Jahon | 19:36 / 22.03.2019
31063
8 daqiqa o‘qiladi

Jo‘lan tepaliklari kimga tegishli? Trampning bayonotini Isroildan boshqa hech kim ma'qullamayapti

Foto: Jalaa Marey/AFP/Getty Images

Kuni kecha Amerika prezidenti Donald Tramp AQSh uchun Isroilning Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olish vaqti kelganligini bildirdi.

U Twitter sahifasida Jo‘lan tepaliklari o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega ekanligini, Isroil davlati va mintaqaviy xavfsizlik uchun muhimligini e'tirof etdi.

Foto: Alex Wong/Getty Images

O‘z navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Trampga Jo‘lan tepaliklari ustidan yahudiy davlatining suverenitetini tan olishga tayyorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Trampning bayonoti Binyamin Netanyaxuning AQShga tashrifi va Isroilda bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida yangradi.

Jo‘lan tepaliklarining Isroilga tegishli ekanligini tan olish haqidagi mazkur bayonot boshqa mamlakatlar tomonidan salbiy qarshi olindi.

Rossiya: "Rossiya hech qachon buni tan olmaydi"

Kreml Donald Trampning bu bayonotini salbiy baholadi.

"Shubhasiz, bunday chaqiriqlar Yaqin Sharqda shusiz ham keskin bo‘lib turgan vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Har qanday holatda ham bunday fikr Yaqin Sharqda barqarorlikni ta'minlash borasidagi maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qilmaydi, buning aksi bo‘ladi", — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Foto: Mixail Metsel/TASS

U Moskva bu "shunchaki chaqiriq bo‘lib qolishiga" umid qilayotganini qo‘shib qo‘ydi.

Rossiya Jo‘lan tepaliklari Isroilga tegishli ekanligini hech qachon tan olmaydi, dedi Rossiya Federatsiya kengashi xalqaro qo‘mitasi a'zosi Oleg Morozov.

"Rossiya hech qachon buni tan olmaydi", - ta'kidladi Morozov.

Uning aytishicha, "Tramp jahon hamjamiyati va arab dunyosini gijgijlashga urinmoqda".

"Bundan uchta maqsad ko‘zlangan. Birinchisi – bu masalada AQShni nafaqat asosiy, balki yagona ittifoqchi sifatida ko‘rishi kerak bo‘lgan Isroilni o‘ziga yanada bog‘lab olish. Ikkinchi maqsad – arab dunyosini parchalab tashlash. Kimdir bo‘ysunadi va jim bo‘ladi. Bu esa uni AQShga yaqinlashtiradi va arab dunyosining bu masaladagi birligini zaiflashtiradi. Uchinchi maqsad – Suriyaga va uning Rossiya bilan hamkorligiga zarba berish", - dedi siyosatchi.

Moskva AQSh prezidenti Donald Trampning Jo‘lan tepaliklari haqidagi bayonotini mas'uliyatsizlik deb hisoblaydi, dedi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova.

Foto: Vladimir Gerdo/TASS

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, jahon hamjamiyatining asosiy vazifasi "yangi urushlar paydo qilish yoki mavjud nizolarni chuqurlashtirishda davom etish emas, balki mintaqaga barqarorlikni qaytarish va tinchlikka olib boruvchi mustahkam yo‘lga tushib olish"dir.

"Rossiya Federatsiyasi Jo‘lan tepaliklari Suriya Arab Respublikasiga tegishliligi masalasida prinsipial qarashga ega. Bu BMT Xavfsizlik kengashining 1981 yildagi 497-rezolyutsiyasi bilan tasdiqlangan. Isroilning Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini o‘rnatish to‘g‘risidagi huquqqa zid tusdagi qarori borasida fikrimiz o‘zgarmaydi", - dedi Zaxarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jo‘lan tepaliklari maqomining Xavfsizlik kengashini aylanib o‘tgan holda o‘zgartirilishi BMT qarorining to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzilishi hisoblanadi.

Yevroittifoq: "YeI fikri o‘zgargani yo‘q"

Yevroittifoq AQSh prezidenti Donald Trampning bayonotiga qaramasdan, ilgarigidek Jo‘lan tepaliklarini Isroilning hududi deb tan olmaydi, dedi YeI diplomatik xizmati vakili Mayya Kosyanchich.

