Jamiyat | 16:25 / 10.05.2019
73811
7 daqiqa o‘qiladi

IIV Izboskan tumanida yuz bergan hodisa yuzasidan bayonot bilan chiqdi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Uy egalari uyini buzishga kelganlarni toshbo‘ron qildi va buzilishlarga o‘z tanasi bilan to‘sqinlik qildi. Oxiri katta janjal bilan tugadi” nomli videolavha tarqaldi. U Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qilmoqda.

Xabarda aytilishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining 2017 yil 21 dekabr kuni da'vogar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, Madrasa ko‘chasidagi uyda yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan K.M.ni, javobgar Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, M.Boltaboyev ko‘chasidagi uyda yashovchi fuqaro M.O. va boshqalarga nisbatan “O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni buzdirish, noqonuniy egallab olingan yer maydonini da'vogarga qaytarish, javobgarlarni majburiy tartibda ko‘chirish, meros mulkini natura holda undirish haqida”gi da'vo arizasi bo‘yicha yuritilgan fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan.

Sudning 2018 yil 11 yanvar kuni hal qiluv qarori va shu kuni ijro varaqasiga ko‘ra, nizoli Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini, Oydinhayot (sobiq M.Boltaboyev) ko‘chasida 1.389 kv.m, yer maydonida joylashgan uyga javobgar M.O. tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan 0001-literli uy-joy, 0002-literli ayvon va 0003-literli bostirma qurilmalari javobgar hisobidan majburiy tartibda yoki da'vogar tomonidan buzdirilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 89-moddasiga muvofiq, sud ijrochisining sud ijro varaqasi yuzasidan bo‘lgan talablarni O‘zbekiston Respublikasidagi fuqarolar, barcha davlat idoralari va boshqa mansabdor shaxslar bajarishga majburligi, shunga ko‘ra, sud bu ishga aloqador bo‘lgan barcha mansabdor shaxslardan va fuqarolardan sud qarorlarini aniq va o‘z vaqtida bajarishlarini va sud qarorlarini bajarayotgan sud ijrochilariga qonuniy yordam ko‘rsatishlari talab etilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi Izboskan tumani bo‘limining 2019 yil 2 may kungi ijroni amalga oshirish haqidagi 9899-sonli xatiga asosan, FIB Izboskan tumanlararo sudining 2018 yil 11 yanvar kungi hal qiluv qarori va ijro varaqasi ijrosini ta'minlash maqsadida 2019 yil 4 may kuni soat 11.00da Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘inida joylashgan noqonuniy qurilmani buzdirish tayinlangan.

Sudning ijro varaqasi ijrosini ta'minlashga mas'ul bo‘lgan sud ijrochilari N.Ahmadjonov, Izboskan tumani Tibbiyot birlashmasi xodimi X.Hoshimov, YoXB o‘chiruvchisi I.Rasulov, “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini raisi X.Hakimov, mahalla fuqarolari yig‘ini kotibasi D.Xolmirzayeva, mahalla fuqarolari yig‘ini mutaxassisi Sh.Xolmatova, tuman IIB 14-sonli Ichki ishlar bo‘linmasi boshlig‘i mayor T.Hasanov, profilaktika inspektorlari leytenantlar U.Gopporov, U.Qurbonov va A.Ibragimov, profilaktika inspektori yordamchilari M.Ne'matjonov va X.Adhamjonovlar 2019 yil 4 may kuni soat 11.00da Izboskan tumani “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolari yig‘ini Oydinhayot ko‘chasidagi noqonuniy qurilgan xonadonda yashovchi, oilali, 4 nafar farzandi bor, mavsumiy ishchi 1975 yilda tug‘ilgan M.O.ning yashash xonadoniga tashrif buyurishgan. 

Fuqaroga sudning hal qiluv qarori va ijro varaqasi o‘qib eshittirilib, ijrosini ta'minlash uchun xonadonni bo‘shatib qo‘yishlari to‘g‘risida tushuntirilishiga qaramasdan, javobgar M.O. va uning turmush o‘rtog‘i M.B. sud qarori ijrosini amalga oshirilishiga faol qarshilik ko‘rsatishgan, deyiladi IIV xabarida.

Bildirilishicha, jamoatchilik oldida baqir-chaqir qilib, uyatli so‘zlar bilan tadbirga jalb etilgan mas'ullarni haqorat qilishgan va qo‘liga tosh olib, noqonuniy qurilgan uyni buzishga jalb etilgan maxsus traktor oynalariga qarata otishgan. Sud ijrochilari va tuman IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganliklari uchun profilaktika inspektori leytenant U.Qurbonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2017 yil 15 martdagi 55-sonli buyrug‘i talablari asosida xonadon egasi O.M.ga nisbatan qo‘l kishani solinib, bu haqida tuman IIB boshlig‘i nomiga bildirgi orqali axborot berilgan.

Tadbir davomida fuqaro O.M. va uning turmush o‘rtog‘i B.M. tomonidan sud ijro varaqasi ijrosini ta'minlashga to‘sqinlik qilganliklari va sud ijrochilari hamda IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlik holatlari bo‘yicha surishtiruv hujjatlari olib borildi. To‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqishlik uchun tuman prokuraturasiga yuborildi.

Yuqorida qayd etib o‘tilgan jarayonni fuqaro O.M.ning qo‘shnilari X.F. va S.N. mobil telefoni yordamida videotasvirga olganligi aniqlandi.

Tadbir davomida ushbu holatni videotasvirga olgan, 1991 yilda tug‘ilgan, turmushdan ajrashgan, 1 nafar farzandi bor, Izboskan tumani Oydinhayot ko‘chasida yashovchi, Andijon ruhiy-asab kasalliklari dispanserida hamshira vazifasida ishlovchi X.F. o‘zini Majburiy ijro byurosi xodimlari urib tan jarohati yetkazganligini ma'lum qilib, tuman Tibbiyot birlashmasi ShTYoBga murojaat qilgan.

Mazkur holat tuman IIBda 2019 yil 4 may kuni ro‘yxatdan o‘tkazilib, hozirda tuman prokuraturasi tergovchisi A.Abdumalikov tomonidan M.O. va uning turmush o‘rtog‘i M.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 194-moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, 2019 yil 10 may kuni sud muhokamasiga taqdim qilingan, deya yakunlanadi IIV xabari.

Mavzuga oid