Sport | 19:15 / 18.02.2019
24483
10 daqiqa o‘qiladi

Tartibsizlik. «Supermasliga» yangi mavsum arafasida

Professional futbol ligasi 2019 yilgi mamlakat chempionati bahslari 8 martdan boshlanishini e'lon qildi. Yangi chempionatga qur'a tashlash marosimi esa 25 fevralda o‘tkaziladigan bo‘ldi.

PFL va O‘FAning faoliyati ko‘p tanqid qilindi. Foydasi bo‘lmagach, OAVning ham toqati toq bo‘ldi va bugun futbol mulozimlari ko‘p ham tanqid qilinmayapti. Lekin PFL hech bo‘lmasa aytgan gapini o‘z vaqtida bajarmagani tashkilot nomini yana achchiq so‘zlar bilan tilga olishga majbur qilmoqda.

PFL chempionatning yangi mavsumi 1 martda boshlanishini aytgandi, lekin 18 fevral kuni tashkilot chempionat 8 martdan boshlanishini ma'lum qildi. Yangi mavsumga qur'a tashlash marosimi esa 25 fevral kuni o‘tkaziladi. Bir qarashda chempionat boshlanishi bir hafta kechga surilishi fojia emas, lekin professional tashkilotning bunday ish tutishi uning statusiga salbiy ta'sir qiladi. Keling, shu o‘rinda PFLning oxirgi vaqtlarda qilayotgan yana boshqa professionallikdan yiroq harakatlarini sanab o‘tsak.

O‘zbek futbolidagi islohotlardan so‘ng bir narsa odat tusiga kirdi: tartibsizlik. Chempionat taqvimi e'lon qilinadi, lekin u taqvimni mavsum avvalida devorga urib qo‘yishdan mantiq yo‘q. Chunki taqvim albatta mavsum davomida bir necha o‘n marta o‘zgaradi. Birinchi Liga haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Darvoqe, endilikda uni Pro-Liga deymiz. Pro-Liga degani professionallar ligasi degani. Ammo bu ligadagi jamoalar mehmondagi o‘yinlarga shifokor va hatto zaxira darvozabonlarisiz yo‘l olishadi. Chunki yo‘l xarajatlari og‘irlik qiladi.

Ba'zan Pro-Liga jamoalari safardagi o‘yinlarga bormaganliklari uchun ularga texnik mag‘lubiyat ham yozib turiladi. Pro-Liganing «B» guruhida esa ahvol undan ham achinarli. Stadionlarning ahvoliga qarab bo‘lmaydi, ba'zan zaxira futbolchisi bo‘lmagani sabab jamoalar jarohatlangan futbolchilar o‘rniga boshqasini ham tushira olishmaydi. Pro-Liganing quyi qismidagi jamoalar futbolchilariga maosh berishi ham dargumon. Mana shunday allambalo jamoalar o‘ynaydigan chempionat qanaqasiga Pro-Liga bo‘lsin? Chempionatning nomini super deb qo‘ygan bilan ish bitsa, biz allaqachon chindan ham super chempionatga ega bo‘lardik.

Biroq hozircha bizning chempionatning faqat nomigina super. Mavzudan uzoqlashib ketdik, a? Demak 18 fevraldagi bayonot haqida. Unda aytilishicha, yangi mavsum uchun qur'a 25 fevral kuni tashlanadi. Bu kuni qur'a tashlashning o‘zi bo‘lsa ham mayli edi, o‘sha kuni yangi mavsumda qatnashadigan jamoalar soni aniq bo‘ladi! Tasavvur qilyapsizmi, 8 mart kuni boshlanadigan chempionatda qaysi jamoalar qatnashishi 25 fevral kuni aniq bo‘ladi. Kelasi mavsumda chempionatda qaysi jamoa qatnashish-qatnashmasligi o‘tgan mavsum yakunida aniq bo‘lishi kerak emasmi? Yo‘q, bizning futboldagi islohotchilar boshqalarga o‘xshashni xohlamaydilar va shu sabab har qanday qoidalarni indamay buzaveradilar.

Bu gaplarni PFLdagilarga aytsangiz, bitta javobni eshitasiz: jamoalar litsenziyalash talablarini bajarishmagan. Shu sabab hali yangi mavsumda chempionat 12ta emas, 10ta jamoa bilan ham boshlanishi mumkin. Ikkita jamoa o‘tgan mavsumda chempionatdagi o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa-da, yangi mavsumni quyi ligada boshlashi mumkin. Quyi ligada esa hali umuman hech narsa aniq emas. Yangi mavsumdan Pro-Ligada «A», «B» ligalaridan tashqari alifboning boshqa harflari bilan ataladigan ligalar paydo bo‘lsa ham ajablanmang.

«Surxon» Superligada o‘ynaydimi?

Oxirgi vaqtlarda «Surxon» Superligaga chiqarkan, degan gaplar ko‘paydi. Bu aslida ishonish qiyin bo‘lgan gap, chunki o‘tgan mavsumda Pro-Ligada 4-o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoa hech qanaqasiga keyingi mavsumda yuqori divizionda o‘ynay olmaydi. Agar Superligadan qaysidir jamoa tushib ketsa ham (ishqilib bunday bo‘lmasin), uning o‘rniga «Mash'al» yoki «Istiqlol» chiqishi kerak. «Surxon»ning yuqori divizionda o‘ynash uchun yuridik asosi ham yo‘q. Lekin PFL «Superligada PFL talablarini bajargan jamoalargina o‘ynaydi» degan gapi bilan «Surxon»ning 2019 yilni yuqori divizionda boshlashini istisno qilmagandek. Biz ham Surxon diyoriga katta futbol qaytishini istaymiz, lekin bu tarzda emas.

