Light | 00:37 / 28.05.2019
29487
4 daqiqa o‘qiladi

Soat 18:00 dan keyin yeyish mumkin bo‘lgan 5 mahsulot

Kechki payt soat 18:00 dan keyin kim ham muzlatgichga ko‘z qirini tashlashni istamaydi deysiz? Ko‘pincha bari oddiygina: «Choy bilan nima yesam bo‘lar ekan?» dan boshlanadi. Va kolbasali buterbrod va qalin kremli tort bilan yakunlanadi.

Bunday kechki paytlar qanday yoqimli… Ayniqsa, kun juda qiyin o‘tgan bo‘lsa. Biroq bunday huzurning to‘lovi bor. Muntazam yengil uglevodlar iste'mol qilib, yog‘ yig‘ilishiga katta hissa qo‘shish mumkin.

Foto: Shutterstock

Yaqinda parhezshunoslar soat 18:00 dan keyin iste'mol qilish mumkin bo‘lgan taomlar ro‘yxatini ma'lum qilishdi. Mutaxassislar kechki ratsion mahsulotlari to‘g‘ri tanlansa, parhez shart emasligini aytishgan. Bunday mahsulotlar uyqu sifatini oshiradi va tarozi millarini o‘ng tomonga harakatlantirmaydi. Layfxaker ana shunday mahsulotlar ro‘yxatini taqdim etadi.

Qora shokolad

Ko‘pincha bu mahsulot ma'n etilganlar ro‘yxatidan joy oladi. Bu umuman bekor gap. Chunki shokoladli batonchalar va qora shokolad o‘rtasida katta farq bor. Qora shokolad tarkibida shakar miqdori minimal darajada bo‘ladi. Shirinlikning bu turi tezda ozishga hissa qo‘shadi va xolesterin darajasini normaga keltiradi.

Sho‘rva

Bu taomni ro‘yxatda ko‘rishga umid qilmaganingiz aniq! Shunga qaramay, uni kechki payt uxlashdan oldin iste'mol qilish mumkin. Gap shundaki, har qanday iliq suyuqlik kishini tinchlantiradi. Agar kechki payt issiq choy bilan ochlikni yenga olmaslikni his qilsangiz, oz miqdordagi sho‘rva iching. Tovuq va sabzavotli sho‘rva mos keladi.

Yodingizda bo‘lsin: yotishdan oldin no‘xat, loviya va chechevitsali sho‘rva ichish yaramaydi. Bu behalovat uyquga sabab bo‘lishi mumkin.

Bodom

Kechki payt biror narsa yeyishni istasangiz, oz miqdorda bodom yeyish mumkin. Bir hovuch bodom tungi ochlik hissini bosadi.

Ozishni istaydiganlar bodom iste'mol qilishdan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. 2012 yilda  American Journal of Clinical Nutrition jurnalida e'lon qilingan natijalarga ko‘ra, mahsulot qo‘shimcha vazn to‘plashga sabab bo‘lmaydi.

Qovoq urug‘i

Agar kechki payt popkorn va chips yeyishni istasangiz, zudlik bilan zararli yeguliklarni ko‘zdan yashiring. Buning o‘rniga qovoq urug‘ini chaqing.

Bu mahsulot tungi ochlikni yengadi, shuningdek uyquga tayyorlanishda yordam beradi. Ma'lumki, qovoq urug‘i magniyga boy, bu esa chuqur va xotirjam uyqu uchun juda muhim.

Guruch

Parhezshunoslar guruch asosidagi parhez uyqusizlik paydo bo‘lishi ehtimolini 46 foizgacha pasaytirishini aytishgan. Guruch yuqori glikemik indeksga ega mahsulot sanaladi. Bu esa triptofan va melatonin ajralishi sur'atiga ta'sir qiladi. Aynan shu gormonlar sifatli uyqu uchun juda muhim.

Yana shuni ham yodda tutish kerakki, ayrim hollarda chanqoq hissi kuchli ochlik ortiga yashiringan bo‘lishi mumkin. Bir stakan suv yoki yaxshisi zanjabilli choy ichib ko‘ring.

Sizga yoqimli tushlar va go‘zal qomat tilaymiz.

Mavzuga oid