Ostona rasman Nur-Sulton nomini oldi
Qozog‘istonning yangi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakat poytaxti Ostonani Nur-Sulton deya qayta nomlash to‘g‘risidagi farmonini imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostona shahri — Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Nur-Sulton deya qayta nomlansin», — deyilgan farmon matnida.
Farmon e'lon qilinganidan boshlab kuchga kirgan.
U bugunning o‘zida Qozog‘iston Konstitutsiyasiga o‘zgarish kiritish haqidagi qonunga ham imzo chekkan (Qozog‘iston bosh qomusining 2-moddasida mamlakat poytaxti Ostona shahri ekanligi qayd qilingandi, poytaxt nomini o‘zgartirish uchun Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish talab etilardi).
Ostona nomini mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlash tashabbusi 20 mart kuni yangi prezident To‘qayev tomonidan bildirilgandi. U shuningdek, birinchi prezident nomini abadiylashtirish maqsadida shaharlardagi markaziy ko‘chalarga ham Nursulton Nazarboyev nomini berishni taklif qilgandi.
Parlament o‘sha kuni qo‘shma yig‘ilishda mamlakat konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartirishlarni qabul qildi.
Qayd etish joizki, Qozog‘iston qonunlari To‘qayevga Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish taklifini ilgari surish imkonini bermasdi. Shunga qaramay, Ostonani qayta nomlash uchun referendumning o‘rnini parlamentdagi ovoz berish bilan to‘ldirishni nazarda tutuvchi ko‘p yurishli kombinatsiyadan foydalanildi.
Bu o‘zgarishlar jamoatchilik noroziligini keltirib chiqardi. 20 mart kuni gopetition.com saytida poytaxtni Nazarboyev sharafiga qayta nomlamaslik talab qilingan petitsiya e'lon qilindi.
21-22 mart kunlari Ostona va Olma-otada poytaxt nomi o‘zgartirilishiga qarshi mitinglar o‘tkazildi. Guvohlarning ma'lumotlariga ko‘ra, Ostonada huquq-tartibot organlari xodimlari 60 kishini qo‘lga olishgan, Olma-otada esa 20 nafarga yaqin kishi ushlangan. Politsiya departamenti esa bu shaharlardagi mitinglar bo‘yicha rasmiy ma'lumot bermadi va odamlar qo‘lga olingani haqidagi xabarlarni izohlamadi.
Ma'lumot uchun, Ostona o‘rnidagi posyolkaga 1830 yilda asos solingan bo‘lib, u dastlab Akmolinsk deb atalgan. 1961 yilda esa bu hudud Tselinograd nomini olgan. 1992-1998 yillarda shahar nomi Oqmola deb atalgan. 1997 yilda Nursulton Nazarboyev poytaxtni Olma-otadan Oqmolaga ko‘chirgan, bir yil o‘tib shaharga Ostona (qozoq tilida poytaxt) nomi berilgan.
Poytaxtni Nazarboyev sharafiga nomlash avval ham bir necha marta siyosatchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan taklif etilgandi. Oxirgi marta 2016 yilning noyabrida qozog‘istonlik deputatlar poytaxtni Nursulton yoki Nazarboyev nomi bilan qayta nomlash tashabbusini ilgari surishgan, ammo o‘shanda prezident bunga qarshi chiqqandi.
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni o‘z vakolatlarini topshirishini ma'lum qildi. Konstitutsiyaga ko‘ra, prezidentlik lavozimi Senat spikeri Qosim-Jo‘mart To‘qayevga o‘tdi, 20 mart kuni u davlat rahbari sifatida lavozimga kirishdi. U 2020 yilning apreligacha, keyingi prezidentlik saylovlarigacha davlatni boshqaradi. 20 mart kuni To‘qayevning o‘rniga Nursulton Nazarboyevning qizi Darig‘a Nazarboyeva Senat spikeri (raisi) sifatida saylandi.
Mavzuga oid
14:01
Qibrayda Qozog‘istondan tortilgan yashirin yerosti quvuri aniqlandi
09:00
Qozog‘istonda AZAL layneri halokati versiyalariga hozircha baho berilmadi
20:58 / 26.12.2024
Katta ehtimol bilan Rossiya raketasi zarba bergan. Oqtovdagi aviahalokatning ikkinchi kuniga kelib yana nimalar ma’lum?
19:17 / 26.12.2024