"YeI fikri o‘zgargani yo‘q. Yevroittifoq xalqaro huquqqa mos ravishda 1967 yilda bosib olingan hududlar, jumladan Jo‘lan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini tan olmaydi va ularni Isroil hududining bir qismi deb ko‘rmaydi", - dedi Kosyanchich.

Arab davlatlari ligasi: "Jo‘lan tepaliklari - Suriyaning bosib olingan hududi"

Arab davlatlari ligasi Isroil bosib olgan Jo‘lan tepaliklariga nisbatan Suriyaning huquqini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi, dedi tashkilot bosh kotibi Ahmad Abul G‘ayt.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyaga tegishli Jo‘lan ustidan Isroil suverenitetining tan olinishi buning boshqalar uchun ham majburiy ekanligini anglatmaydi.

"Arab davlatlari ligasi Isroil bosib olgan Jo‘lan tepaliklariga nisbatan Suriyaning huquqini to‘laligicha qo‘llab-quvvatlaydi, bu masalada rezolyutsiyalarga asoslangan aniq qarashimiz mavjud", - dedi Abul G‘ayt.

U Jo‘lan tepaliklari xalqaro huquq, BMT, Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq Suriyaning bosib olingan hududi hisoblanishini aytdi.

Eron: "Isroil hech bir arab va islom hududi ustidan suverenitetga haqli emas"

Foto:EPA-EFE

Eron Tashqi ishlar vazirligi Donald Trampning bu bayonotini qoraladi va Isroil arablarning hech bir hududiga haqli emasligini bildirdi.

"Sionistik rejim bosqinchi rejim sifatida hech bir arab va islom hududi ustidan suverenitetga haqli emas. Bu rejimning zo‘ravonligi va bosqinchiligiga zudlik bilan chek qo‘yish zarur", - deyiladi Eron TIV vakili Bahrom Qosimiyning bayonotida.

U Trampning bayonotini Jo‘lan tepaliklari masalasiga aralashuv deb atadi hamda Amerika prezidentining bunday harakatlari BMT Xavfsizlik kengashining rezolyutsiyasi, xalqaro huquq va prinsiplarni buzish, AQSh siyosati esa tinchlikka tahdid ekanligini qayd etdi.

Xitoy: "Barcha manfaatdor tomonlar BMT rezolyutsiyalariga rioya qilishlari lozim"

Jo‘lan tepaliklari kimga tegishliligi masalasida barcha manfaatdor tomonlar BMT rezolyutsiyalariga rioya qilishlari lozim, dedi Xitoy TIV rasmiy vakili Gen Shuan.

"Bosib olingan arab hududlari, jumladan Jo‘lan tepaliklari borasida BMTning tegishli rezolyutsiyalarida aniq yozib qo‘yilgan, Xitoy barcha manfaatdor tomonlar BMT rezolyutsiyalariga, xalqaro huquqqa rioya qilishlari lozim deb hisoblaydi", - dedi diplomat.

Turkiya: "AQShning bayonoti mintaqani yangi inqiroz yoqasiga olib keladi"

Foto: EPA-EFE/TOLGA BOZOGLU

AQShning Golan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini tan olish zarurligi to‘g‘risidagi bayonoti mintaqani yangi inqiroz yoqasiga olib keladi, dedi Turkiya prezidenti Tayyip Erdo‘g‘an.

"Bu muvaffaqiyatsiz bayonot Yaqin Sharq mintaqasini yangi inqiroz yoqasiga olib keladi", - dedi Erdo‘g‘an Istanbulda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti ijroiya qo‘mitasining favqulodda yig‘ilishida.

U Isroilning Jo‘lan tepaliklarini bosib olishini qabul qilib bo‘lmasligini bildirdi.

Tramp: "AQShning hech qaysi prezidenti buni qilmagandi"

Trampning o‘zi ushbu qarorga kelish borasida uzoq o‘ylanganini aytdi.

"Men bunday qilish to‘g‘risida uzoq o‘ylandim, bu AQShning barcha prezidentlari uchun og‘ir qaror bo‘lgan, hech qaysi prezident buni qilmagandi", - dedi Tramp FOX Business telekanaliga bergan intervyusida Jo‘lan tepaliklari to‘g‘risidagi bayonoti haqidagi savolga javob berarkan.

Golan tepaliklari 1967 yilgacha Suriya tarkibiga kirgan. Olti kunlik urush davomida Isroil qo‘shinlari bu hududni bosib olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil dekabrda Donald Tramp Al-Qudsni Isroil poytaxti deb tan olgandi.

Mavzuga oid