O‘zbekiston | 17:44 / 30.04.2019
18861
4 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: kolbasa mahsulotlari bo‘yicha nohalol raqobat holati bartaraf etildi

Foto: AFP

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga kelib tushgan, “SHERIS RENT GROUP” MChJning nohalol raqobat holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atish so‘ralgan murojaatiga binoan ushbu kompaniya qonunchilikda belgilangan tartibda Tovar va xizmatlarning xalqaro klassifikatori bo‘yicha 29-sinfga mansub mahsulotlarga (kolbasa mahsulotlari) tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikkita MChJ va bitta XK tomonidan ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan kolbasa mahsulotlarining o‘ramida “SHERIS RENT GROUP” tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida aynan o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanganliklari ma'lum bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk Agentligi ma'lumotiga ko‘ra, ikkita MChJ va bitta XK o‘z mahsulotlarida foydalanayotgan belgilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Agentlikka murojaat qilmaganlar. Ko‘rsatilgan tashkilotlarning mahsulotlaridagi belgilar bo‘yicha o‘tkazilgan qiyoslov tahliliga ko‘ra, ular “SHERIS RENT GROUP” MChJ tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida bir xil ekanligi aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi birinchi qismi, uchinchi xatboshisiga ko‘ra yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan tovarni xo‘jalik yurituvchi sub'yektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan o‘xshash bo‘lgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, o‘rovlarda joylashtirish yo‘li bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga o‘zgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yo‘li bilan, shuningdek ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda savdoni amalga oshirish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Qayd etilganlarga asosan, qo‘mita tomonidan MChJlar va XKga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi birinchi qismi, uchinchi xatboshisi talablarini buzilishi belgilari bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. 

O‘rganishlar natijasida, ushbu talablar buzilgan deb topildi va ularga “SHERIS RENT GROUP” MChJga tegishli bo‘lgan tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan belgilardan foydalanib kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqarishni to‘xtatish, ushbu belgilar tushirilgan kolbasa mahsulotlari o‘ramini yo‘q qilish va  kelgusida bunday qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid