O‘zbekiston | 17:02 / 05.04.2019
59860
6 daqiqa o‘qiladi

Shahnoza Mirziyoyeva: «Orol inqirozidan jabr ko‘rgan mintaqaga samarali yordam ko‘rsatishimiz kerak»

4 aprel kuni Nukus shahrida «Imkon» nomli O‘zbekistondagi birinchi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur muassasa turli jismoniy nuqsonlari bo‘lgan bolalarni ijtimoiy-madaniy muhitga jalb etish, ularni maktabgacha ta'lim va sog‘lomlashtirish reabilitatsiyasi bilan ta'minlash imkonini yaratib beradi.

Ochilish marosimida Maktabgacha ta'lim vazirligi Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqib, ushbu markaz ochilishiga yordam bergan barchaga minnatdorchilik izhor etdi.

«Men bu yerga o‘zining sa'y-harakatlari bilan hissa qo‘shgan va bugun biz bilan bo‘lgan do‘stlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Keling, 2018 yil Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarini yodga olamiz, u O‘zbekiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli bo‘ldi. Ular bizning terma jamoamizga 77ta medal taqdim etdi. Biz mamlakatimiz va uning olimpiya terma jamoasi bilan faxrlanamiz! Bugun sportchilarni tadbirimizning faxriy mehmonlari sifatida qabul qilish biz uchun katta sharaf», - dedi u.

Yaqinda, Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: «Xalq maqolida shunday deyiladi: Xalq salomatligi— mamlakat kelajagi! Asosiysi, jamiyatda tinchlik va insonlar salomatligini ta'minlash. Qolgan muammolarga yechim topsa bo‘ladi».

Masalaning dolzarbligini anglagan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nogironligi bor bolalar muammosi, ularni himoya qilish, teng huquq va imkoniyatlar bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratmoqda.

Shahnoza Mirziyoyevaning ta'kidlashicha, «qayd etilgan tashabbuslar va bolalar nogironligi ortib borayotganini hisobga olib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2018 yil 16 avgustida «Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta'lim muassasasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolandi».

Bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari asosiy tadbirdan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi: «Bugun, oradan 7 oy o‘tib, biz bu ajoyib kun - «Imkon» markazimizning ochilishini nishonlash imkoniga ega bo‘ldik».

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shinning aytishicha, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. 

«Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta'minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta'lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik», - dedi vazir.

Ushbu loyihaning na O‘zbekistonda, na yaqin xorij mamlakatlarida muqobili yo‘q. Uning o‘ziga xosligi shundaki, markaz nafaqat reabilitatsiya, balki ta'lim berishga ham mo‘ljallangan. Nogironligi bo‘lgan bolalarga dastlabki bosqichlardan tezkor yordam ko‘rsatish uchun bolalar bog‘chasiga bolalarni ikki yoshdan qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Zarur stimulyatsiyaga qaratilgan yordam dasturini imkon qadar tezroq boshlash juda muhimdir. Agar bola hayotining eng dastlabki bosqichida jamiyatga moslashtirilsa, bu alohida natijalarni beradi.

Shahnoza Mirziyoyeva birinchi loyiha nega aynan Nukus shahrida amalga oshirilganini tushuntirib berdi: «Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018 yilning 1 yanvar holatiga 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 17,5 foizga oshdi. Biz Orol inqirozidan jabr ko‘rgan mintaqaga samarali yordam ko‘rsatishimiz kerak. Aynan prezident tashabbusi, uning qo‘llab-quvvatlovi bilan ushbu noyob loyiha yo‘lga qo‘yildi».

«Men loyihani yaratgan, jihozlagan, dastur yozgan, o‘qitgan, videosyujyetlar tasvirga olgan, logistika va tashkilotchilik bilan shug‘ullangan, befarq bo‘lmagan insonlarning katta jamoasiga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ko‘pchiligingiz tunlarni ham bedor o‘tkazdingiz. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun shu yerda yashadingiz. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, har biringiz shu loyihaga hissa qo‘shdingiz.

O‘tgan uch hafta, ya'ni, markazimiz bolalarga o‘z eshigini ochgan kundan hozirga qadar ijobiy natijalar yuz berganini ko‘rishdan xursandmiz - bolalarning tabassumi, ota-onalar ko‘zidagi umid va ertangi kunga bo‘lgan umidning ortib borishi. Bunday bolalarning kelajagi har birimizga bog‘liq. Keling, nogironligi bo‘lgan har bir insonga yordamlashaylik va qanot beraylik!» - deya o‘z nutqini yakunlagan Shahnoza Mirziyoyeva.

Ma'lumot uchun: Maktabgacha ta'lim vazirligi reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta'lim muassasalarini respublikaning boshqa hududlarida qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Mavzuga oid