Jamiyat | 15:00 / 02.06.2019
8300
3 daqiqa o‘qiladi

Shofirkonda ziyoratchilar uchun ilk mehmonxona ishga tushdi

Bugun Buxoroda yetti pirning muqaddas qadamjolarini yanada obod qilishga qaratilgan ishlar avjida. Ularning maqbaralari qayta ta'mirlanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilyapti. Sayyohlar uchun mazkur hududlarda mehmonxonalar, choyxonalar, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etilyapti.

Ziyoratgohlarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘llar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma shakllantirish, muhtasham madaniy obektlar qurilib, transport-logistika, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash ustida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Shofirkon tumanida joylashgan Xoja Orif Revgariy majmuasi tarkibiga kiruvchi «Poykent Bukhara» mehmonxonasi ana shunday obektlardan biridir, deb xabar beradi Kun.uz’ga Buxoro viloyat hokimligi apparati matbuot xizmati.

Zamonaviy va milliy me'morchilik andozalari asosida bunyod etilgan mehmonxona halqimizning bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyatidan dalolat beradi. Umumiy qiymati 4,5 mlrd so‘mga teng yangi majmua tadbirkor Komil Ro‘ziyev tashabbusi bilan bunyod etilgan inshootlarning to‘rtinchisi sanaladi. U o‘ziga xos dizayni, qulay sharoit va imkoniyatlari bilan tashrif buyuruvchilarga manzur bo‘lmoqda.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Mehmonxona bir vaqtning o‘zida 68 kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Shuningdek, bu yerda kitob do‘koni, hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari savdo qiluvchi supermarket, majlislar zali singari inshootlarga ham alohida o‘rin ajratilgan.

Mehmonxonaning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat va tuman hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, sayyohlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Unda so‘z olgan viloyat hokimi O‘.Barnoyev mamlakatimizda sayyohlik sanoati sub'yektlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilayotganini, tarmoqning yangi salohiyatli turlari, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishga e'tibor kuchayganini alohida ta'kidladi. Buxorodagi yetti pir ziyoratgohlarini obod etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bu qadimiy makonda turizm industriyasini rivojlantirishga yo‘l ochishini qayd etdi.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Ma'lumot o‘rnida aytish joizki, shu kuni mehmonxonaga yondosh hududda 200 o‘rinli «Nuroniylar choyxonasi» ham faoliyat boshladi. Shuningdek, Vobkent tumanidagi Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohida ham yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi.

Mavzuga oid