O‘zbekiston | 14:45 / 23.04.2019
5497
5 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro aviatsiyasi agentligi, «O‘ztemiryo‘lnazorat» va «O‘zyo‘linspeksiya»ning asosiy vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi, Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi va Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, agentlik fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiyada havo kemalari parvozlarining xavfsizligini, shuningdek, noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilishni ta'minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi aviatsiya ma'muriyati funksiyasini amalga oshiruvchi davlat organi hisoblanadi.

Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:

havo hududidan foydalanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi havo hududidan xavfsiz foydalanishlari, parvozlar insonlar sog‘lig‘i va hayotiga, atrof-muhitga hamda davlat manfaatlariga xavf solmagan holda amalga oshirilishini ta'minlash, o‘z vakolatlari doirasida havoda harakatlanishga xizmat ko‘rsatish tashkil etilishini va O‘zbekiston Respublikasining havo hududidan foydalanishni nazorat qilish;

O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi va uning obektlarining xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini, shuningdek, aviatsiyani noqonuniy aralashish harakatlaridan himoya qilish choralarini amalga oshirish orqali havo kemalari yo‘lovchilari hamda ekipaj a'zolarining hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta'minlash;

parvozlar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha fuqaro aviatsiyasi faoliyati sohasidagi sertifikatlash ishlarini tashkil etish va ta'minlash;

fuqaro aviatsiyasi va eksperimental aviatsiya faoliyati sohasida davlat nazoratini olib borish;

xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi manfaatlarini ifoda etish.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi poyezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida chora-tadbirlar ishlab chiqish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish funksiyalarini bajaruvchi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda temir yo‘l transporti sohasida faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlar tomonidan temir yo‘l transporti sohasidagi harakat xavfsizligini ta'minlashga oid belgilangan qoida va normalarga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi, shuningdek, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti tashkilotlari va korxonalarida qozonxona obektlari va ko‘tarish inshootlaridan xavfsiz foydalanishni nazorat qiluvchi davlat boshqaruvi organi.

Quyidagilar "O‘ztemiryo‘lnazorat" inspeksiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi ta'minlanishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish;

temir yo‘l transportida foydalaniladigan mahsulotlarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nazoratini amalga oshirish, shuningdek, ularni sertifikatlashdan o‘tkazishni tashkil etish;

temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi sohasida hamkorlikni amalga oshirish va xalqaro tashkilotlarda Transport vazirligi manfaatlarini ifoda etish.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, "O‘zyo‘linspeksiya” yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘llari va sun'iy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash, shuningdek, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablari bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Quyidagilar “O‘zyo‘linspeksiya”ning asosiy vazifalari hisoblanadi:

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan avtomobil yo‘llari va suniy inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va saqlash, shuningdek, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini nazorat qilish;

qurilishi tugallangan yo‘l obektlarini foydalanishga qabul qilish komissiyalarining ishida ishtirok etish;

yo‘l qurilishi bo‘yicha shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishining nazoratini tashkil qilish sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritish va unda ishtirok etish;

yo‘l qurilishi materiallari, buyumlari va konstruksiyalarni qonun hujjatlariga muvofiq standartlashtirish va sertifikatlashtirish ishlarini amalga oshirish;

avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning murojaatlariga asosan yo‘l obektlarining sifat ko‘rsatkichlarini belgilash.

Mavzuga oid