Jamiyat | 08:36 / 08.06.2019
8120
4 daqiqa o‘qiladi

O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas: Narpayda o‘z uyida nasha ekkan giyohvandfurush qamaldi

Xalqimizda «Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi», degan naql bor. Jamshid Haydarov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) muqaddam jinoyatni sodir etganlikda aybli topilib, unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanilgan va jazodan ozod qilingandi. Biroq, o‘ziga ko‘rsatilgan muruvvatdan u saboq chiqarmagan ekan.

Keyingi gal Jamshid insonning shirin hayotiga tahdid soluvchi, sog‘lig‘iga putur yetkazuvchi giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdek qaltis jinoyatiga qo‘l uradi. Jinoyat kodeksining 273-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan ayblanib, sudning 2007 yil 1 mart kungi hukmi bilan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi. J.Haydarovning oilaviy sharoiti inobatga olinadi, voyaga yetmagan farzandlari hamda qaramog‘ida keksa ota-onasi borligi uchun qonunlarimiz unga muruvvat ko‘rsatadi. Tayinlangan jazo shartli hukmga almashtirilib, uch yil muddatga sinov belgilanadi.

Jamshid Haydarovning sudlanganlik holati 2010 yilning 1 mart kuni tugallangan. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qiyin ekan. Jamshidning jinoyatga moyilligi suvning pufagidek yana yuzaga chiqdi.

Yaqinda Narpay tumani «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘ini binosida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida sudlanuvchi J.Haydarovning Jinoyat kodeksi 270-moddasi 1-qismi (Giyohvandlik moddasini yetishtirish) va 25, 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari va ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazishga suiqasd)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikdagi qilmishi mahalladoshlari ishtirokida mazmunan ko‘rib chiqildi.

Jamshid hovlisida uzum toki orasida gultuvakda marixuana giyohvandlik vositasini ekib, parvarishlagan. Ichki ishlar xodimlari J.Haydarovning uyida xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazishganda sellofan paketda qog‘ozga qadoqlab solingan quruq holda sof og‘irligi 1,37 gramm va molxona ayvonining ustunidagi mixga ilingan sellofan paketda yana 68 gramm giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Sudda J.Haydarov giyohvandlik moddasini o‘zi iste'mol qilish maqsadida yetishtirganligi, sotib o‘tkazish yoki biron kishiga berish maqsadi bo‘lmaganligini qayta-qayta aytdi. Afsuski, ekspertiza xulosasi sudlanuvchining vajlarini rad qildi. Chunki yetishtirilgan giyohvandlik moddasi ko‘p miqdorni tashkil qiladi. Bu hol uning bir kishi tomonidan iste'mol qilinishini istisno etadi. Moddalar muayyan o‘lchamda qadoqlangan, tashish yoki jo‘natish uchun yashirib qo‘yilgan. Ularni tayyorlash uchun J.Haydarovning uyida asbob-uskunalar mavjud. J.Haydarovning o‘zi esa ekspertizaning xulosasiga ko‘ra giyohvand emas.

Sudlanuvchining o‘rinsiz bahonalari o‘tmadi, — deb ma'lumot beradi Kun.uz’ga jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tuman sudining raisi Ilhom Qoraboyev. —Jinoyatdan tiyilmagan J.Haydarov sodir etgan ushbu jinoiy qilmishi uchun besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid