Jahon | 09:30 / 24.03.2019
11629
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik vazirlar bosh vazirni lavozimidan chetlatishga kelishib olishdi – Sunday Times

Foto: Henry Nicholls / REUTERS

Buyuk Britaniyaning bir qator vazirlari amaldagi bosh vazir Tereza Meyni lavozimidan chetlatishga kelishib olishgan. Bu haqda The Sunday Times nashri yozdi.

Nashrning ma'lum qilishicha, 11 nafar katta vazir telefon orqali muloqotda Mey “beqaror siyosiy shaxsga aylangani” sababli o‘z iste'fosini e'lon qilishi kerakligi haqidagi fikrga kelishgan. Aks holda vazirlar hukumatning 25 martdagi yig‘ilishida Meyga qarshi chiqib, mamlakatning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishi jarayonini amalga oshiruvchi vaqtinchalik yetakchini tayinlashmoqchi.

Hukumat a'zolaridan birining aytishicha, vazirlar Meyning 10 kundan keyin iste'foga ketishini kutishmoqda

23 mart kuni vazirlar muvaqqat hukumatga kim boshchilik qilishi mumkinligini muhokama qilishgan. Meyga qarshi chiqayotganlarning ko‘pchiligi bu rolda Mey apparati rahbari Devid Lidingtonni ko‘rishmoqchi. Biroq nomzodlar sifatida tashqi ishlar vaziri Jyeremi Xant va atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vaziri Maykl Gouv ham bildirilgan.

Britaniya rasman Yevropa Ittifoqi tarkibidan 29 mart kuni chiqishi kerak. Biroq britaniyalik siyosatchilar hanuzgacha mamlakat Yevropa Ittifoqidan qachon va qanday ajralishi kerakligi haqidagi bir fikrga kela olishmagan. Natijada parlament Meyning kelishuv bo‘yicha taklifini ikki marta rad etdi, bu esa hukumatdagi inqirozga olib keldi.

Mavzuga oid