mavjud qarorga ko‘ra harakatlar to‘g‘ri bajarilgan va ular sud tomonidan inobatga olinmoqda.

2018 yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi M.Rabiyeva S.Rahimovning FIB Samarqand shahar sudining 2018 yil 24 apreldagi hal qiluv qarori va FIB Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 4 oktyabrdagi ajrimiga nisbatan nazorat tartibidagi shikoyatini o‘rganib chiqadi va S.Rahimovning shikoyati bo‘yicha nazorat tartibida qayta ko‘rish uchun asoslar mavjud emas, deb topadi va unga Samarqand shahar ma'muriy sudining hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish huquqi tushuntiriladi.

Ya'ni, Oliy sud sudyasi ham Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning qarorida S.Rahimovning mulkiga daxl etilayotgan holatni ko‘rmayapti va ma'muriy sud qarori ustidan shikoyat qilish kerakligini aytmoqda.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 229-moddasi (Mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish) ning ikkinchi qismida «Agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmaydi», deyilgan.

Samarqand shahar prokuraturasi 2019 yil 21 yanvar kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining kassatsiya sudlov hay'atiga kassatsiya tartibida barcha baloni boshlagan 2018 yil 2 apreldagi sudya N.Baratovning ajrimi yuzasidan xususiy protest kiritgan, lekin sudya B.Norov O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik-protsessual kodeksining 288-moddasiga ko‘ra uni qabul qilishni rad etmoqda.

Nega biz «barcha baloni boshlagan» deyapmiz? Sababi ushbu ajrimning qonuniyligiga katta shubha uyg‘onishi tabiiy. Sababi FPKda aniq va tiniq qilib yozib qo‘yilgan, agar sud tarafning sud majlisiga kelmaganligiga uzrli sabablar borligini va bu haqda sudni o‘z vaqtida xabardor qilish imkoniyati bo‘lmaganligini hamda taraf sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni taqdim qilayotganini aniqlasa, sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarori bekor qilinib, ishni mazmunan ko‘rish tiklanishi lozim.

Endi bir boshidan ko‘rib chiqaylik:

1) Sudga kelmaganligiga uzrli sabab bormidi? Sud uning uyiga yuborilgan xatlarni nimaga bormaganligini tekshirib ko‘rganmidi? Yo‘q!

2) Sud bu haqda sudni o‘z vaqtida xabardor qilish imkoniyati bo‘lmaganligini ham tekshirishi kerak edi. Mayli, biz barcha taxminlarni E.Toshtemirovning foydasiga o‘ylaylik-da, suddan bexabar bo‘lgan deylik. Lekin u o‘sha sud majlisida uyi olib qo‘yilganligini 2017 yil 25 sentabr kuni bilgan. Chunki o‘sha kuni ijrochilar unga uydan chiqarish to‘g‘risidagi ijro qarorini tanishtirib, imzo qo‘ydirgan. Demak, nazariy jihatdan o‘sha kuni sud qarori haqida bilgan. Lekin oradan 6 oy o‘tib, sudga da'vo arizasi kirityapti. Mana shu 6 oy ichida nahotki unda «sudni o‘z vaqtida xabardor qilish imkoniyati» bo‘lmagan? Sudya N.Baratov buni tekshirganmi?

3) Taraf sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuniga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan dalillarni taqdim qilganmi? Yo‘q! Chunki sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarori bekor qilinib, qaytadan ko‘rilganda ham baribir sud bank foydasiga qaror qabul qilgan. Ya'ni bank kiritgan da'vo yana qaytadan qanoatlantirilgan, baribir hech narsa o‘zgarmagan.

Yuqoridagi 3 ta asosga tushmayotganligini oddiy xalq ham ko‘rib turibdi, buni bilish uchun o‘ta malakali yurist bo‘lish ham shart emas. Boz ustiga, yuqorida FPK 99-modda bo‘yicha ajrimdagi tushunmovchilik (xatolik deyishga biroz istihola qildik) haqida ham yozgandik. Unda bizni yana o‘sha savol qiynaydi, bunchalar ko‘p shubhalar bilan, qaysi asoslarga ko‘ra, janob sudya N.Baratov o‘zining 20 oy avvalgi hal qiluv qarorini bekor qilgan ekan? Birorta mantiq ko‘rmayapmiz bunda. 

Nima sudyalar FPK 288-moddaga binoan, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi ajrim ustidan shikoyat qilinmasligini (protest keltirilmasligi) bilib, xohlagancha mantiqsiz ajrimlar chiqaraverishadimi? Axir bu sudyalarni mas'uliyatsizlikka yetaklamaydimi?

