O‘zbekiston | 01:15 / 15.03.2019
50373
4 daqiqa o‘qiladi

Navro‘z bayramini o‘tkazish uchun Andijon viloyatidagi korxonalar homiylikka majburiy jalb etilmoqda

Kun.uz tahririyati ixtiyoriga Andijon viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Egamberdiyev tomonidan imzolangan, kun tartibi Andijon viloyatida «Navro‘z» umumxalq bayrami tadbirlari va sayillarini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi yig‘ilish bayoni kelib tushdi.

Mazkur qarorning 6-bandi alohida e'tiborga loyiq. Unda Andijon viloyatida «Navro‘z» umumxalq bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida biriktirilgan homiy tashkilotlarning ro‘yxati keltirilgan.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Egamberdiyevga ilova bilan tasdiqlangan ro‘yxat asosida homiylar tomonidan ikki kun muddatda viloyat madaniyat boshqarmasi hisob raqamiga belgilangan mablag‘larning tushirilishini nazoratga olish vazifasi topshirilmoqda.

Ro‘yxat asosida Andijon viloyatidagi yirik ishlab chiqarish korxonalari va banklarga 10 million so‘mdan 100 mln so‘mgacha «o‘lpon» solingan. Buni O‘LPON deb atashga har qancha haqqimiz bor. Chunki homiylik yordami hech qachon muddat bilan nazoratga olinmaydi va u ixtiyoriylik asosida ko‘rsatiladi.

Eng katta o‘lpon «GM-Uzbekistan» YoAJga solinmoqda — 100 million so‘m. Banklarning 10 million so‘mdan 50 million so‘mgacha homiylik yordami ko‘rsatishi nazorat qilinmoqda. Eng qizig‘i, nafaqat davlat banklari, balki xususiy banklarga ham o‘lpon solinmoqda.

Ko‘rsatiladigan jami «homiylik» mablag‘lari 1 mlrd 414 mln so‘mni tashkil etadi. Lekin bu pullar aynan qanday tasarruf etilishiga oydinlik kiritilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-4-moddasi (Tadbirkorlik sub'yektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish)ga ko‘ra nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarini pul mablag‘lari hamda boshqa moddiy qimmatliklarni ajratish bilan bog‘liq homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish — eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin shunday harakatlar yana qayta sodir etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-4-moddasi (Tadbirkorlik sub'yektlarini homiylikka va boshqa tadbirlarga majburiy jalb etish)ga ko‘ra, eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekistonda xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun kuchga kirgani haqida xabar qilgan edik.

Andijon viloyat hokimi o‘rinbosarining bu xatti-harakati ma'muriy javobgarlik o‘laroq baholanishi mumkin. Endi Andijon viloyat prokuraturasi bu holga qanday javob qaytarishi barchamizga qiziq.

Avvalroq Andijon viloyatida hukumat qaroriga zid tarzda «navbatdan tashqari hashar» — «Ma'naviyat hashari» e'lon qilingani, so‘ngra Andijon viloyati hokimligi mazkur «Ma'naviyat hashari» qonuniy o‘tkazilganini kuchini yo‘qotgan hujjat bilan asoslamoqchi bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Shuhrat ShOKIRJONOV

Mavzuga oid