Jahon | 20:30 / 19.04.2019
30095
4 daqiqa o‘qiladi

Yakuniy reyting: Zelenskiy Poroshenkoni qariyb uch baravar farq bilan ortda qoldirmoqda

Shoumen Vladimir Zelenskiy Ukraina prezidentligi saylovi arafasida so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra yaqqol peshqadamlik qilmoqda. «Reyting» sotsiologik guruhi ma'lumotlariga ko‘ra, Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlayotganlar amaldagi prezident Petro Poroshenkoni qo‘llab-quvvatlovchilardan uch barobar ko‘proq.

So‘rovnomaga ko‘ra, ikkinchi turda qatnashadigan saylovchilar kimga ovoz berishini aniqlab olgan: saylovchilarning 73 foizi Zelenskiy uchun, 27 foizi Poroshenko uchun ovoz bermoqchi.

Shu bilan birgalikda, Zelenskiy o‘z raqibini barcha yosh toifalarida ortda qoldirmoqda. U mamlakat sharqida, janubda va markazda ustunlik qilmoqda, g‘arbda esa ikki nomzodning pozitsiyasi bir-biriga teng baholanmoqda. So‘rovlar 12-16 aprel kunlari davomida intervyu tarzida o‘tkazilgan.

Kiyev xalqaro sotsiologiya instituti 6-16 aprel kunlarida o‘tkazgan so‘rovnomalarga ko‘ra, keyingi vaqtlarda Vladimir Zelenskiyning reytingida pasayish kuzatilgan, Petro Poroshenkoniki esa o‘sgan. 6-7 aprel kungi so‘rovnomalarga ko‘ra Zelenskiy 69,9 foizga 30,1 foiz hisobida ustunlik qilayotgandi, 15-16 aprel kunlarida bu nisbat 65,1 foizga 34,9 foiz ko‘rinishida edi.

Samolyotsiz va qarorgohsiz
Shu kunlarda Vladimir Zelenskiy «RBK-Ukraina» uchun katta intervyu berdi va saylovda g‘alaba qozonsa, nimalar qilishi bo‘yicha rejalarini bayon qildi.

Xususan, Zelenskiy ukrain xalqi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilishi, OAV faoliyatiga aralashmasligi va rossiyalik madaniyat arboblari va artistlarning Ukrainaga kirishiga qo‘yilgan taqiqlarni qaytadan ko‘rib chiqishini bildirib o‘tgan.

Prezidentlik poygasida yetakchilik qilayotgan nomzod Donbassga alohida maqom berilishiga qat'iyan qarshi chiqqan va «Donetsk xalq respublikasi» va «Lugansk xalq  respublikasi»ning qurolli tarafdorlarini amnistiya qilish haqidagi qonunni imzolamasligini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, Zelenskiy g‘alaba qozongan taqdirda, 3ta prezidentlik samolyotni sotishini va odatiy reyslarda uchishini, shuningdek, prezident korteji o‘tayotgan vaqtda yo‘llarni berkitish amaliyotiga chek qo‘yishini aytib o‘tgan. Zelenskiy prezidentlik qarorgohini bolalar oromgohiga aylantirishni taklif qilgan.

Zelenskiy  bunday qarorgohlarni kerak emas deb hisoblaydi va ularga nari borsa katta qirollar yashagan joy sifatida ekskursiya uchun kirish mumkin, xolos.

Undan «Rossiya prezidenti Vladimir Putinni o‘zingizga dushman deb hisoblaysizmi?» deb so‘rashganida shunday javob qaytardi: «Albatta!».

Ukrainadagi prezidentlik saylovining ikkinchi turi 21 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Bugun, 19 aprel kuni Kiyevdagi «Olimpiyskiy» stadionida Poroshenko va Zelenskiy o‘rtasida debat o‘tkaziladi. Debat mahalliy vaqt bilan soat 21:00da boshlanadi. 70 ming kishi uchun mo‘ljallangan stadiondagi debatga chiqarilgan chiptalarning barchasi sotilgan.

Nomzodlarning «Olimpiyskiy» stadionidagi debati avvaliga 14 aprel kuni o‘tkazilishi belgilangan, ammo bu vaqtda Parijda bo‘lgan Zelenskiy debatga kelolmagandi. Poroshenko esa jurnalistlar bilan suhbatlashgan, o‘z raqibini «qopdagi mushuk» deb atab, Ukraina xalqini «haqiqiy prezident va qo‘mondon»ga ovoz berishga chaqirgandi.

Mavzuga oid