O‘zbekiston | 21:47 / 20.03.2019
20840
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda milliy kurash bo‘yicha respublika musobaqasi o‘tkazildi - g‘oliblardan biriga avtomobil berildi

Samarqand shahrida Navro‘z umumxalq bayrami arafasida milliy kurash bo‘yicha Samarqand viloyati hokimi sovrini uchun respublika musobaqasi tashkillashtirildi. Bellashuvlarda yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan 100 nafarga yaqin nomdor kurashchilar uchta vazn toifasida kurashishdi.

Musobaqaning 73 kilogrammgacha bo‘lgan kurashchilar orasida Past Darg‘om tumanidan Muhriddin Qurbonov g‘oliblikni qo‘lga kiritib, televizor va 2 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bellashuvida esa qo‘shrabotlik Muhammadali Shamsiddinov barcha raqiblarini yengib, muzlatkich va 2 million so‘m pul mukofotiga ega bo‘ldi.

Bosh sovrin – “Nexia-3” avtomashinasi uchun 90 kilogrammdan ortiq vazn toifasi finalida Samarqandlik polvonlar Bekzod Karimov va Muhammadkarim Xurramov kurashga tushishdi va M.Xurramov raqibi ustidan halol g‘alaba qozondi.

— Mazkur g‘alaba bir haftadan so‘ng Gurjiston poytaxtida o‘tadigan gran-pri turniri oldidan menga juda katta kuch bag‘ishlamoqda. Musobaqalarga tayyorlanishimda ustozim O‘ktam Rahmonovning hissasi katta bo‘ldi. Musobaqa tashkilotchilari va muxlislardan minnatdorman, — dedi M.Xurramov.

Muhammadkarimga “Nexia-3” avtomashinasi kalitini Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov topshirdi.

Musobaqa so‘ngida Samarqandda kurashni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilishi va Mustaqillik bayrami arafasida yana bir turnir tashkil etilib, unda sovrin uchun uchta avtomobil qo‘yilishi e'lon qilindi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid