Sport | 17:48 / 22.04.2019
32493
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yana uch bokschi Osiyo chempionatini chorak finaldan tark etdi

Shunqor Abdurasulov / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Boks bo‘yicha Osiyo chempionatining to‘rtinchi kuni doirasidagi kechki dastur bahslari o‘zbekistonlik bokschilar uchun omadsiz kechdi. Erkaklar o‘rtasidagi janglarda O‘zbekiston terma jamoasining ketma-ket uch vakili mag‘lubiyatga uchradi.

Dastlab Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov (-52) prinsipial raqibi hindistonlik Amit Pangaldan mag‘lub bo‘lib, musobaqani chorak finaldan tark etdi. Shundan so‘ng Shunqor Abdurasulov (-64 kg) va Dilshod Ro‘zmatov (-81 kg) mos ravishda iordaniyalik Muhammad Alkasbex hamda qozog‘istonlik Bek Nurmaganbet bilan janglarda mag‘lubiyatga uchrab, turnirdagi ishtirokini yakunladi.

 

Dilshod Ro‘zmatov va Bek Nurmaganbet / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Avvalroq, kunduzgi dasturda -49 kg vazn toifasi vakili Nodirjon Mirzaahmedov chorak finalda laoslik Xampxouvan Xamsatonega qarshi ringga ko‘tarilib, ochkolar hisobiga raqibini mag‘lub etgandi. So‘ngra Mirazizbek Mirzaxalilov (-56 kg) mezbon - tailandlik Chatchai Budte bilan jang qilib, u ham yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Nodirjon Mirzahmedov va  Xampxouvan Xamsatone / Foto: O‘zbekiston boks federatsiyasi

Shuningdek, ayollar o‘rtasidagi bahslarda Yodgoroy Mirzayeva (-57 kg) va Shahnoza Yunusova (-69 kg) o‘z janglarida mos ravishda tojikistonlik Mijgona Samadova va yaponiyalik Makoto Kikuchini yengib, yarim finalga chiqishgan bo‘lsa, -81 kg vazn toifasi vakili E'zoza Meliyeva xitoylik Lina Vangdan mag‘lubiyatga uchradi.

Shu tariqa, Nodirjon Mirzaahmedov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Yodgoroy Mirzayeva va Shahnoza Yunusova yarim final yo‘llanmasi orqali kamida bronza medallarini naqd qilishdi. Hasanboy Do‘smatov, Shunqor Abdurasulov, Dilshod Ro‘zmatov va E'zoza Meliyeva chorak finaldan ortga qaytadigan bo‘ldilar. Eslatib o‘tamiz, bu safargi qit'a birinchiligi shu yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘llanma bermaydi.

Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tayotgan Osiyo chempionati 26 aprelgacha davom etadi.

Mavzuga oid