Jamiyat | 02:50 / 11.07.2019
6890
2 daqiqa o‘qiladi

Dalalardagi alanga tabiatga zarar yetkazmoqda

Foto: KUN.UZ

Toshkentdan Bekobod shahri tomon ketadigan katta avtomobil trassasi bo‘ylab yastangan g‘alla dalalarining yoqilishi oqibatida chiqqan achchiq qora tutun shu atrofdagi hali uchirma bo‘lmagan polaponlari bo‘lgan laylak uyalarini ham qamrab oldi. Bu haqida XXI asr gazetasi yozmoqda.

Guvohlarning xabar berishicha, trassa bo‘ylab oltita dalani yoqish holati kuzatilgan. Tutundan shu atrofdagi laylaklar bezovta bo‘lgan, ularning chinqirig‘i eshitilgan.

Ekologik partiya Markaziy Kengash Ijroiya qo‘mita raisi o‘rinbosari Islom Xushvaqtovning bayon etishicha, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismida dala va aholi punktlarida somon poyalari, xazon yoki shox-shabbalarni, o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelsa, fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorida jarima solinishi belgilangan. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, to‘lanadi.

─ Jarimalar miqdorini oshirish kerak, chunki jarima oz bo‘lgani uchun fermerlar oldindan jarimani to‘lab, yoqishda davom etishi holatlari kuzatilmoqda. Bunday nojo‘ya ishlar asosan tunda amalga oshiriladi, vaholanki, yerni namlab shudgor qilsa, tabiatga bu darajada katta zarar yetkazilmasdi, ─ deydi Ekologik partiya axborot xizmati rahbari Erkin Omonov.

Mavzuga oid