E'tibor bering, yangi FPK 2018 yil 1 aprelda kuchga kirdi. Sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrim esa ertasi kuni — 2 aprelda chiqarilyapti. Yangi FPKning 288-moddasida belgilangan qoida eski FPKda yo‘q edi. Yangi FPK avvaldan matbuotda e'lon qilingan, E.Toshtemirov go‘yoki sud bo‘lib o‘tganidan 6 fevral kuni — uydan quvib chiqarilgach «xabar topgan», lekin arizani fevral oyida emas, 2018 yil 23 martda — Yangi FPK qabul qilinishidan 9 kun avval yozyapti.

Eng qizig‘i, S.Rahimovning aybi nima?! Davlatning auksionidan uy xarid qilganimi?! Yoki uni hech kim chaqirmagan sud bo‘lib o‘tganidan bexabarligidami?

Xo‘p, sud qarorlari bilan o‘sha kvartira bir iloj qilib avvalgi egasi — E.Toshtemirovga qaytarib berilayotgan ekan, nega biror joyda S.Rahimovning xarajatlari qay tarzda qoplanishi lozimligi o‘z aksini topmayapti? U to‘lagan 120 million so‘mni, uyni ta'mirlashga ketkizgan pullarni kim to‘laydi? E.Toshtemirov qaytarib beradimi?! Bankka 10 yil ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lashni eplolmagan odam birdan 120 millionni qayerdan oladi?!

O‘zingiz o‘ylang, MIBning ijro to‘g‘risidagi qarorini 2017 yilda E.Toshtemirov tanishib, imzolagan, auksiondan avval MIBchilar kvartirani kelib suratga olib ketishgan. S.Rahimov ham uyni o‘sha e-auksion.uz saytidagi suratlarga qarab, tanishib tanlagan. Endi kvartirani happa-halol qo‘lga kiritgan S.Rahimov sudlar ostonasida sarson bo‘lmoqda. U hattoki advokat ham yollamagan. Shunchaki, mamlakatimizdagi qonun ustuvorligiga astoydil ishonib, bir o‘zi harakat qilmoqda. 12 fevral kuni u yangi ochilgan holatlar bo‘yicha FIB Samarqand shahar sudiga da'vo arizasi kiritdi. Lekin Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi endi S.Rahimovni uydan majburiy chiqarish haqidagi masalani o‘rganmoqda.

Nima ham derdik, sudyalarimiz o‘zlarining mujmal qarorlari bilan sud-huquq sohasida boshlab berilgan islohotlarni shubha ostida qoldirishmoqda. Aslida, ular Toshtemirovga qarata «Shartnomaga imzo chekib, o‘z zimmangizga olgan majburiyatni nega bajarmadingiz?» — deb savol berishlari kerak edi. Bunaqa hollar ko‘payaversa Bosh prokuraturaning auksioniga ishonch qoladimi odamlarda?

O‘z navbatida, alohida ta'kidlash kerakki, AT «Xalq banki» Temiryo‘l filialining yuristlari ham bu masalada yaxshigina aybdor. Sababi ular keyingi sud majlislarida auksionda sotilgan uyning taqdirini ham sudda ko‘tarishlari va buni sud qarorida ko‘rsatilib ketilishiga erishishlari kerak edi. Ammo ular «uy sotilib, puli bankka tushgan-ku, endi bizga nima farqi bor», deganday, befarq bo‘lishgan. Vaholanki, ushbu mojarolar davom etsa, oxirgi kaltak baribir bank boshida sinishi mumkin. Sababi S.Rahimovning uyi olib qo‘yilsa, mantiqan olganda, uning puli ham tiyin-tiyinigacha qaytarilishi kerak. Bu pullarni esa, sud yoki MIB emas, aynan bank qaytarishga majbur bo‘ladi.  

Xullas, mana shunaqa gaplar... O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi «Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish markazi» Davlat unitar korxonasining Elektron-onlayn auksionida qatnashib, biror mulkni qo‘lga kiritishingiz hali ushbu mulk to‘liq sizniki degani emas. Biror mulkingiz auksionga qo‘yilib sotilib ketsa ham u hali butunlay «qo‘ldan chiqdi», degani emas. Uni hech bir to‘lovlarsiz, boz ustiga garovdan ham chiqarib yana qo‘lga kiritishingiz mumkin. Chunki sudyalarimiz mudrashmayapti!

Biroq, Kun.uz ham mijja qoqmaydi va bu ishni oxirigacha kuzatishda davom etadi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid