Jamiyat | 14:50 / 14.06.2019
8406
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri: Donorlikda tibbiyot xodimlari ham faol va tashabbuskor bo‘lishi lozim

Har kuni dunyo bo‘yicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lib, ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘makdir.

Joriy yilning 14 iyun kuni Respublika qon quyish markazida «14 iyun — Butunjahon donorlar kuni» munosabati bilan «Hamma uchun xavfsiz qon» shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ishtirok etib, beg‘araz donorlikning mazmun-mohiyati haqidagi so‘zladi.

«Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o‘z sog‘ligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida ma'lumotga ega bo‘lib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning 70ta davlatida qon zaxirasi ko‘ngilli donorlik hisobiga yig‘iladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60tadan qon topshirish kerak bo‘ladi. Bizning yurtimizda esa har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 4,8tani tashkil etmoqda. Ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirishda, avvalo, biz tibbiyot xodimlari faol va tashabbuskor bo‘lishimiz, donorlikning ahamiyatini aholiga muntazam tushuntirib borishimiz lozim bo‘ladi», —  deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Ko‘ngilli donorlik targ‘iboti birgina Respublika qon quyish markazi yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechog‘li muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira bo‘shab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, ko‘ngilli donorlikka munosabat o‘zgaradi.

Tadbir doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari ham shu yerda donor sifatida qon topshirishni boshlab berdi va nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholini ham donorlikda faol bo‘lishga chorladi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, donorlikning ma'lum talablari bor, bular: qon topshirishdan bir kun oldin donor yetarlicha dam olishi, tiniqib uxlashi kerak. Kechki ovqatga yog‘li taom iste'mol qilinmasligi tavsiya etiladi (qon tahliliga ta'siri bor). Ertalab yengil nonushta qilishi kerak. Qon topshirishga kelgan donor, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qondagi gemoglobin miqdori aniqlanadi.

Yana bir e'tiborli jihati, o‘z qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bag‘rikeng va saxiy insonlar uchun «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Qon xizmatlarida olinadigan qon miqdori organizmdagi umumiy qon miqdorining 10 foizini tashkil qiladi, ya'ni 350-400 millilitr. Organizm yo‘qotgan suyuqlik o‘rnini 36 soat ichida tiklab oladi.

«Butunjahon donorlar kuni arafasida, barcha hududlarda ko‘p yillar beg‘araz qon topshirib kelayotgan donorlar va donorlik harakatida ishtirok etuvchi insonlarni rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tantanalar mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkaziladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid