O‘zbekiston | 12:45 / 27.03.2019
16890
2 daqiqa o‘qiladi

1 apreldan boshlab davlat xizmatlarini istalgan DXMda olish mumkin

2019 yil 15 fevralda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida»gi qarori qabul qilindi.  

Unda 2019 yil 1 iyundan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar davlat xizmatlarini eksterritorial tamoyil bo‘yicha olishga haqliligi belgilangan.

Ma'lumot uchun, davlat xizmatlarini olishning eksterritorial tamoyili – bu fuqarolar doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan va yuridik shaxslar pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat'i nazar, istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish imkoniyati hisoblanadi.

Mazkur qulaylikni 1 iyunni kutmasdan tezroq joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligining mas'ul xodimlari tomonidan tegishli ishlar amalga oshirildi.

«Natijada yuridik va jismoniy shaxslar joriy yilning 1 aprel sanasidan boshlab barcha xizmatlar eksterritorial tamoyil bo‘yicha, ya'ni istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib xizmatlardan foydalanishlari mumkin.

Misol uchun, Toshkent shahrida faoliyat yuritishni maqsad qilgan tadbirkor Samarqand viloyatidagi markazlardan turib ham ro‘yxatdan o‘tishi mumkin. Nafaqat ro‘yxatdan o‘tish sohasida, balki Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan aksariyat xizmatlardan doimiy yashash joyidan hamda ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat'iy nazar jismoniy va yuridik shaxslar istalgan hududdagi Davlat xizmatlari markazlari orqali foydalanishlari mumkin», deyiladi Davlat xizmatlari agentligi xabarida.

Mavzuga oid