O‘zbekiston | 14:47 / 29.03.2019
30461
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya jamg‘armasi: Pensiya yoshini uzaytirish rejalashtirilmagan, ammo ish staji pensiya yoshiga bog‘lanishi mumkin

Bugun, 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi press-hollida O‘zbekiston respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi «Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta to‘lovlarini amalga oshirish» bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

Tadbir jarayonida pensiya ta'minoti bo‘yicha qator ma'lumotlar berildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yil davomida qo‘shimcha 260 ming fuqaroga pensiya tayinlangan. Umuman, respublika bo‘yicha har oyning 12-14 sanasigacha pensiyalar to‘liq moliyalanishiga erishilmoqda, buning uchun 2,3 trln so‘m mablag‘ shakllantiriladi.

Hozirgi kunda pensiya jamg‘armasini shakllantirishda ishtirok etmayotgan 9 milliondan ortiq fuqaroni jalb qilish, kelajakda ularni ham pensiya bilan ta'minlash maqsadida o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga (masalan xorijda ishlovchilar, tomorqachilik bilan shug‘ullanuvchilarga) ixtiyoriy badal to‘lab borish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Xorijda ishlovchilar yiliga EKIHning 4,5 barobari, 4 sotixdan kam bo‘lmagan dehqon xo‘jaligida faoliyat yuritgan shaxs 1 barobari miqdorida, YaTT yoki oilaviy tadbirkorlik sub'yekti oyiga 1 barobari miqdorida badal to‘lashlari zarur staj yig‘ilishiga asos bo‘ladi.

«Albatta, pensiya yoshining uzaytirilishi dunyoning ko‘plab davlatlarida kuzatilmoqda. O‘zbekistonda bugungi kunda va yaqin kelajakda bunday amaliyot rejalashtirilmagan. Ammo ish stajini pensiya yoshiga bog‘lash bo‘yicha ayrim loyihalar mo‘ljallangan. Chunki, pensiya yoshiga yetganlarning o‘rtacha staji 21 yilni tashkil qilmoqda. Yuqorida ta'kidlanganimdek, bu hali bir loyiha maqomida, aniq o‘zgarishlar kutilayotgani yo‘q», deya javob bergan Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktor o‘rinbosari Shuhrat Davronov Kun.uz muxbirining kelajakda pensiya yoshi oshirilishi ehtimoli bo‘yicha bergan savoliga.

Mavzuga oid