O‘zbekiston | 18:13 / 24.05.2022
17667
3 daqiqa o‘qiladi

Bekobod shahri hokimi o‘zgardi. Sobiq hokim ishdan ketayotganini ijtimoiy tarmoq orqali xabar qilgandi

Qurilish vazirining sobiq o‘rinbosari Nasrullo Boboyev Bekobod shahrining yangi hokimi bo‘ldi. Bu lavozimni 2017 yildan buyon egallab kelgan Zafar Fayzullayev 12 may kuni feysbukdagi sahifasida bekobodliklar bilan xayrlashgandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Nasrulla Boboyev Toshkent viloyati Bekobod shahriga hokim etib tayinlandi. 

N.Boboyev 1985 yilda Bekobod shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2005 yilda Toshkent arxitektura va qurilish institutini bakalavr (kunduzgi), 2007 yilda mazkur oliygohning magistrligini (kunduzgi) tamomlagan.

U 2021 yil martidan qurilish vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2022 yil 23 mayida boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilgandi.

Nasrulla Boboyev / Toshkent viloyati hokimligi

Ma’lumot uchun, Bekobod shahrining avvalgi hokimi Zafar Jorullayevich Fayzullayev bu lavozimda 2017 yil iyunidan buyon ishlab kelayotgandi. Unga 2020 yil avgustida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligi munosabati bilan «Do‘stlik» ordeni berilgandi.

2022 yil 12 may kuni u feysbukdagi sahifasi orqali lavozimini tark etganini ma’lum qilgandi.

«Hurmatli hamshaharlar, do‘stlar. Bugun mening Bekobod shahar hokimi sifatida vakolatim yakuniga yetdi.

Bu buyuk shaharga rahbar etib tayinlaganlari uchun hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga cheksiz hurmatimni va minnatdorligimni bildiraman. Shu 5 yil davomida hurmatli Prezidentimiz doim o‘z mehrlarini Bekobod shahriga va uning mehnatkash aholisiga bildirib keldilar. Qilingan ishlarni sanab chiqsak, qog‘ozlar tom-tom bo‘lib ketadi.

Men barcha bekobodliklarga hurmatimni bildirib, ularning hayotlarida omad va saodat tilayman.

Men ham qo‘limdan kelgancha sizlar bilan ishlab, yashab, shu yerning suvini ichib, havosidan nafas olib, tuzini yeb, faoliyat ko‘rsatdim. Barchangizga sihat-salomatlik, omad tilayman. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarim uchun sizlardan uzr so‘rayman. Xayr!» – deya yozgandi sobiq hokim.

Qariyb besh yil davom etgan hokimlik faoliyatida Toshkent viloyatining qator rahbarlari bilan ishlagan Zafar Fayzullayev lavozimini nega tark etgani va uning keyingi faoliyati ma’lum emas. Kun.uz muxbiri manbasiga ko‘ra, uning ketishi viloyatning hozirgi hokimi Zoir Mirzayev bilan munosabati buzilishi ortidan ro‘y berdi.

Mavzuga oid