Jahon | 16:15 / 10.12.2024
18994
6 daqiqa o‘qiladi

Jo‘lan tepaliklari Isroilga sovg‘a qilindimi?

“Tahrir ash-Shom” Isroilni dushman davlat sifatida ko‘rmasligi, Suriya nazoratida bo‘lib kelgan Jo‘lan tepaliklaridagi bufer zonani so‘nggi kunlarda Isroil bosib olganiga guruh tomonidan e’tiroz bo‘lmagani – Asad rejimi ag‘darilishidan eng asosiy manfaatdorlardan biri Isroil ekanidan darak beradi. Bu haqda siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Fazliddin Madiyev “Geosiyosat” dasturida so‘z yuritdi.

Suhbat avvalida Farhod Karimov Suriyadagi joriy holat bir necha yil davomida sodir bo‘layotgan voqealarning mantiqiy davomi ekanini qayd etdi.

“Bu voqealarni, shuningdek, Isroil va Eron o‘rtasidagi munosabatning bir ko‘rinishi sifatida izohlash ham mumkin. Bu vaziyatda arablar, Turkiya, Isroil (qisman G‘arb koalitsiyasi) va Qatarning manfaatlari uyg‘unlashdi. Suriya va Eronni kuchsizlantirish uchun birdaniga katta urush olib borish mintaqani qiyin vaziyatda qoldirgan bo‘lardi, shuning uchun bu ish ularni qismlarga ajratish orqali bajarildi. Birinchi navbatda Hamas, keyin “Hizbulloh” kuchsizlantirildi, shu vaqt ichida Islom qo‘riqchilar korpusining bir nechta generallari yo‘q qilindi”, – deydi u.

Karimovga ko‘ra, hozirda Eronga yangi va’dalar berilyapti: Eron u yerda o‘z kuchlarini yig‘ishtirib oladigan bo‘lsa va mintaqadagi vaziyatga aralashmaydigan bo‘lsa, iqtisodiyotini jahon savdosiga integratsiya qilish va sanksiyalarni yengillashtirish kabi va’dalar berilmoqda.

“Shaharlarning tez taslim bo‘lganiga asosiy sabab – Bashar Asad Arab bahoridan keyin o‘z va’dalarini bajarmagani, iqtisodiy inqiroz, xalqning turmush darajasi tushib ketgani, jinoyatchilik va siyosiy tazyiq kuchaygani bilan bog‘liq. Bularning hammasi Bashar Asadning boshqaruv qobiliyatini yo‘qotganidan darak berardi. Bu hududda Rossiya bazasi bor edi va bu muxolifatni tiyib turgan, lekin Rossiyaga Sharqiy Yevropa, Gruziya yoki Ukraina masalasida manfaatlar almashinuvi taklif qilinganga o‘xshaydi, chunki Rossiya Suriyada juda katta narsa yo‘qotdi”, – deydi Farhod Karimov.

Ushbu voqealar fonida IShID terrorchilik guruhi qayerda? Karimovning so‘zlariga ko‘ra, IShID yoki “Al-Qoida” kabi kuchlar Asad hokimiyatini ag‘darishga qaratilgan oxirgi ikki haftadagi janglarda ishtirok etmadi. Chunki ularning Isroilga bo‘lgan munosabati o‘zgarmaydi, deya izohlaydi tahlilchi.

“Tahrir ash-Shom” esa Isroilni dushman sifatida ko‘rmasligini, shuningdek, kelajakda u bilan hamkorlikda ish ko‘rishi mumkinligini ma’lum qildi. Hatto “Hizbulloh”ga qarshi harakatlari uchun Isroilga minnatdorchilik ham bildirdi. Ularning oldidagi eng katta vazifa Suriyani saqlab qolish edi, bunda Hamas va falastinliklar taqdiri ikkinchi darajali bo‘lib qoldi va G‘azoni Isroilga topshirish orqali ular Isroil qarshiligisiz Asad hokimiyatini ag‘dardi. Jo‘loniy aynan Suriyaning Jo‘lan tepaligida tug‘ilib o‘sgani uchun ham bu nomni o‘ziga taxallus sifatida olgan, shunday bo‘lsa ham bu tepalikni shunchaki Isroilga taqdim etdi”, – deb hisoblaydi Farhod Karimov.

Siyosiy tahlilchi Fazliddin Madiyev ham Asad hokimiyatining barham topishi Isroil manfaatlariga mos keladi, deb hisoblaydi.

“Boshqaruvida sunniy musulmonlar bo‘lgan davlatlar bilan Isroilning jiddiy muammosi yo‘q, lekin shia musulmonlari bilan kelisholmaydi. Shuning uchun Eronning Suriyadagi ta’siri kesishi – Isroilning g‘alabasi. Shuningdek, Turkiya ham bundan manfaatdor. Hozirda Isroil Suriyadagi operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlagani haqida eng ko‘p bayonot berayotgan davlat bo‘lib qolmoqda. Isroilning yordamisiz bu ish amalga oshmagan bo‘lardi ehtimol, ya’ni ssenariyni Isroil tuzgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Turkiya ham mazkur harakatlarni qo‘llab-quvvatlagani haqida bayonotlar bor. Bu shu vaqtgacha dushman bo‘lib kelgan Turkiya va Isroil endi bir frontda ekanini anglatadimi? Bu yerda ittifoqchilik nazariyasi bor, bunda sizning bir mamlakat bilan bog‘liq manfaatlaringiz uchinchi tomon bilan qarama-qarshi bo‘lishi mumkin, yana boshqa bir davlat borasida esa umumiy manfaat bo‘lishi ham mumkin. Hozirgi vaziyat aynan shunday. Turkiya ham atrofida muammo bo‘lishini istamaydi. U hozirda AQSh bilan ham munosabatlarini va tinchlik muhitini yaxshi saqlamoqchi bo‘lyapti.

Isroil va Jo‘lan tepaligi masalasiga keladigan bo‘lsak, Isroil Jo‘lan tepaligidan qaytib chiqmasligi aniq, agar unga bu hudud kerak bo‘lmaganida urushni boshlamagan bo‘lardi”, – deydi Madiyev.

Farhod Karimovning fikricha, “G‘azoda har bir qarich yer uchun o‘n minglab begunoh insonlar qurbon qilinayotgan bir paytda Jo‘lan tepaligi kabi o‘ta muhim strategik hudud Isroilga shunchaki tortiq qilindi”.

Ma’lumot uchun, Jo‘lan tepaliklari 1967 yilgi Olti kunlik urushda Isroil tomonidan bosib olingan. 1981 yilda Isroil ushbu hududni o‘z qonuniy hududi sifatida qo‘shib olganini e’lon qilgan, lekin bu xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan. BMT rezolyutsiyalariga ko‘ra, okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklari Suriyaning suveren hududlari hisoblanadi.

2019 yilda, Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSh Isroilning Jo‘lan tepaliklari ustidan suverenitetini rasman tan olgan birinchi va hozircha oxirgi mamlakatga aylandi.

Mavzuga oid