O‘zbekiston | 20:50 / 19.07.2019
144678
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘mita raisi o‘rinbosari: «Kolbasa aslida qanday tayyorlanishini bilsangiz, uni yemaysiz»

Bugun, 19 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida OAV xodimlari uchun ochiq muloqot tashkil qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unda “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 18 martdagi Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan ma'lumot berildi, shuningdek, jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga qo‘mita mutasaddilaridan javob olishdi.

Tadbir davomida bir muddat avval Rossiyadagi kolbasa ishlab chiqaruvchi zavodlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda halol sertifikatiga ega bo‘lishiga qaramasdan ularda cho‘chqa yog‘i qo‘shilishi aniqlangani, O‘zbekistonda bu borada holat qandayligi masalasida savol berilgan.

Savolga qo‘mita matbuot xizmati rahbari Anvar Suyunov shunday javob bergan:

«Kolbasaning tayyorlanishi haqida ozroq tushuncha beray. Kolbasaning o‘z markalari bor. Masalan, «Lyubitelskaya», «Doktorskaya». «Lyubitelskaya» kolbasasida go‘sht miqdori 35% bo‘ladi. Bunda qolgan 65%ni oqsilbop dukkakli mahsulotlarning uni tashkil qiladi. Masalan, mosh, no‘xat, yasmiq, soya. Har bir kolbasa markasida go‘shtning necha foizligi yozib qo‘yiladi.

«Oxotnichaya» kolbasasida, masalan, 72% go‘sht bo‘ladi. Tabiiyki, uning bir kilosi narxi taxminan 100 ming so‘m turadi. Boshqa turdagilariniki esa arzonroq. Siz savolingizda kolbasa tarkibida boshqa narsalar, masalan, qog‘oz, karton, sellyuloza bo‘lishiga shama qilayotgan bo‘lishingiz mumkin. Yo‘q, hammasi tabiiy toza mahsulot».

«Avvalo, kolbasa mahsulotlari sifatini tekshirish, ularga sertifikat berish bu «O‘ZSTANDART» agentligining ishi», deya javobni to‘ldirdi  O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abror Akbarov. 

«Kolbasa qayta ishlanuvchi mahsulot hisoblanadi. Uni aslida qanday tayyorlanishini bilsangiz, uni yemaysiz. O‘zi shunaqa narsa, kolbasa», deydi u.

Qo‘mita vakilining aytishicha, kolbasaga go‘sht bozordan yetkazib beriladi va bunda har xil noqonuniy holatlar uchrashi mumkin.

 «Besh qo‘l baravar emas, noqonuniy holatlar ham uchraydi. Biz ana shunday noqonuniy holatlarning oldini olish uchun Karantin xizmati bilan tegishli joylarda reydlar uyushtirmoqdamiz. Bunda noqonuniy sex tashkil qilgan shaxslar bo‘yicha ham alohida ishlar olib borilmoqda», deydi Akbarov.

Mavzuga oid