Tasavvur qiling, O‘zbekistondagi biror boy inson kutilmaganda futbolga qiziqib qoldi. Aytaylik, o‘sha boyvachcha bugun tunda o‘tkaziladigan «MYu» hamda «Chelsi» jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni ko‘rib, bitta klub ochaman deb niyat qildi. Bitta o‘yin nimani ham o‘zgartirardi deb o‘ylasangiz, sizga bitta misol keltiramiz. Roman Abramovich 2003 yil 23 aprelda Chempionlar Ligasi chorak finalidan o‘rin olgan «MYu» hamda «Real» jamoalarining «Old Trafford»dagi o‘yinini (ser Aleks Bekhemdan arazlab uni zaxirada qoldirgan, lekin zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Devid ikkita gol urib «Yunayted» 4:3 hisobida g‘alaba qozongan o‘yin) stadiondan tomosha qiladi. O‘yin tugashi bilan ish boshqaruvchisiga qo‘ng‘iroq qilgan Abramovich unga shunday deydi: «Ingliz klublarining narxlarini surishtir, ulardan birini sotib olamiz».

Demak, O‘zbekistonda klub ochmoqchi bo‘layotgan boy kishi haqidagi fantaziyamizga qaytsak. Xullas, shunday odam yo‘q joydan jamoa tuzsa, unga baza qursa, sharoitlarni qoyillatib qo‘ysa, biror stadionni olib, quling o‘rgilsin qilib ta'mirlasa, murabbiyiga galstuk taqdirsa, biror yovvoyi hayvonni tanlab, uni jamoa ramziga aylantirib maskot yasasa, bir so‘z bilan aytganda, PFLning barcha talablarini bajarsa, u tomdan tarasha tushganday Superligada o‘ynab ketishi mumkinmi? Aslida yo‘q, lekin PFLning bugungi o‘ta mantiqsiz, kurakda turmaydigan siyosatiga ko‘ra mumkin. Axir saralashda qatnashishga haqqi bo‘lmagan va yangi ochilgan jamoaning nima farqi bor? Esingizda bo‘lsa, bir vaqtlar «Olmaliq» yo‘q joydan Oliy Ligaga olib chiqilgandi. Aslida mana shunday qarorlari bilan PFLning o‘tgan rahbariyati o‘z obro‘sini futbolchilar va muxlislar oldida yo‘qotgandi. Biz esa PFL salobatli tashkilot bo‘lishini, uni barcha hurmat qilishini xohlaymiz. Lekin tartibga emas, buyruqbozlikka asoslangan ishlar bilan bunga erishib bo‘lmaydi.

Darvoqe, saralash deganda. PFL bizdagi chempionatlar Pro-Ligaga kelib tugaydi deb o‘ylaydigan ko‘rinadi. Ikki yildan buyon Ikkinchi Liga jamoalari o‘rtasida Pro-Ligaga o‘tish o‘yinlari (xalq tilida «pulka») o‘tkazilmayotganiga yana qanday ta'rif berish mumkin? Avval barcha viloyat chempionlari o‘rtasida saralash o‘yinlari o‘tkazilar va g‘oliblar Birinchi Liga yo‘llanmasiga ega bo‘lishardi. Ikki yildan buyon bu an'anaga chek qo‘yildi va Ikkinchi Liga o‘yinlari rasmiyatchilik uchun o‘tkazilyapti. Axir o‘z divizionida g‘olib bo‘lgan jamoa keyingi mavsumda yuqori divizionga ko‘tarila olmasa, u qanday motivatsiya bilan futbol o‘ynasin? Nimaga intilsin? Aslida jamoalar mana shunday yo‘qolib ketishadi...

PFLning jamoalarga talab qo‘yayotgani juda yaxshi, shuncha yil o‘z bilganini qilgan, hech kimga hisob bermagan klublar ham ishlasin, harakat qilsin, lekin PFL sport prinsiplarini barcha narsadan muhimroq hisoblashi shart. Lisenziyalash jarayonini soddalashtirish, uni sal oldinga surish kerakdir balki. Har holda chempionat o‘z yo‘liga tushib olmasa, har yil bir xil vaqtda boshlanib, bir xil vaqtda tugamasa. Keyingi mavsumda qaysi jamoalar o‘ynashi, chempionat qanday o‘tishi oldingi mavsum yakunidayoq aniq bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi.

Aslida biror nimani rivojlantirish uchun qandaydir radikal o‘zgarish shart emas. Masalan, chempionatni. Bitta to‘g‘ri yo‘lni tanlab olish kerak va o‘sha yo‘ldan og‘ishmay boraverish kerak. Quyida barqarorlik samarasi haqida ikki og‘iz: bir inson qup-quruq cho‘pni bir tepalikka qadabdi. Unga har kuni bir vaqtda borib suv quyibdi. Odamlar bu insonning ishiga hayron qolibdi. Ajoyib kunlarning birida esa qup-quruq cho‘p ko‘karibdi. Chunki unga har kuni bir vaqtda suv quyilgandi. Xullas, tartibda gap ko‘p, azizlar...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid